Линклар

OzodDayjest: Tilshunos olim O‘zbekistonda ikki alifbo amal qilayotganini uyatli hol deb atadi


O‘zbekiston ko‘chalarida hali ham kirillcha yozuvli bannerlar uchrab turadi.

Prokuratura chorvachilik bo‘yicha qo‘shibyozishlarni fosh qildi. O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti dunyo tajribasida biror davlat boshqa alifboga o‘tishni O‘zbekiston kabi uzoqqa cho‘zmaganini urg‘uladi. O‘zbekistonda chaqaloq sotish bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Prokuratura: Chorvachilik bo‘yicha qo‘shibyozish va talon-tarojlar davom etmoqda

Bosh prokuratura mamlakat chorvachilik tizimini tekshirib, statistik hisobotlarda qo‘shibyozish holatlarini aniqladi (“Huquq”, 21 sentabr). Masalan, Navoiy viloyatida 144,6 ming va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 19,3 ming chorva bosh soni qo‘shib yozilgan. Masalan, viloyatning Tomdi tumani mansabdorlari 47,8 ming bosh chorva sonini qo‘shib ko‘rsatishgan. Tekshiruvlarda, bundan tashqari, chorva molini talon-taroj qilish jinoyatlari fosh etilgan. Qolaversa, banklar tomonidan chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditni o‘marish hollari qayd etilgan. Masalan, birgina Toshkent viloyatida 450 million so‘mlik kredit mablag‘i talon-taroj etilgan.

Chaqaloqfurushlik jinoyati 1,2 foizga ko‘paydi

O‘zbekistonda bola sotish bilan bog‘liq jinoyatlar o‘tgan yillarga qaraganda 1,2 foizga ko‘paydi (“Darakchi”, 21 sentabr). “Sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilib ko‘rilganda, ayollar bu qilmishga asosan, moddiy boylik orttirish hamda farzandini boqishdagi qiyinchiliklardan qutulish maqsadida qo‘l urmoqda. Ya’ni chaqaloqlar savdosi uyushgan jinoyatchilar tomonidan emas, barcha holatlarda yakka shaxslar tomonidan amalga oshirilmoqda”, deydi IIV bosh boshqarma boshlig‘i O‘.Murodov. Aksar hollarda ayollar o‘z chaqaloqlarini befarzand oilalarga sotmoqda. Shuningdek, hozirga qadar chaqaloqni O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish holati aniqlanmagan. Bundan jinoyatlar faqat mamlakat ichida sodir etilmoqda.

Tilshunos olim: Biror davlat yangi alifboga o‘tishni O‘zbekiston kabi cho‘zmagan

O‘zbekistonda ikki alifbo – kirill va lotinning amal qilayotgani uyatli holdir (“Jamiyat”, 15 sentabr). Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Ravshan Jomonov shunday deb hisoblaydi. Olimga ko‘ra, kirill alifbosining o‘zbek tiliga muvofiq kelmaydigan kamchiliklari ko‘p. Lotin grafikasi imkoniyatlari esa bir necha barobar ko‘p. Qayd etilishicha, dunyo tajribasida biror davlat boshqa alifboga o‘tishni O‘zbekiston kabi uzoqqa cho‘zmagan. Masalan, Turkiya, Turkmaniston, Ozarboyjon bir necha oy ichida to‘liq yangi alifboga o‘tgan. “Biz ham shunday amaliyotni qo‘llamasak, cho‘zilib yuraveramiz. Menga qolsa, ertadan boshlab lotin yozuviga o‘tish kerak. Chunki buning boshqa muddati yo‘q. Biz muddatdan ancha o‘tib ketdik. Bir tilda ikki alifboda yozishimiz juda uyatli hol”, degan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ravshan Jomonov.

XS
SM
MD
LG