Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:15

"Moskva" bozorida hamyurti himoyasiga chiqqan yuzga yaqin tojikistonlik hibs etildi (VIDEO)


"Moskva" Savdo markazi
"Moskva" Savdo markazi

20 sentabr kuni Moskvadagi savdo markazlaridan birida o‘z vatandoshining qo‘riqchilar tomonidan qattiq kaltaklaganidan norozi bo‘lgan yuzlab tojikistonlik muhojir voqea joyiga to‘plandi. Savdo markazi qo‘riqchilari bilan muhojirlar o‘rtasida yuzaga chiqqan ommaviy tartibsizlik oqibatida 100 ga yaqin tojikistonlik politsiya bo‘limlariga olib kelindi.

Rossiya poytaxtining Lyublino mavzesida joylashgan “Moskva” Savdo markazida 20 sentabr kuni soat kechki 9 larda ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi.

Aytilishicha¸ bu janjalga savdo markazi qo‘riqchilarining tojikistonlik 27 yashar aravakash yigitni kaltaklab¸ chala o‘lik qilgani sabab bo‘ldi.

Muhojir yigitning kaltaklanganini eshitgan 200 ga yaqin tojikistonlik muhojir savdo majmuasi parkovkasiga yig‘ila boshlagan va Karimovni kaltaklaganlar javobgarlikka tortilishini so‘ragan.

Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim Rossiya nashrlarida kaltaklangan 27 yashar Navro‘z Karimov kaltaklanganidan keyin oq matoga o‘rab, savdo majmuasi tashqarisiga tashlab ketilgani, shifoxonaga olib kelinganidan ko‘p o‘tmay nobud bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Mojarodan xabar topgan Moskva shahar politsiyasi voqea joyiga o‘nlab OMON va Rosgvardiya jangchilarini tashladi.

- 20 sentabr kuni kechki payt politsiya xodimlari tomonidan Tixoretskiy bulvaridagi savdo markazi yonida ommaviy tartibsizliklar oldi olindi. Mahalliy politsiya bo‘limlariga 90 ziyod odam keltirildi. Hodisa ortidan aniqlangan jinoyat alomatlari yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 213- moddasi (“Bezorilik”) asosida jinoiy ish ochildi, deya xabar tarqatdi Moskva politsiyasi.

Jabrlangan Navro‘zning amakisi Sharifjon G‘ulomov jurnalistlarga bergan intervyusida qo‘riqchilarning jiyanidan qo‘shimcha pul talab qilib kaltaklaganini aytdi:

- Ukam bu yerda “tolkatel”, ya’ni aravakash bo‘lib ishlab kelgan. “Vityaz” qo‘riqchilari kelib, uni ofisga olib ketishgan va go‘yo tashigan telejkasidan 800 so‘m kam bergan deb¸ shu arzimagan pul bahonasida olib borib urishgan, dedi Sharifjon.

Hodisa haqida Ozodlik muxbiriga qo‘shimcha xabar bergan Tojikiston elchixonasi vakili Ahmad Ibrohimov tojik diplomatlari “Moskva” savdo majmuasiga borgani va vaziyatni nazorat qilib turganini bildirdi.

Youtube portalida politsiya xodimlarining bozor stoyankasida yig‘ilgan muhojirlarni tarqatayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi:

Tojikiston konsulligi rasmiysi Sarvar Baxti Ozodlikka Navro‘z Karimovning o‘ldirilgani to‘g‘risidagi mish-mishlarga asos yo‘qligi, u hozirda 68-sonli shahar shifoxonasida qolayotganini ma’lum qildi:

- Vaziyati yaxshi – biz o‘zimiz kirib ko‘rdik. Reanimatsiyada emas, oddiy palataga yotqizilgan. Badanida ko‘zga tashlanadigan jarohat ko‘rinmaydi. Miya chayqalishi degan tashxis qo‘yishgan. Savollarimizga o‘zi javob berdi. Uning aytishicha, bozor tartiblariga ko‘ra, har bir olib kirgan yo chiqqan yuk uchun muayyan miqdorda haq berilishi kerak ekan. Bu bola yukni olib kirib pulini beribdi yo bermabdimi – qo‘riqchilar tushunmasdan birovning yukini uniki debdimi, xullas, uni xilvat joyga olib borib kaltaklashibdi. Uni axlatxonaga tashlashgani ham yolg‘on bo‘lib chiqdi. Kaltaklanganidan keyin u o‘zi sheriklari yoniga kelib, “Boshim og‘riyapti”, deb, yiqilibdi, dedi Sarvar Baxti.

Tojikistonlik huquq faoli Karimjon Yorovning Facebook sahifasida shifoxonaga keltirilgan jabrlanuvchi Navro‘z Karimovning videotasviri paydo bo‘ldi.

Tojikiston vakolatxonasi rasmiylari politsiyaga olib ketilgan 100ga yaqin odamdan “Lyublino” politsiya bo‘limida 14 kishi qolayotgani va ular ham so‘roq qilinganidan keyin qo‘yib yuborilishini aytdi.

Hozircha tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, tojik muhojirini urgan qo‘riqchi ham hibsga olingan va so‘roq qilinmoqda. Politsiya boshqarmasida qo‘riqchilarga nisbatan 116-modda, ya’ni “Kaltaklash” moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkinligini bildirishdi.

Ozodlik Rossiyaning boshqa bozorlari, qabriston va qurilish maydonchalarida ommaviy mushtlashuv va tartibsizliklar oldin ham bo‘lib turgani to‘g‘risida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG