Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:14

Sog‘lom tanaga ega bo‘lishni istagan erkaklar uchun 7 maslahat


Yaqinda o‘tkazilgan izlanishga ko‘ra, 18 yoshdan o‘tgan erkaklarning 12 foizidan oshig‘ining sog‘lig‘i o‘rta yoki nochor holatdadir.

Quyida erkaklar o‘z sog‘liqlarini yaxshilashlari uchun Birmingemdagi Alabama universiteti tibbiyot professorlaridan yetti maslahat bilan tanishishingiz mumkin.

Vitaminlarni to‘g‘ri tanlang

Qaysi vitamin sizga foyda olib kelishini aniqlang. Masalan, vegetarianlar yoki ichkilikka berilganlar uchun multivitaminlar foydali.

Vitaminlarni qaysi miqdorda ichish kerakligi haqida shifokor bilan maslahatlashish zarur. Masalan, A vitamini haddan tashqari ko‘p ichilsa, suyaklar mo‘rtlashishi va ko‘zlar xiralashishi mumkin.

Yurak va miya sog‘lom bo‘lishi uchun jismoniy mashq qiling

Yurak-tomir tizimini sog‘lom saqlashda muntazam ravishda jismoniy mashq bilan shug‘ullanish muhim o‘rin tutadi. Jismoniy mashq qon bosimini tushiradi, 2-tipdagi diabet oldini oladi va umrni uzaytiradi.

Birmingemdagi Alabama universitetining Xotira kasalliklari bo‘limi direktori doktor Devid Geldmaxer:

- Haftasiga 2,5 soat yengil mashq qilishni, masalan, tez yurishni tavsiya qilamiz. Jadalroq mashqlarni esa ozroq qilish mumkin, - deydi.

Chekishni tashlang

Tamaki chekishni yoki chaynashni tashlash juda mushkul bo‘lishi mumkin. Ammo ulardan voz kechish jinsiy hayotni, yurak va o‘pka faoliyatini yaxshilaydi.

Izlanishlar kashandalarda spermatozoidlar soni ozayishini va ularning harakatchanligi sustlashishini ko‘rsatadi. Bu esa erkaklarning farzand ko‘rishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ichimliklarni to‘g‘ri tanlang

Shakari ko‘p bo‘lgan ichimliklarni ichmang. Izlanishlar fruktozasi ko‘p ichimliklar va bo‘yrak toshlari o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatadi.

Uyg‘oq yurganingizda har ikki soatda 250-350 gramm suv ichish kerak. Jismoniy mashq qilayotib esa yanada ko‘proq suv ichish kerak. Qahva, choy, pivo yoki vinoni me’yorida ichish ham foydali: mazkur ichimliklar bo‘yrak toshi paydo bo‘lishi oldini olishi mumkin.

Ko‘proq meva va sabzavot iste’mol qiling

Kishi sog‘lig‘i uchun eng muhimi sog‘lom ovqatlanishdir. Yurak sog‘lig‘i va gormonlar miqdori sog‘lom dietaga bog‘liqdir.

Sog‘lom dieta esa meva va sabzavotlarni o‘z ichiga oladi. Sog‘lom ovqatlanish yana testosteron ishlab chiqarilishi va ereksiyani yaxshilaydi.

Teringizni asrang

Teri insonning eng katta organidir. Quyoshdan keladigan ultrabinafsha radiatsiya teri DNKsiga ziyon keltirishi mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan bu teri saratoniga olib kelishi mumkin. Eng keng tarqalgan teri raki turlari bazalioma, epidermoid saratoni va melanomadir. Shu sabab quyoshga chiqqanda, saqlovchi kremlar surting yoki yopiq kiyim kiying. Quyosh nurlari ertalabgi soat 10 dan kechki 5 gacha ayniqsa xavflidir.

Oilangizdagi kasalliklar tarixini biling

Amerikalik erkaklar orasida teri saratonidan keyin prostata saratoni eng keng tarqalgan rak kasalligidir. Oila a’zolaringizda prostata saratoni bilan chalinganlar bor yoki yo‘qligini aniqlang.

Ayrim eraklarda millati, irqi yoki oilaviy tarixi tufayli prostata saratoniga chalinish xavfi baland bo‘ladi. Bunday shaxslar 40 yoshga chiqqanda o‘zlarini tekshirtirishlari kerak.

XS
SM
MD
LG