Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:53

Moskva markazida mashhur rus qurolsozi Mixail Kalashnikov xotirasiga o‘rnatilib, bir necha kun oldin tantanali ochilgan yodgorlik majmuasi tarkibiga kiruvchi bronza taxta olib tashlanadigan bo‘ldi. Bronza lavhning “AK-47” avtomatiga bag‘ishlangan qismida mahalliy bloger-tarixchilar gitlerchilarning StG-44 hujum vintovkasi chizmasi tasvirlanganini aniqladi. Monument muallifi, haykaltarosh Salavat Shcherbakov nemis quroli chizmasi Internetdan ko‘chirib olinganini tan oldi.

AK-47 - bu StG-44 mi !?

Taniqli o‘qotar qurol ixtirochisi Mixail Kalashnikov xotirasiga 2017 yilning 19 sentabrida Moskvaning qoq markazida o‘rnatilgan bronza monumentning bir qismi olib tashlanishi to‘g‘risida jurnalistlarga xabar qilgan haykal buyurtmachisi - Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati ijrochi direktori Vladislav Kononov Mixail Kalashnikov haykali ortida o‘rnatilgan barelyefda tasvirlangan chizma haqiqatan Uchinchi reyxning StG-44 hujum vintovkasiga tegishli ekanini tasdiqladi. U Kalashnikov haykali qo‘liga avtomat tutkazish ularning g‘oyasi ekani, qolgani esa “haykaltarosh va uning yordamchilari ijodiy fantaziyasi” ekanini urg‘uladi.

Monumentdagi noaniqlikka esa Rolling Wheels jurnali muharriri, harbiy texnika tarixchisi Yuriy Pasholok e’tibor qaratdi.

“Faqat bu tasodif, deb o‘tirmanglar. Buning uchun odamlar oldiga chiqarib, qattiq savalash kerak”, deb yozdi Yuriy Pasholok.

Sturmgewehr-44 deb nom olgan qurol 1944 yilda afsonaviy nemis konstruktori Hugo Shmaysser tomonidan yaratilgan va o‘sha yiliyoq Vermaxt soldatlariga tarqatilgan. Hugo Shmaysserning o‘zi urushdan keyin harbiy asir sifatida SSSRga olib chiqilgan va “Ijmash” zavodida qurol-yaroq konstruktorligi laboratoriyasini boshqargan. Urushdan keyingi yillarda yaratilgan AK-47 avtomati Sturmgewehr 44ning o‘zginasi ekaniga ancha yillardan buyon e’tibor qaratib kelinadi.

Shu bois, ayrim mutaxassislar darhaqiqat ajoyib “Kalashnikov” avtomatidan boshqa birorta jiddiy ixtiro qila olmagan Mixail Timofeevich Kalashnikovni plagiatda ayblab keladi.

Bu g‘oya rus qurolsozlari poytaxti bo‘lgan Ijevsk shahriga urushdan keyingi yillarda StG-44 yarimavtomatik vintovkaning 50 dan ziyod namunasi keltirilgani tarixiy hujjatlarda o‘z aksini topgani bilan tasdiqlanadi. Shunga qaramasdan, rossiyalik qurolsozlar “AK-47” va StG 44 o‘rtasida texnik jihatdan jiddiy tafovutlar borligini ta’kidlab kelmoqda.

Eslatish joyizki, Salavat Shcherbakov bunday xatolikka birinchi marotaba yo‘l qo‘yayotgani yo‘q: 2014 yilda u sovet soldatlariga o‘rnatilgan yana bir haykalda nemislarning “Mauzer” karabinini tasvirlagan edi. O‘shanda haykaltarosh yordamchilari bilan miltiqni arralab tashlagan edi.

Vladimir Putin davrida deyarli “saroy haykaltaroshi”ga aylangan Salavat Shcherbakov Moskvaning tarixiy Borovitskiy maydoniga o‘rnatilgan knyaz Buyuk Vladimir haykali muallifi hamdir.

Rossiya jamoatchiligi Rossiya poytaxtining tarixiy joylarida oxirgi paytlarda ko‘plab haykallarning o‘rnatilayotganiga qarshi chiqib kelmoqda.

Kalashnikovga ham haykal o‘rnatish fikri ko‘plab rus ziyolilari qarshiligiga uchragan edi. Masalan, musiqachi Andrey Makarevich Kalashnikov kompozitsiyasini “no‘noq va badbashara” deb atadi.

Plakatbozlik qurbonlari...

Bunday xato va noaniqliklar Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabasini keng nishonlash urf bo‘lgan Rossiya uchun birinchisi emas.

Bundan ikki yil oldin Ivanteevka shahri hukumati “Lyuftvaffe” uchuvchilari tasvirlangan “Ular Vatan uchun kurashishgan!” bannerini osib qo‘ygandi:

Blagoveshchenskda 2016 yilgi G‘alaba Kuniga osilgan plakatda pilotka kiyib olgan chaqaloq orqasida fashistlar Germaniyasi soldatlari tasvirlangan edi: plakatda “Men ham katta bobom kabi qaxramon bo‘laman!”, deb yozilgan;

Xuddi shu shaharda 23 fevral kuniga chiqarilgan bannerda tasvirlangan bayroq nafaqat teskari chizilgan, balki undagi samolyot va tanklar – yana o‘sha fashistlar Germaniyasiniki ekanini ko‘rish mumkin:

2013 yilda Zlatoust shahrida “Armata Autdor” kompaniyasi G‘alaba kuniga bag‘ishlab o‘rnatgan bannerda amerikalik soldatlarning 1945 yilda yaponlarning Ivodzima oroliga o‘z bayrog‘ini tikayotgani tasviri keltirildi:

Ustalar shahri sanalgan Zlatoustda joylashtirilgan mana bu bilbordda esa Guam oroli palmalari va tropik o‘rmoni fonida suratga tushgan amerikalik jangchi tavsirlangan. Plakatda “9 may G‘alaba Kuni bilan tabriklaymiz!”, deb yozilgan:

Mana bu bannerda esa ikki urush faxriysi ortida granata otayotgan yana bir nemis fashisti tasvirlangan:

“Bilimdonlar” Kaliningradda osib qo‘ygan mana bu tabrik bilbordidagi “Tan sihatlik, tinchlik va baxt tilayman!” yozuvi ostida esa nemislarning Panzer VI "Tigr" fotosurati joylashtirilgan:

XS
SM
MD
LG