Линклар

Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti talabalari hijobini yechmagani, ro‘molini orqadan o‘ramagani bois, 1 haftadirki o‘qishga qo‘yilmayapti. Yaqinlarining aytishicha, institut ma’muriyati ichki tartibga asoslanib, qizlardan ro‘molini orqadan o‘rashni talab qilmoqda. Institutning Toshkentdagi rahbariyati taqiq borligini tasdiqladi, ammo sabablarini izohlamadi. Diniy idora rahbariyati esa, bu kabi shikoyatlarga yechim izlanayotganini bildirdi.

E’lon: "Diniy kiyimda yurish mumkinmas"

Singapur Menejmentni rivojlantirish institutining birinchi bosqichida kontrakt-to‘lov asosida o‘qishni boshlagan ro‘molli talabaning yaqini har kuni ertalab qiz ta’lim dargohi ostonasidan qaytarilayotganini bildirdi.

"Qizimiz necha kundan beri institut binosiga kiritilmayapti, darsga qo‘yilmayapti. Ro‘molini orqadan o‘rab bordi bugun, lekin ichidan bo‘ynini yopgan edi. Baribir qo‘yishmapti, bo‘ynini ochib yurishni talab qilishyapti endi. Qorovulxona eshigiga "diniy kiyimda yurish mumkinmas" degan qonunni ilib qo‘yishibdi", deb ma’lumot berdi talabaning yaqini, ismini sir saqlash sharti bilan.

Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil
Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil

"Ro‘mol institut ichki tartibiga zid"

Institutning yuqori bosqichida o‘qiyotgan talabalardan yana birining ismini sir saqlashni so‘ragan yaqiniga ko‘ra, shu kunga o‘tgan yillarda talabalarga bunday talab qo‘yilmagan edi.

Uning aytishicha, institutning turli bosqichlarida 20 ga yaqin ro‘molli talaba o‘qiydi.

"Har kuni ertalab institut eshigi oldida janjal. Ma’naviyat bo‘limining rahbari: "Ichki tartib shunaqa, ko‘zga tashlanadigan kiyim kiyish mumkin emas. Hijob, ro‘mol ko‘zga tashlanadigan kiyim", deyapti. Rektorning yordamchisiman degan bittasi bo‘lsa: "Bu diniy kiyim, tepadan diniy kiyim kiydirmang, degan buyruq bor", deyapti. Ikki kishidan - ikki xil gap. Biz 5 ming dollar kontrakt to‘lab qo‘yganmiz, qizim darsga kiritilmayapti. Lekin, bizda vijdon erkinligi bor-ku, buning ustiga diniy libos degani ro‘molmas-ku?! Butun O‘zbekistonni xotinlari diniy libosda yuripti ekan-da unda?", deydi ismini sir saqlashni istagan ayol.

Institut eshigiga ilingan e’londa esa, 1998 yilda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi qonunning 14-moddasi keltirilgan. Ushbu moddada: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan.

Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil
Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil

"Rahbariyatga rasman murojaat qiling"

Ozodlik shikoyatlar ortidan institut rahbariyatiga bog‘landi. Rektor qabulxonasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim ro‘mol va hijob taqiqlanganini inkor qilmadi, ammo bu borada biror rasmiy izoh bermadi.

Talabalarning ota-onalariga ichki tartibni sabab qilib keltirgan mas’ul - Ma’naviyat bo‘limining rahbari Mansur Sarimsoqov ham ro‘mol va hijob taqiqlanganini inkor qilmadi. Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda: "Institutimiz rahbariyatiga rasman murojaat qiling, o‘shanda rasmiy javob olasiz", deb javob berdi. Ozodlik rasmiy maktub yo‘lladi va unga javob kutmoqda.

Ammo, talabalardan biri institutning Singapurdagi rahbariyatiga yo‘llagan maktubiga berilgan javobni Ozodlikka taqdim qildi. Maktubda rahbariyat nomidan talabaga javob yo‘llagan mulozim bu masalada biror izoh berolmasligini bildirgan va bu muammoni hal qilish uchun Toshkentdagi institut rahbariyatiga murojaat qilishni tavsiya qilgan.

Ozodlik institutning Singapurdagi idorasiga ham bog‘landi. Idora mulozimi Toshkentdagi o‘quv yurtda shunday muammo borligidan xabardorligini aytdi, bu borada rasmiy munosabat olish uchun rasman maktub yo‘llashni tavsiya qildi. Ozodlik rasmiy maktub yo‘lladi va unga ham javob kutmoqda.

Ichki tartib: "Ko‘zga tashlanadigan kiyim mumkinmas"

Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti sobiq talabasining Ozodlikka aytishicha, aslida ichki tartibda talabalarning ko‘zga tashlanadigan kiyim kiyishi mumkinmasligi belgilangan.

"Talabalar kitobida ko‘zga tashlanadigan kiyim kiyish mumkinmas, deb yozilgan. Lekin, har qanday bilim dargohining ichki tartibi - shaxslarning fundamental huquqlariga zid bo‘lmasligi kerak, to‘g‘rimi? Musulmon ayollar ro‘mol o‘raydi va buni taqiqlashga hech kimning haqqi yo‘q. Muhimi, O‘zbekistonning qonunida yo‘q - ro‘mol, hijob - diniy libosga kiradi, degan gap", deydi institutning sobiq talabasi.

Diniy idora: "Shikoyat ko‘p, yechim izlayapmiz"

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbariyati Toshkentda ro‘molli o‘quvchi va talaba qizlar o‘qishga qo‘yilmayotgani haqida shikoyatlar ko‘p kelayotganini bildirdi.

Singapur menejmentni rivojlantirish institutidagi ahvol haqida esa Ozodlik muxibiridan eshitganini aytgan idora vakili hozirda bu kabi holatlarga oid shikoyatlar jamlanib, muammoni hal qilish yo‘llariga odi tavsiyalar tegishli idoralarga berilgan va ayni vaqtda javob kutilayotganini aytdi.

Idora rahbariyatidan bundan ortiq javob olishning, hozircha, imkoni bo‘lmadi.

Kutilmoqda: "Qonunga diniy libos aniqlamasi kiritiladi"

1998 yildagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgan.

Qonunda taqiqlangan “ibodat libosi” iborasiga izoh berilmagan. Ammo, 2014 yilda Ozodlikka kelib tushgan rasmiy hujjat - O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimovning fuqarolardan biriga bergan javob xatida bosh kiyimlar - “yaktak, do‘ppi, ro‘mol” va “diniy qoidalar berkitishni talab qilgan a’zolarni yopib turuvchi kiyim" diniy libos emasligi aytilgan edi.

Tashabbus uz sayti tahririyati chop etgan hujjat.
Tashabbus uz sayti tahririyati chop etgan hujjat.

Qonunda konkret aniqlamasi keltirilmagan "diniy libos" jumlasiga sharh yozilayotgani haqida esa 2013 yilda xabar qilingan edi. Diniy idora raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, "bu masalada hanuz bir yangilik yo‘q, ammo tez orada o‘zgarish bo‘lishiga umid qilinmoqda".

XS
SM
MD
LG