Линклар

Ayolning kasali tibbiyot tizimining kasalini fosh qildi

  • Сарвар Усмон/Озодлик

Tibbiyot xodimlari sharafiga qo‘yilgan yodgorlik. Toshkent shahri.

Jizzax viloyat, Paxtakor tumanida yashaydigan 32 yashar ayol o‘z muammosini mamlakat prezidenti virtual qabulxonasiga shikoyat qilib ham hal qilolmagach, Ozodlikka murojaat qildi.

Ikki farzandli onaning masalasini o‘rganish jarayonida ba’zi kasalliklarni davolashda tibbiy jihozlar va mutaxassislar yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashda, bemorlarning, qanday kasallikka chalingan bo‘lmasin, chet ellarda davolanishi uchun davlat 1 so‘m ham ajratmasligi oydinlashdi.

Paxtakordan kelgan xat

Paxtakor tuman, Paxtakor qishlog‘ida yashaydigan Manzura Umarovaning Ozodlikka yozishicha, u og‘iz bo‘shlig‘ida paydo bo‘lgan kasallikdan aziyat chekmoqda.

Manzura davolanish uchun Toshkentdagi Endokrinologiya markazida bo‘lgan. Doktorlar uning kasaliga uzil-kesil tashhis qo‘ymagan: ular yo til ildizi bo‘qog‘i, yoki til ildizi o‘smasi, deb o‘ylayapti.

Markaz vrachlari Manzuraga jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini, biroq uni operatsiya qilish uchun O‘zbekistonda kerakli asbob-uskuna ham, mutaxassis ham yo‘qligini aytgan.

Manzuraning doktorlar va boshqalardan surishtirib bilishicha, operatsiyani Moskvada o‘tkazish mumkin va buning uchun 5000 dollargacha pul kerak bo‘ladi.

“Bunday pul bizda yo‘q. Ikki farzandim bor. Erim ishsiz. Hammamiz qaynotamning qaramog‘idamiz”, deb yozdi Manzura.

Muammosini qanday yechishni bilmagan ayol yordam so‘rab, Prezident Mirziyoevning Virtual qabulxonasiga murojaat qilgan.

Manzura Umarovaning Virtual qabulxonaga yozgan xatiga javob
Manzura Umarovaning Virtual qabulxonaga yozgan xatiga javob

Qabulxona Manzuraning xatini Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasiga tushirgan. Birlashma rahbariyati Manzura Umarovani qabul qilgan... Lekin masala hal bo‘lmagan.

Umarovaning xati bilan tanishib chiqqach, Ozodlik uning o‘zi bilan bog‘landi. Manzura xatida yozgan gaplarni takrorladi.

Xo‘sh, bemorning muammosini hal qilmagani - tibbiyot birlashmasi rahbariyatining shunchaki to‘rachiligimi yoki chindan ham imkonsizmi unga yordam berish?

Tuman tibbiyot birlashmasi: Bizda pul yo‘q!

Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati vakili jurnalistning savolini eshitiboq, Manzura Umarova va uning muammosini darhol esladi.

“Yosh ayol u. Bilaman. Glavvrachimiz ham qabul qildi. Gaplashdi. Toshkentdagi doktor bilan ham gaplashganmiz. U operatsiya qilolmasligini aytgan. Umarova bizdan mablag‘ so‘rayapti. Bizda unday pul yo‘q. Bu masalani, balki, Toshkent hal qilar”, dedi Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasi mulozimi.

Vazirlik: Bizda pul yo‘q!

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Nazorat inspeksiyasining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisidan ham Ozodlik muxbiri Manzura Umarovaga taskin bo‘ladigan gap eshitmadi.

Vazirlik mutaxassisi bunday dedi:

“Bemor O‘zbekiston hududida bo‘lsa, imkoniyat darajasida vazirlik barcha ishni qiladi. Lekin agar bemorni davolashning mamlakat ichida iloji bo‘lmasa, uning chet davlatda davolanishini biz moliyalashtira olmaymiz”, dedi vazirlik mulozimi.

Uning aytishicha, chet mamlakatlarda o‘zbekistonliklar oladigan har qanday muolaja bemorning o‘z hisobidan qoplanishi lozim.

“Buning uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratilgan emas”, dedi mulozim.

Vazirlik mulozimi chet ellarda davolanmoqchi bo‘lgan bemorlarga “katta-katta ishlab chiqarish korxonalari, xayriya tashkilotlariga murojaat qilishni” maslahat berdi. Shundan so‘ng u tilga olgan xayriya tashkilotlardan biri - "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi bilan bog‘landik.

"Sog‘lom avlod uchun" fondi nima dedi?

Fondning Onalik va bolalik bo‘limi mutaxassisi aytganlaridan Manzura Umarovaning muammosini radikal hal qiladigan ma’lumot uqmadik.

Ma’lum bo‘lishicha, "Sog‘lom avlod uchun" fondi bemorlarga naqd pul mablag‘i bermaydi.

Onalik va bolalik bo‘limi mutaxassisining aytishicha, u vakili bo‘lgan “Sog‘lom avlod uchun" fondi homiylardan yig‘iladigan pul mablag‘lari hisobiga mutaxassislarni jalb etib, yurak xastaligi bor bolalarni davolash bilan shug‘ullanadi, ayrim hollarda 12-13 gacha yoshdagi yurak tug‘ma kasalliklari bo‘lgan bolalarni chet elda davolashga jo‘natishi mumkin.

Katta yoshdagilarga esa, mutaxassisga ko‘ra, Fond 2 minimal ish haqi miqdorida moddiy yordam berishi, shuningdek, chet elga uchishi uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan aviachiptani 15 foiz arzon olishiga yordam berishi mumkin.

Muloqotimiz yakuniga yetay deb qolgan paytda "Sog‘lom avlod uchun" fondi mutaxassisi qahramonimiz Manzura Umarovaga Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilishni maslahat berishimizni tavsiya qildi.

Vazirlik bilan gaplashganimizni aytdik.

XS
SM
MD
LG