Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:39

Qirg‘izistonliklar Suriyaga ketgan qarindoshlarini kutayotgani yo‘q


Ozodlik arxividan
Ozodlik arxividan

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Aravon tumanining ayrim turg‘unlari Suriyaga oilaviy ketgan qarindoshlarini kutmayotganlarini izhor qilishdi. Ular qarindoshlarining egasiz qolgan uylarini bo‘lib olishgan. Mahalliy rasmiylar esa Suriyaga otlanayotganlar oqimi to‘xtaganidan mamnun.

2014 yilda Aravon tumanida istiqomat qiluvchi ikki oila Suriyaga ketgani ma’lum bo‘lgan edi. Oradan uch yil o‘tib, ularning birortasi ham vataniga qaytgani yo‘q. Ulardan qolgan uylarda hozir ularning yaqin qarindoshlari yashamoqda.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uch yil oldin Arabboy Vahobov oilasi bilan Suriyaga yo‘l olgan. Uning uyida eridan ajragan qizi to‘rt farzandi bilan yashamoqda. Vahobovning qizi ajrashishiga ota-onasining Suriyaga ketib qolganini sabab, deb biladi. Shu ning uchun Vahobova ota-onasi qaytib kelishini xohlamaydi:

- Ota-onam bilan gaplashmaganimga to‘rt yil bo‘lyapti. Ular bilan gaplashishdan qo‘rqaman. Ular tufayli militsiya kelib, erimni so‘roq qilishga chaqirdi. Shu sabab erim meni haydab yubordi. O‘shandan beri ota-onam uyida to‘rt bolam bilan yashayapman. Qaytib kelishlarini istamayman. Menga baribir. Ularning bolasi bo‘lganim uchungina shuncha qiynaldim.

O‘g‘li, kelini va ikki nevarasini Suriyaga olib ketgan Diloromxon Ahmedovaning kelini ham shunday fikr bildirdi. Muxbir bilan suhbatlashishdan bosh tortgan kelin ularning qaytib kelishini xohlamasligini ta’kidladi.

63 ga chiqqan Diloromxon sovet davrida Kommunistik partiya a’zosi bo‘lgan, tumanda yuqori lavozimlarda ishlagan. Bir necha yil avval Diloromxon tuman ahlini hayratda qoldirib, 94 yoshdagi qaynonasi va kichik o‘g‘lini tashlab, Suriyaga ketgan.

Uning qo‘shnilari ochiqchasiga suhbatlashishdan hayiqishdi. Lekin og‘zaki ravishda qariya ona uyni avvallari shu yerda yashagan uch oilaga meros qoldirganini aytishdi. Hozirda bu uyda Diloromxonning kichik o‘g‘li o‘z oilasi bilan yashaydi.

Mahalliy rasmiylar ma’lumotlariga ko‘ra, Aravon tumanidan 28 odam Suriyaga ketgan. Ular orasida to‘rt oila bor. Ketganlarning to‘rt nafari urushda halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor. Ammo ularning birortasiga aza tutilgani yo‘q.

Tuman hokimi o‘rinbosari Muzaffar Mamasaidov hozirda Suriyaga ketayotganlar oqimi to‘xtaganini aytdi:

- Odamlar Suriyadagi vaziyatni anglab yetdi. 2015-2016 yillarda Suriyaga otlanganlar haqida ko‘p mish-mish bo‘ldi. Diniy ulamolar, mahalliy hokimiyat, o‘qituvchilar hamda oqsoqollar qo‘mitalari yaxshi ishladi. Muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borildi. Aftidan, bu ishlar natijada berdi. Joriy yilda Aravondan hech kim Suriyaga ketmadi. Menimcha, odamlar tushunib etdi.

Rossiya maxsus xizmatlari “Islom davlati” jangari guruhi saflarida o‘rta osiyoliklar jang qilayotganini aytib keladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyaga taqriban 200 qirg‘izistonlik ketgan. Ammo norasmiy manbalar ularning soni aslida 500 ga yaqin ekanligini ta’kidlaydi.

Yaqinda Qirg‘izistonning xavfsizlik masalalari bo‘yicha vitse-premyer-ministri Temir Jumanqulov Qirg‘iziston fuqarolari Suriya va Iroqda xalqaro terror tashkilotlari safida jang qilgani dalillansa, ular mamlakat fuqaroligidan mahrum qilinishlarini aytdi.

XS
SM
MD
LG