Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:01

Andijon xalq ta’limi bo‘limi o‘quvchilarni qarg‘agan o‘qituvchiga ogohlantirish berdi


O‘qituvchi o‘quvchilarni qarg‘amoqda
O‘qituvchi o‘quvchilarni qarg‘amoqda

Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati shahardagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nigora Matkarimovaga bolalarni qarg‘agani uchun ogohlantirish berdi.

19 sentabrda Ozodlik 50 yashar Nigora Matkarimovaning ayni maktabning 5-sinfida o‘qiyotgan ikki o‘quvchini qarg‘ayotgani aks etgan videotasvirni tarqatgan edi.

Ayni maktabda ta’lim oluvchi boshqa bir o‘quvchi tomonidan Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali yuborilgan videoda Nigora Matkarimova ikki o‘quvchini: “Olloh jazoingni bersin! Oyog‘ing ishlamay shal bo‘lib qollaring! Mana shu maktabni bosisha olmagin!” deya qarg‘aydi.

Андижонлик ўқитувчи: Бола қўрқиб ҳушидан кетибдими¸ бурни қонабдими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:55 0:00

Ayon bo‘lishicha¸ o‘quvchilar uning ustidan o‘z ota-onalariga shikoyat qilishi ortidan ​Nigora Matkarimovaning ushbu qarg‘ishiga uchragan.

May oyida yuz bergan hodisani yoritgan Ozodlik muxbiriga Nigora Matkarimova dastlab o‘quvchilarni qarg‘amaganini aytdi:

- Cizga qaerdan keldi o‘sha xabar? Sizda bormi o‘sha dalil-isbot? Shunaqa bo‘lmagani uchun men dadil gapirayapman. Unaqa ishlar umuman qilinmagan. Men senga tushuntirayapman: ber viloyat hokimiyatiga. Nimaga tushunmaysan?! Bir SNBga, ber prokuraturaga. Menga sayrasana sen!, - degan edi Ozodlik muxbiri bilan birinchi suhbatda Matkarimova.

Ayol¸ Ozodlik yuborgan videotasvirlarni ko‘rgandan keyin ham, o‘quvchilarni qarg‘aganini e’tirof etmadi:

- Ha o‘sha gapni ham gapira olmaymi? Urmaganmanam, so‘kmaganmanam! Men urmabmanmi? Bola qo‘rqmagan. Qo‘rqib ketib hushidan ketibdimi? Burni qonab ketibdimi qo‘rqib? – degan edi Nigora Matkarimova.

Maxsus tekshiruv

Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari Muhiddin Turg‘unboevning aytishicha, Ozodlik tayyorlagan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan, bo‘lib o‘tgan hodisani o‘rganish maqsadida shahar ta’lim bo‘limi rahbariyati tomonidan maxsus tekshiruv guruhi tuzilgan.

Shahar ta’lim bo‘limidan maktabga borgan mutaxassislar hodisa haqiqatan bo‘lganini aniqlaganlar, ammo o‘qituvchiga ogohlantirish berish bilan cheklanganlar.

Muhiddin Turg‘unboev hozirda boshlang‘ich sinflarga ta’lim berayotgan Nigora Matkarimovaga “kamida hayfsan” berilishini bildirdi:

- To‘g‘ri o‘sha narsa bo‘lgan. Maktab ma’muriyati o‘zi chora ko‘rishi kerak. Biz o‘qituvchining o‘ziga boshqa bunday narsalar bo‘lmasligi kerakligini ogohlantirib o‘tdik. To‘g‘risi, hali chora ko‘ra olmadik, sababi maktabda rahbar yo‘qligi uchun. Maktab direktori shu voqea bo‘lishidan bir necha kun oldin, o‘z istagi bilan, ishdan bo‘shab ketgan. Hozircha ta’lim bo‘limi mudirini rahbarlikka vaqtincha qo‘ydik. Buyruq chiqqandan keyin bu voqeani qayta muhokamaga qo‘yish sharti bilan. Lekin, buyruq chiqqandan keyin, maktab ma’muriyati kamida hayfsan beradi. Chunki o‘qituvchining og‘zidan chiqqan gap yosh bolaga gapiriladigan gap emas, – dedi Muhiddin Turg‘unboev.

“Ota-onalar sababchi”

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Muhiddin Turg‘unboev tekshiruv jarayonida maktab o‘qituvchisiga nisbatan ota-onalar tomonidan “noo‘rin” munosabat bo‘lgani aniqlanganini ham ilova qildi:

-U yerda bunday hodisaning bo‘lishiga u yerdagi ota-onalar sababchi. Bu o‘qituvchining ortiqcha shaxsiyatiga tegib yuborilgan. To‘g‘ri, Nigora Matkarimova 2-toifali o‘qituvchi. Lekin, bu o‘qituvchi haqida ota-onalardan “jaloba” yoki boshqa narsa kuzatilmagan shuncha yildan beri. Ota-onalar arzimagan narsaga o‘qituvchini kelib asabiga tekkan, majbur qilib qo‘ygan mana shu narsani qilishga, - dedi Muhiddin Turg‘unboev.

O‘zbekiston 1992 yilda BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan.

Ushbu xalqaro hujjatga qo‘shilgan mamlakat bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning sha’ni va qadr-qimmatini, shafqatsiz muomala, jumladan, jismoniy tajovvuzdan himoya qilish majburiyatini olgan.

O‘zbekistonda, mavjud me’yoriy hujjatlarga qaramay, o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan haqoratlanishi va kaltaklanishi, ayniqsa, qishloq maktablarida ko‘p uchraydi.

Shu yil fevral oyida Namangan shahridagi 43-o‘rta maktabda o‘quvchisini urgan ingliz tili o‘qituvchisiga hayfsan berilgan edi.

Ikki yil muqaddam Buxoroda boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazgandi.

2010 yilda Surxondaryoda paxta terish me’yorini bajarmagan talabalar kollej o‘qituvchilari tomonidan qamchilangan edi.

XS
SM
MD
LG