Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:14

OzodDayjest: O‘zbekistonda ota-onalar bolasini bog‘chaga joylash uchun yillab navbatda turibdi


Davlat test markazi sirdaryolik nogiron yigitning haqli talabini rad etib kelmoqda. Qashqadaryoda dollarfurushlarga qarshi kurash kuchaytirildi. IIB mansabdori 50 ming so‘m pora bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Deputat: Oliy Majlisning yangi qonuni axborot erkinligini cheklamaydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzolashi ortida jamoatchilik orasida “axborot erkinligiga yana bir cheklov joriy etildi” mazmunidagi e’tirozlar paydo bo‘ldi (“XXI asr”, 14 sentabr). Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaevga ko‘ra, aslida qonunda axborotni cheklashga doir talab yo‘q, u mohiyatan bolalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan. Qonunga muvofiq, axborot mahsuloti yoshga oid tasniflanishi lozim. Ya’ni ommaviy axborot vositalari, jumladan, internet saytlar, bloglar, reklama kanallari orqali uzatilayotgan ma’lumotlarda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotdan himoya qilish maqsadida 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ yozuvlari aks etishi shart. Yoshga oid tasnifni belgilashda ekspertlarga murojaat qilish ko‘zda tutilgan. Qonun 2018 yil 9 martidan kuchga kiradi.

Qashqadaryoda prokuratura dollarfurushlarga qarshi kurashni kuchaytirdi

Qashqadaryo viloyatida prokuratura idorasi dollar qora bozorida tezkor tadbirlarni ko‘paytirdi (“Huquq”, 14 sentabr). Prokuratura huzuridagi soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash departamentiga ko‘ra, reydlarda qonunga xilof ravishda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlanmoqda. Masalan, Qarshi buyum bozori oldida 10 ming AQSh dollarini sotayotgan sarrof qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, noqonuniy valyuta oldi-sottisiga oid ko‘plab holatlar fosh etilgan. Joriy yil 5 sentabridan O‘zbekistonda xorijiy valyutaning Markaziy bank belgilaydigan kursi qora bozor bahosiga deyarli tenglashtirildi. Konvertatsiya joriy etilishi bilan mamlakatning turli hududlaridagi qora bozorlarda sarroflarga qarshi kurash kuchaytirilgani xabar qilinmoqda.

Bolani bog‘chaga joylashtirish universitetga kirgazishdek jiddiy masalaga aylandi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ota-onalar uchun farzandini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgazishdek jiddiy masalaga aylandi (“Oila davrasida”, 14 sentabr). Ota-onalar bolasi bog‘chaga joylashtirish uchun yillab navbat kutmoqda. Bog‘chaga qabul qilish evaziga pora talab qilish hollari ham kuzatilmoqda. Masalan, Toshkent shahrida yashovchi Dilshoda Hayitova ushbu masalada 2016 yil oktabrida Sergeli tuman xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qilgan, ammo oradan bir yil o‘tsa-da, so‘rovi qanoatlantirilmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 5048 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Mamlakat bo‘yicha bog‘cha yoshidagi bolalarning bor-yo‘g‘i 26,5 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan.

IIB mansabdori postda uxlab qolgan xodimdan pora talab qildi

Toshkent shahri Mirobod tumani IIB qo‘riqlash bo‘limi otryad komandiri, mayor Shuhrat Abdusamadov 50 ming so‘m pora bilan qo‘lga olindi (“Postda”, 9 sentabr). IIB mansabdori qo‘riqlanayotgan ob’ektlarni ko‘zdan kechirish payti safdor S. Boymatov postda uxlab qolgani ustidan chiqqan. Ushbu vaziyat yuzasidan xodimga chora ko‘rmaslik evaziga undan 50 ming so‘m pora talab qilgan. Postda uxlab qolgan S. Boymatov esa boshlig‘i tamagirlik qilayotgani haqida yuqori rahbariyatga xabar bergan. Jinoyat kodeksining 210-moddasi bo‘yicha ayblangan mayor Sh. Abdusamadovga dastlab 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Mazkur kodeksning 72-moddasiga asosan tayinlangan jazo shartli hisoblanib, ikki yil sinov muddati belgilangan.

Davlat test markazining e’tiborsizligi sirdaryolik nogiron yigitning hafsalasini pir qildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi Adham Jo‘raevning haqli talabini bir necha yildan buyon rad etib kelmoqda (“Jamiyat”, 8 sentabr). 25 yoshli Adham Jo‘raev tayanch harakat tizimidagi jiddiy nuqsonlar bois nogiron bo‘lib qolgan. Jismoniy imkoniyat cheklangan bo‘lsa-da, aqli raso, zehni nihoyatda o‘tkir. Adham Jo‘raev olti yildan buyon oliy o‘quv yurti imtihonidan o‘ta olmayapti, ammo bunga uning bilimsizligi emas, balki jismoniy imkoniyati cheklangan bois javob varaqasidagi doirachalarni badastir to‘ldira olmayotgani, ya’ni oddiy texnik amaliyotni bajara olmayotgani sabab bo‘lmoqda. “Test o‘tkazilayotganda auditoriyaga begona shaxs kiritilmaydi. Tartib-qoida shunaqa. Buni tushunaman. Lekin testni o‘rnimga birov ishlab bersin, deb talab qilayotganim yo‘q. Fanlardan tayyorlanganman, bilimimga ishonaman. Faqat doirachalarni to‘ldirishimga yordam berilsa bas. Davlat test markazining bu holat nizomda ko‘zda tutilmagan qabilidagi javobi hafsalamni pir qildi”, deydi kelajakda huquqshunos bo‘lib, jismoniy imkoniyati cheklanganlar huquqini himoya qilishni ko‘ngliga tukkan Adham Jo‘raev.

XS
SM
MD
LG