Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:40

Eron AQSh ogohlantiruviga qaramay ballistik raketa sinovini o‘tkazdi


Eron rasmiylari yangi ballistik raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. AQSh ma’muriyati rasmiy Tehronni yadro quroli bo‘yicha tuzilgan ko‘p tomonlama bitimdan chiqishi mumkinligi xususida ogohlantirgan edi.

IRIB davlat teleradiokompaniyasi “Xurramshahr” raketasi sinoviga oid videolavhani namoyish etdi. Ushbu video ilk marta Tehron shahrida 22 sentabr kuni bo‘lgan o‘tgan dabdabali harbiy parad chog‘ida ko‘rsatilgan edi.

Teleradiokompaniya 23 sentabr kuni efirga uzatgan videolavhada aytilishicha, “bu Eronning 2000 km radiusni qamrab oluvchi uchinchi raketasidir”.

Davlat televideniesi sinov qachon o‘tkazilganini aytmadi, lekin Eron rasmiylari 22 sentabrda u “tez orada” sinovdan o‘tkaziladi, deb bayonot bergan edi.

Raketa sinovdan o‘tkazilgani XX asrning 80-yillarida Iroq bilan Eron o‘rtasidagi urushga bag‘ishlangan harbiy parad chog‘ida oshkor qilindi.

Prezident Hasan Ruhoniy parad vaqtida Tehron raketa dasturini va mamlakatning harbiy salohiyatini kuchaytirishni davom ettirishini aytdi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Erondan “xavfli raketalar”ni takomillashtirishni bas qilishni talab qilmoqda.

U 19 sentabrda Birlashgan Millatlar Bosh Assambleyasidagi ma’ruzasida Eronni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Tehron hukumatini “korrupsiyalashgan diktatura” deb atadi.

Shuningdek, u BMTga a’zo boshqa mamlakatlarni Eronga qarshi qattiqroq pozitsiyada turishga da’vat etdi hamda “biz qotil rejimning ushbu xavfli raketalar ishlab chiqarishga qaratilgan beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlariga befarq qarab tura olmaymiz”, dedi.

Tramp ma’ruzasida Eronning olti yetakchi mamlakat, jumladan, Qo‘shma Shtatlar bilan 2015 yili imzolagan yadro dasturi bo‘yicha bitimiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, Vashington “yadro dasturiga pana bo‘lib xizmat qiladigan bitimga rioya qila olmaydi”.

Ruhoniy 20 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Bosh Assambleyasidagi ma’ruzasida Trampning fikrlariga javob qaytardi hamda uning nutqi “nodonlarcha, bema’ni va nafrat ohangi”da bo‘lganini aytdi. U Eron hech qachon birinchi bo‘lib yadro dasturiga oid bitimni buzmasligi haqida bayonot berdi.

Tramp Eron bilan erishilgan yadro dasturiga oid bitim talablarini bajarishga oid qaror qabul qilgani yoki qilmagani aniq emas. O‘sha bitimga ko‘ra, Eron xalqaro sanksiyalar bekor qilinishi hisobiga yadro dasturini to‘xtatishga rozi bo‘lgan edi.

Tramp ma’muriyati ikki marta Eron yadro dasturiga oid bitim talablarini bajarayotganini tasdiqladi. Shu bilan birga Tehronning raketa sinovlari dasturi yadro quroli bo‘yicha bitim ruhiga zid ekanini bildirdi.

Vashington endi 15 oktabr kuni Eron hali ham o‘sha bitim talablarini bajarayotgani yoki bajarmayotganini e’lon qilishi kerak.

Eron bilan bitimni yana Rossiya, Xitoy, Britaniya, Fransiya va Germaniya imzolagan.

Vashington Eronning raketa sinovlari BMT qaroriga zid ekanini aytib, ushbu mamlakatga qarshi bir tomonlama sanksiyalar joriy qildi. Ushbu xalqaro tashkilot 2015 yili yadro dasturi bo‘yicha bitimni ma’qullagan va Eronni yadro quroli tashishi mumkin bo‘lgan raketalarni ishlab chiqarmaslikka chaqirgan edi.

Tehron BMT qarorida raketalar haqida hech narsa deyilmaganini va ular yadro quroli tashishga mo‘ljallanmaganini pesh qilmoqda.

XS
SM
MD
LG