Линклар

Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi portlash oqibatida uch odam o‘ldi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Muborak gazni qayta ishlash zavodi O‘zbekiston sanoatining yirik gaz korxonalaridan biri hisoblanadi.

Qashqadaryodagi Muborak gazni qayta ishlash zavodida 20 sentabr kuni ro‘y bergan portlash oqibatida kamida uch odam o‘ldi, bir odam gazdan zaharlanish bilan shifoxonaga yotqizildi. Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, ularning barchasi portlash ro‘y bergan sexda montaj-ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ishchilar bo‘lgan. Hodisa sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi ish boshlagan.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, portlash zavodning 18-sexida 20 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14.20 da ro‘y bergan va portlash sababi hozircha aniqlanmagan.

Ayni zavodning ismi sir qolishini istagan yana bir ishchisi portlashga xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani sabab bo‘lgani taxmin etilayotganini aytadi:

- 18-sexdagi metan gaz tarkibidan propan-butan ajratib oluvchi qurilma portlagan. Shu yerda bo‘lgan qurilma boshlig‘i, chilangar va operator halok bo‘ldi. Yana bir ishchi gazdan zaharlanib, kasalxonaga yotqizildi. Portlash shu ishchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmagani sabab ro‘y bergan deyilayapti. Hozir bu o‘rganilayapti, - dedi zavod ishchisi.

Ozodlik Muborak gazni qayta ishlash zavodi rahbariyati bilan bog‘lanib¸ vaziyatga oid tafsilotlarni surishtirdi.

O‘zini zavod rahbari Shermat Shamsievning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim 20 sentabr kungi portlashni "baxtsiz hodisa" deb atadi va hukumat komissiyasi bu bo‘yicha taftish olib borayotganini bildirdi:

- Men sizga bu haqda hech narsa ayta olmayman, tekshiruv ketayapti, - deya gapni qisqa qildi zavod mulozimi.

Ayni paytda mulozim¸ o‘lganlar oilasiga moddiy va ma’naviy ko‘rsatilishini bildirdi.

"O‘zbekneftgaz" shirkati matbuot xizmati ham zavoddagi portlash haqida ma’lumot bermadi.

Zavod rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ o‘tgan asrning 70-yillari boshida ishga tushirilgan Muborak gazni qayta ishlash zavodida 4000 dan ortiq ishchi ishlaydi.

O‘zbekiston sanoatining yirik gaz korxonalaridan biri hisoblanadigan ushbu zavodda¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ yiliga 33 milliard kub metr tozalangan va quritilgan tabiiy gaz, 417 ming tonna oltingugurt, 186 tonna barqarorlashtirilgan gaz kondensati va 258 ming tonna suyuq uglevodorodli suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

20 sentabr kungi portlashga qaramay¸ Ozodlik suhbtadoshlariga ko‘ra¸ zavod faoliyatini davom ettirmoqda.

O‘zbekistondagi zavodlarda texnika jihozlari eskirgani yoki ishchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmagani sabab portlash va yong‘in hodisalari bot-bot yuz berib turadi.

Shu yilning fevral oyida Farg‘ona shahridagi "Farg‘onaazot" korxonasida yuz bergan portlash oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi kasalxonaga yotqizilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

2016 yilning yanvarida Termizdagi Asfalt zavodida chiqqan yong‘inda ikki odam o‘lgan, olti odam kuyish jarohati olgan edi.

O‘zbekistondagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatining ammiak ishlab chiqarish zavodida esa 2013 va 2015 yillarda portlashlar bo‘lgan.

Shu zavoddagi 2013 yilgi portlashda o‘nga yaqin odam halok bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG