Линклар

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 36 yashar Abdumalik Karimov uyiga kelgan Tez tibbiy yordam shifokorini urgani uchun hibsga olindi. Karimovdan kaltak yegan shifokor Zafar Qayumov to‘rt kundan beri shifoxonada davolanmoqda.

Mushtumzo‘r hibsda

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Qorasuv 4-mavzesi 1-uy, 9-xonadonga kasal ko‘rishga borgan payti kaltaklangan shifokor Qayumovning arizasidan so‘ng voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi ya’ni "Bezorilik" moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysiga ko‘ra, jinoyat ishini Mirzo Ulug‘bek tuman IIBsi xodimlari olib bormoqda:

“Skoriy pomoshch” doktori Zafar Qayumovni kaltaklagan 1981 yilda tug‘ilgan Abdumalik Karimov hisbga olinib, hozirda Mirzo Ulug‘bek ROVDsining tergov izolyatorida saqlanmoqda. 277-modda bo‘yicha ochilgan ishni ushbu bo‘lim xodimlari tergov qilayapti”, dedi boshqarmaning ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysi.

Ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan voqea

10 sentabr kuni tonggi soat 5:20larda Karimovning uyida sodir bo‘lgan ushbu voqea Tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan mobil telefonning diktofoniga yozib olinib, mahalliy matbuotga tarqatilgan.

O‘sha kuni shifokor Zafar Qayumov va feldsher Timur Hikmatovlar telefon chaqiruvi orqali Karimovning bemor o‘g‘lini ko‘rish uchun unikiga borgan.

Shifokorlar tarqatgan audio yozuvda Karimov o‘g‘lini tekshirayotgan vrach Zafar Qayumovning harakatlaridan qoniqmay, unga musht tushirib, uni haqorat qilgani aks etgan.

Voqea tafsilotini o‘rgangan Kun.uz saytiga ko‘ra, Qayumov kaltak egach, "gandiraklab yerga qulagan" va "borib tibbiy qutiga urilgan".

Qayumovning tarmoqlarda tarqalgan suratida uning o‘ng ko‘zi qizarganini ko‘rish mumkin.

Audio yozuvdan anglashilishicha, karimovlar oilasi bemor o‘g‘lini kasalxonaga olib ketishni talab qiladi.

Voqea ustiga militsiya xodimi ham kirib borgan. Uning voqeadan qanday xabar topgani, kim chaqirgani ma’lum emas.

Kaltaklangan vrach shifoxonada

Shifokorlarga ko‘ra, hozirda Respublika Neyroxirurgiya ilmiy markazida davolanayotgan Zafar Qayumovning ahvoli qoniqarli:

“Qayumov oltinchi etajda, neyrotravmatologiyada, travma bo‘limida yotibdi. Uning peshonasida yumshoq to‘qimalari lat yegan, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, ko‘z kosasi gematomasi, subkonyuktival o‘ng tomon ko‘zga qon quyilishi tashxisi qo‘yilgan", dedi Neyroxirurgiya ilmiy markazi shifokori.

Zafar Qayumov Ozodlik bilan suhbatda ahvoli yaxshi ekanligini aytdi, biroq hodisa tafsilotiga to‘xtalishni istamadi.

"Karimov shifokorlarni besh marta kaltaklagan"

Mirzo Ulug‘bek tumani 5-bo‘lim Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bo‘lim shifokorlari jami 5 marta kaltaklangan va beshala holatda ham "mushtumzo‘r Karimov bo‘lgan":

"Bu birinchi marta emas. Oldin ham 4 marta shifokorlarni urgan, bu beshinchi holat. Karimovlar uyiga hech qaysi xodimimiz borgisi kelmaydi. Bu juda agressiv oila. Zafar Qayumovni avgust oyida ham kaltaklagan. Shuning uchun bu safar har ehtimolga qarshi diktofonni yoqib kirishgan. Keyin yana Zafar Boltaev, Soat Mamasiddiqov, G‘ayrat Boymakovlar ham shu uyga borib, kaltak yeb kelishgan", dedi Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlaridan biri.

Karimovning bemor o‘g‘li taqdiri Ozodlikka hozircha ma’lum emas. Audio yozuvda uni shifoxonaga olib ketishayotgani aks etgan.

Bezorilikda ayblanayotgan Abdumalik Karimov, agar aybdor deb topilsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG