Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 15:30

O‘tgan ikki hafta ichida Toshkent shahrida xalq orasida “ko‘cha avtoritetlari” nomi bilan tanilgan bir necha shaxs va ularning 20ga yaqin safdoshi ushlandi. Bu haqda Ozodlikka “jinoyat olami”ga yaqin manba va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimi bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi.

Ularga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida Toshkent shahri “smotryashchiy”si (jinoyat dunyosining hudud bo‘yicha favqulodda vakili) Abbos Xodjaev ham bor.

14 sentabrda hibsga olingan 33 yashar Abbos Xodjaev, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 0,34 gram geroin moddasini sotishga urinishda ayblanmoqda.

Toshkent IIB xodimining aytishicha, ayni kunda O‘zbekistonda “vor v zakone” rutbasiga ega bo‘lgan Baxti Tashkentskiy va Baxti Yangiabadskiy nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullaev ham militsiya bo‘linmasida to‘rt soat davomida so‘roq qilingan va so‘ngra qo‘yib yuborilgan.

Avtoritetning pichoqlanishi

"Mahan" og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan
"Mahan" og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan

Ozodlik gaplashgan rasmiyning aytishicha, Toshkentdagi hibsga olishlarga 9 sentabrda poytaxtning Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida 35 yashar Mahammadjon Qurbonovning pichoqlab ketilishi turtki bo‘lgan.

Toshkent shahar IIB xodimi tomonidan Ozodlikka yuborilgan hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, tanasi va yuzidan bir necha bor pichoqlangan Qurbonov Toshkent shahar klinik kasalxonasiga keltirilgan.

O‘zbekistondagi “jinoyat olami”ni ichdan biluvchi Ozodlik manbasining aytishicha, “jinoyat olami”da “Maham” laqabi bilan tanilgan Mahamadjon Qurbonov Abbos Xodjaevning yaqin izdoshlaridan biridir.

Abbos juda spravedliviy bola. Uyiga yordam so‘rab, har kuni o‘nlab odam murojaat qiladi. Kimdir kimningdir pulini tortib olgan, qarzini qaytarib bermayotgan bo‘lsa, militsiya yoki prokuraturaga emas, unga boradi. Abbos treteyskiy sud bo‘lib, tortishuvli ishlarni spravedliviy hal qilib keladi. Pichoqlab ketilgan “Maham” Abbosning eng yaqin odamlaridan biri edi,” deya iddao qiladi ismi sir qolishini so‘ragan Ozodlik manbasi.

Uning iddao qilishicha, so‘nggi hibsga olishlar Toshkentdagi “avtoritetlar”ni “neytralizovat” qilishga qaratilgan.

“Rossiyadagi "vor zakonlar" o‘z odamlarini ko‘yishmoqchi O‘zbekistonga​O‘tgan oylarda Abbosga (Xodjaev) Rossiyadagi o‘g‘rilardan vakillar kelib, ko‘chaga qarashni (Toshkent ustidan nazorat – Ozodlik izohi) ularga berishni bir necha marta talab qilganlar. Abbos bu talabga rozi bo‘lmagan. Unga ko‘rsatib qo‘yish uchun ataylabdan Mahamni qorniga (pichoqni) tiqib-tiqib olishgan. Yetmaganiday, yuzini pichoq bilan tilishgan. Bunday pichoqlash, “vorovskoy mir”da, avtoritetga “vizov" hisoblanadi. Ya’ni, seni o‘rningga biz keldik, degan gap bu, neytralizovat qilish degani bu” – deb aytdi Ozodlik manbasi.

"Sxodka"

O‘zbekistondagi "jinoyat olami"ga yaqin boshqa bir manbaning Ozodlikka aytishicha, Abbos Xodjaev hibsga olinganidan ikki kun o‘tib, 16 sentabr oqshomi Toshkentning "Brend" nomli tungi klubida jinoyat olamining o‘nlab vakili "sxodka"si (uchrashuvi) bo‘lib o‘tgan.

Unda Abbos Xodjaev o‘rniga yangi "smotryashchiy"ni tayinlash masalasi muhokama qilingan.

Ozodlik mazkur "sxodka" tafsilotini o‘rganishda davom etmoqda.

Uzun arqon

“Jinoyat olami” vakillarini tutish amaliyotiga shaxsan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Tursunov rahbarlik qilmoqda.

Polkovnik Ulug‘bek Tursunov prezident Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovning akasidir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “davlatning xalq oldida o‘zining eng katta mas’uliyati bor¸ bu tinchlik va sog‘liq,” deb aytgan edi:

- Ikkita narsani kafolatlangan qilib bermasak, unaqa davlat kerak emas odamlarga. Ko‘chada bitta xuligan hammani upravlyat qilib yursa, Toshkent viloyatida ham bor bir-ikkitasi. Haliyam ikki-uchtasining dumini uza olmay, oxiriga eta olmayapman. Ko‘pining dumini uzdik, ammo ikki uchtasi yuripti hali “ha biz unaqa, biz aytgan bo‘ladi”, deb. Mana ko‘pi turmada o‘tiripti biz aytgan g‘o‘ddayganlar. O‘tiradiyam bundan buyog‘i. Men hammasini bilaman, xudoga shukr. Arqonni uzun qo‘yib qo‘yibman hozircha, - deb aytgandi Shavkat Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG