Toshkentlik 22 yashar kompyuter muhandisi Sherzod Ozodlik bilan suhbatda engil kayf beradigan «apteka narkotiklariga» o‘rganib qolganini gapirib berdi. Sherzodning aytishicha, u Toshkent aptekalaridan va ko‘chadan bemalol sotib olish mumkin bo‘lgan «Lirika» yoki «Tramadol» dorisini ichib "kayf qilishga o‘rganib qolgan". Sherzodga ko‘ra toshkentlik o‘spirinlar orasida, ayniqsa, «Lirika» tabletkasi keyingi paytda ommalashgan.
Ozodlik «Lirika» ga berilgan yana bir toshkentlik yigit bilan ham gaplashdi. Me’morlik bilan shug‘ullanadigan 27 yashar Bahodirning ishonishicha, qimmat narkotik¸ hususan ekstaziga pul yetmagan o‘spirinlar «Lirikani» tanlamoqda:
-Lirikaning bir tableti 16 ming so‘m¸ ekstaziniki esa 40 dollar. Shu farq bois keyingi paytda lirikaga qiziqish ko‘paydi¸ deydi yengil kayf beradigan dorilarga bog‘lanib qolgan Bahodir.
Uning yana aytishicha, «Lirika» va «Tramadol»ni aptekadan retseptsiz olsa bo‘ladi:
- Eski Rossiya mehmonxonasi ( Hozirgi nomi Grand Mir) oldidagi aptekaga borib muomalasini qilsangiz beradi. Lirika ber deb to‘g‘ri aytilmaydi. Dozasini aytib¸ opa shundan bering desangiz sekin bervorishadi. Potok yo‘lga qo‘yilgan. Kechqurun esa ko‘chadagi maxsus joylarda turgan barigalar (olibsotar)dan sotib olish mumkin ¸ deydi Bahodir
Ozodlik muxbiri eski Grand Mir ro‘parasida joylashgan aptekaga telefon qilganida¸ u yerda ishlaydigan sotuvchi «Lirika» va «Tramadol»ni aptekadan retseptsiz olish imkonsizligini aytdi:
- Lirika deb, dori qutisiga yozilgan aslida bu - Pregabalin. Pregabalin va Tramadol tarkibida metilgeksan va morfiy bo‘lgan dorilar qatorida alohida nazoratda turadi. Dori faqat retsept bilan sotiladi¸ deydi sotuvchi.
Toshkentdagi “Tabletka” dorixonasi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda «Dori so‘rab keladigan narkomanlarni yaxshi tanishini va ulardan uzoq turishini» ta’kidladi:
- Hozir Lirika dorisini so‘rab keladiganlar ko‘paydi. Oldin rak kasallarga beriladigan og‘riqni qoldiruvchi dorilarni soxta retsept bilan olishga uringanlarni ham ko‘rgandim. Nurofen¸Tramadol va Tetralginga ham narkomanlar orasida talab ko‘p. Oddiy aspirin va prednizon dorisi ham ko‘p miqdorda ichilsa gallyutsinatsiya yuz berib odam psixikasi o‘zgarishi mumkin. Shu ma’noda biz tarkibida morfiy bo‘lgan dorilar sotilishini jiddiy nazorat qilamiz. Lekin aspirin sotilyapti bemalol. Yoki, masalan, ko‘zga tomiziladigan Tropikamid borku oddiy¸ o‘shani ham ichib kayf olishyapti. Bu muammoning yo‘q bo‘lishi narkomaniyaning yo‘q bo‘lishi bilan bog‘liq, - deydi Toshkentdagi “Tabletka” dorixonasi xodimasi.
Toshkentlik ruhshunos Zilola Abdulhakimovaning aytishicha¸ Lirika tabletkasiga «bog‘lanib» qolgan mijozlarning boshqa narkomanlardan farqi oz:
- Lirika tabletkasiga mubtalo bo‘lganlar¸ undan chiqish paytida boshqa narkozavisimiylar kabi azobli simptomlarga duch kelishadi. Lirika qabul qilgan paytidagi junbushga kelganini sog‘inib yana tabletkaga ruju qo‘yishadi. Retsidiv esa ularni yana qaytmas choxga uloqtiradi. Ular endi tabletkadan kerakli kayfni ola olmay uni alkogol bilan omuxta qilishga o‘tishadi va butunlay Lirikaga qaram bo‘lib qolishadi. Lirikaga «o‘tirib» qolganlar darhol vrachga yoki narkologik dispanserga murojaat qilishi kerak. Oqibat juda yomon bo‘lishi mumkin. Lirika qabul qilgan odamdagi postsimptomlardan biri hudkushlikka moyillikdir¸ deydi toshkentlik psixolog.
Uning qat’iy ishonch bilan aytishicha, "Lirika bu narkotikdir va boshqa narkotik moddalar kabi xatarlidir".
Hikoyamiz qahramoni bo‘lgan Sherzod lirika tabletkasiga qaramlikdan chiqish yo‘lini mustaqil izlayotganini aytadi.
- Mana 18 kundan beri lirika qabul qilmayapman. Bu men uchun rekord ko‘rsatkich. Sal dovdirab yuribman. Lomka qiynaydi. Lekin baribir lirikadan butunlay qutulib ketishimga ishonaman¸ deydi yengil kayf beradigan «apteka narkotiklariga» o‘rganib qolgan kompьyuter muhandisi.