Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:43

OzodDayjest: Toshkentda yotoqxona berilmagani tufayli ayrim talabalar ko‘chada qolayapti


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Poytaxtda yotoqxona berilmagani bois ayrim viloyatlik talabalar ko‘chada qolmoqda. “Afrosiyob” poezdining oynasini sindirgan zangiotalik jarimaga tortildi. O‘zbek shou biznesining mashhur vakillari plagiatorlikda ayblandi.

_____________________________________________________________

Yotoqxona berilmagani bois ayrim talabalar ko‘chada qolmoqda

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan viloyatdan kelgan talabalarga turli bahonalar bilan yotoqxona berilmagani bois ularning ayrimlari ko‘chada qolmoqda (“Oila davrasida”, 21 sentabr). Masalan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari, garchi universitetga tegishli yotoqxonalar bo‘sh bo‘lsa-da, joy qolmadi degan bahona bilan sarson qilinmoqda. Boshqa oliy o‘quv yurtlari yotoqxonalarida ham talabalarga sun’iy to‘siq qo‘yib, navbat hosil qilish kuzatilmoqda. Ayrim hollarda, masalan, O‘zbekiston milliy universiteti yotoqxonasida esa talabalardan ta’mirlash kabi bahonalar bilan pul yig‘ilmoqda. Sharoitidan qat’i nazar, barcha yotoqxonalar uchun 650-750 ming so‘m yillik to‘lov belgilangani ham talabalarda e’tiroz uyg‘otmoqda.

“Afrosiyob” tezyurar poezdiga tosh otgan vatandosh qo‘lga olindi

Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” tezyurari poezdiga tosh otish holati qayd etildi, oqibatda poezd oynasi singan (“Postda”, 16 sentabr).Surishtiruvlardan so‘ng ushbu huquqbuzarlik Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan vatandosh tomonidan sodir etilgani aniqlangan. “Yoshi qirqqa borib qolgan, boshqalardan ko‘ra oqu qorani yaxshi ajratib oladigan odamning bu ishni qilganiga ishona olmaysan kishi. Afsuski, shunday. Unga nisbatan 748 ming 875 so‘m miqdorda jarima tayinlandi”, deb yozadi IIV nashri. Maqolada xalq mulki sanalgan poezd yoki samolyotga zarar yetkazish javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatilgan.

O‘zbek shou biznesining yana bir qancha mashhur vakillari plagiatorlikda ayblandi

Asli shundoq ham jar yoqasiga kelib qolgan o‘zbek shou biznesida, tanqid va fosh etishlarga qaramasdan, plagiatorlik, xorijdan g‘oya o‘g‘irlash davom etmoqda, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqovning ancha ommalashgan “Gapir-gapir” klipi videobloger Ida Galichdan o‘g‘irlangan. Xonanda Munisa Rizaevaning “Xafa-xafa” qo‘shig‘i Aleksey Vorobyevning “Sumasshedshaya” klipidan olingan. Shohruxxon va Shahzodaning “Allo” qo‘shig‘i klipi esa “Leibniz Butterkek” pechenyesi reklamasidan o‘zlashtirilgan.

XS
SM
MD
LG