Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:54

Buxoro prokurori prezidentga arz qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga tahdid qilmoqda


Bir guruh buxorolik tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha¸ ular 7-8 sentabr kunlari viloyatga borgan huquq va adliya tizimlari rahbarlari bilan uchrashib¸ o‘z muammolarini hal qilishda yordam so‘rashga uringan. Ularni katta va’dalar bilan bu uchrashuvdan qaytargan viloyat prokurori¸ Toshkentdan kelgan sayyor guruh qaytib ketishi bilan¸ arzchilarni jinoiy ish ochish bilan qo‘rqitishga kirishgan.

Uchrashuvdan oldin - shirinkulcha...

Ozodlikka murojaat qilgan buxorolik tadbirkorlarga ko‘ra¸ xalq arzini eshitish uchun Toshkentdan prezident maslahatchisi U. Ismoilov boshchiligida maxsus guruh kelishi arafasida Buxoro rasmiylari prezident portaliga bir necha bor ariza yozgan “Dilkusho” bozoridagi savdogarlar bilan alohida uchrashuv o‘tkazgan.

Shahar markazidagi kritiy bozorni ("Dilkusho" bozorining xalq orasidagi nomi - tahr.) aprel oyida buzishdi. Shundan beri bozor o‘rni vayrona bo‘lib yotipti¸ 300 dan oshiq tadbirkorga na boshqa joydan yer¸ na kompensatsiya berildi. Viloyat hokimligi shikoyatlarimizni bir pulga olmay qo‘ygan. Shunga tadbirkorlar birgalashib¸ prezident maslahatchisi kelsa¸ oldiga kiramiz¸ deb turgandik¸ 6 sentabr kuni Buxoro shahar hokimi Karim Jamolovich biz bilan uchrashadigan bo‘lib qoldi. 200 ga yaqin odamni yig‘ib¸ rosa katta va’dalar berdi – eski mebel fabrikasini zamonaviy bozor qilamiz¸ shu yerdan 1 ni 1¸5 qilib¸ joy olasizlar¸ hammasi zo‘r bo‘ladi¸ zerikmanglar¸ deyishdi”¸ deb hikoya qiladi bu majlisda qatnashgan tadbirkorlardan biri ismi sir qolish sharti bilan.

Bunday va’dalarga qaramay¸ “Dilkusho” bozoridagi tadbirkorlar nomidan¸ asosan¸ ularning ayollari to‘planib¸ 8 sentabr kuni Toshkentdan kelgan rahbarlar oldiga kirib¸ arzu hol qilmoqchi bo‘lganlar.

Buxoro pedinstituti binosida davlat maslahatchisi¸ Bosh prokuror¸ Oliy sud raisi va yana boshqalar arzchilarni qabul qiladi¸ deyishdi. Bordik. Biz Bosh prokuror Abdullaevga yozildik. Lekin bizni Bosh prokuror emas¸ viloyat prokurori chaqirdi. “Bosh prokuror baribir arizalaringizni menga topshiradi. Shuning uchun o‘zim gaplashaman. Hal qilamiz¸ Bosh prokurorga kirmanglar”¸ deb yaxshi gapirib¸ chiroyli va’dalar berdi. Biz ham ishonib qaytdik”¸ deydi sayyor qabulxonaga arz bilan borib¸ viloyat prokurori Bahriddin Valiev oldidan qaytgan tadbirkorlardan biri.

Uchrashuvdan keyin - qamchin!

Buxorolik tadbirkorlar iddaosicha¸ Toshkentdan kelgan guruh qaytib ketishidan ko‘p o‘tmay¸ Buxoro viloyati prokurori Valiev arzchilarni birma-bir chaqirtirishga o‘tgan.

“Bu gal muomala butunlay boshqacha bo‘ldi. Do‘q-po‘pisa¸ hammangni qamataman¸ degan tahdid. Hamma tadbirkorga qarshi qo‘lida delo tayyor emish¸ haddimizdan oshsak¸ qamab tashlarmish. Biz juda og‘ir ahvolda qoldik – bozordagi joyimizni buzib¸ ko‘chada¸ ishsiz qoldirishdi. Qonuniy arz qilsak¸ bunaqa tahdid. Faqat biz emas¸ qarindoshlarimiz¸ bolalarimizga ham bosim qilishayapti. Kar’erasini buzamiz¸ ishdan haydaymiz¸ degan mazmunda. Bular prezidentning xalq bilan muloqotini¸ tadbirkorlarni himoya qilaman¸ deganini bir tiyinga olmayaptiku!”¸ deydi prokuror tahdididan qo‘rqib¸ o‘z shaxsi ochiqlanishini istamagan tadbirkorlardan yana biri.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ shahar hokimi va viloyat prokurorining avvalgi katta va’dalari¸ respublika rahbarlari ketganidan so‘ng prokuror qilgan tahdidlarni mobil telefonga yozib olishning iloji bo‘lmagan.

Hokim bilan uchrashuvda militsionerlar qarab turdi¸telefonini qo‘lga olganning oldiga kelib¸ o‘chiring¸ deb turishdi. Prokuror bilan uchrashuvga umuman telefon bilan qo‘yishmadi”¸ dedi buxorolik tadbirkorlar.

“Dilkusho” bozoridan quvilgan 300 dan oshiq tadbirkor muammosining olti oydan beri hal etilmay kelayotgani sabablarini o‘rganish maqsadida Buxoro shahar va viloyati hokimligiga qilingan murojaatlar natijasiz qoldi.

Bu masalaga mas’ul deb aytilgan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Maqsudov Ozodlik savolini eshitar-eshitmas telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Viloyat prokurorining o‘z qonuniy haqqi va prezident bergan imkoniyatdan foydalanishga uringan tadbirkorlarga tahdid qilayotgani iddosiga bu idora vakillaridan ham izoh olib bo‘lmadi – Buxoro viloyat prokuraturasining jamoatchilikka taqdim etilgan telefon raqamlariga (365) 223-74-79¸ 2215768) kun davomida hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG