Линклар

"Ukrainada qurol-aslaha omborida bo‘lgan portlash qo‘poruvchilarning ishi"

  • Озодлик

Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko bayonot berib, ayni choqda tergovchilar Markaziy Ukrainada ro‘y bergan ommaviy portlash va yong‘in qo‘poruvchilarning ishi ekani haqidagi taxmin ustida ish olib borayotganini aytdi. Unga ko‘ra, qo‘poruvchilar buning uchun detonator – portlatgich moddadan foydalangan bo‘lishi mumkin.

Lutsenko 29 sentabr kuni “Inter” telekanaliga bergan intervyusida tergovchilar Vinnitsa viloyatining Kalinivka shahri yaqinidagi qurol-aslaha omboridagi portlashga dron – yerdan boshqariladigan uchoq sabab bo‘lganiga ishonmayotganini ma’lum qildi.

Kalinivkada uchuvchisiz havo qurilmasi portlashga sabab bo‘lganiga hech qanday isbotimiz yo‘q, lekin detonator qo‘llanganiga barcha dalillarimiz bor, portlashni o‘sha keltirib chiqarganga o‘xshaydi, – dedi u.

Lutsenkoning fikricha, odamlar joriy yil bahorida Xarkov shahri yaqinidagi Balakleya qishlog‘ida yerdan boshqariladigan uchoqni ko‘rgan. Tergovchilar o‘sha qurilma 23 mart kuni qurol-aslaha omborida portlashni keltirib chiqargan, deb hisoblaydi.

– Hammamiz qo‘poruvchilik alomatlarini ko‘rib turibmiz... Rossiya bilan Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan Balakleya qishlog‘ida noma’lum havo qurilmasi uchib yurganini ko‘rdik va u o‘sha yerda o‘q-dori omboriga termobarik zaryadni tashlab, portlash sodir etdi. Shuning uchun bu Rossiyaning harbiy qudratimizga zarar etkazuvchi qo‘poruvchiligidir, – dedi u “Inter” TVga.

Balakleya bazasi Rossiya chegarasi yaqinida hamda hukumat kuchlari bilan Rossiya qo‘llayotgan ayirmachilar o‘rtasidagi front liniyasidan 100 km uzoqlikda joylashgan.

Shu bilan birga Lutsenko Kalinivkadagi o‘q-dori omborining portlashida Ukraina xavfsizlik kuchlarining sovuqqonligi ham sabab bo‘lgani haqidagi taxminni inkor qilmadi.

“Yaqinda ro‘y bergan barcha portlashlar Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushning bir qismi deb taxmin qilyapmiz”, dedi u "Inter" TVga.

Kalinivkada ham, Balakleyada ham portlash kechasi ro‘y berdi, atrofdagi aholi punktlaridan minglab kishilarni ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.

Kalinivkadagi 26 sentabr kuni boshlangan portlashlar sabab 30 ming kishi uylaridan ko‘chirildi, ikki kishi esa yaralandi. Balakliyadagi portlash esa ikki kishining o‘limiga olib keldi. Bir ayol o‘sha joyning o‘zida halok bo‘ldi, boshqa birov esa keyinroq kasalxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Ukraina hokimiyat idoralarining bildirishicha, Kalinivkadan ko‘chirilgan barcha aholiga 28 sentabr kuni uylariga qaytishga ruxsat berildi. Portlashlar to‘xtamaganiga qaramay, aholi hayotiga xavf yo‘qligi aytildi.

XS
SM
MD
LG