Линклар

Rossiya Belarusda qo‘shin qoldirgani haqidagi Kiev iddaosini rad etdi

  • Озодлик

Belarus reaktiv uchoqlari 19 sentabr kuni “Zapad-2017” harbiy mashqlari paytida ushbu mamlakatning Volka qishlog‘i ustidan uchib o‘tmoqda

Ukraina Moskvani “Zapad – 2017” qo‘shma strategik harbiy mashqlarini o‘tkazgandan so‘ng qo‘shinlarining bir qismini Belarusda qoldirganini iddao qilmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligi bu vaziyat Moskva bilan Kiev o‘rtasidagi tanglikni yanada murakkablashtirishidan ogohlantirdi. Biroq Rossiya hukumati ushbu iddaoni rad etmoqda.

Zapad – 2017” qo‘shma strategik harbiy mashqlarda qatnashgan Rossiya qo‘shinlari doimiy bazalariga qaytib keldi", dedi Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Iigor Konashenkov, 30 sentabr kuni elektron pochta orqali yuborgan bayonotida.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Viktor Mujenko 29 sentabr kuni Reyter agentligiga Moskva bilan Kiev o‘rtasidagi tanglikni yanada murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan bayonot berdi.

Ushbu tanglik Rossiya 2014 yili Qrimni bosib olgani va Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani sabab vujudga kelgan edi.

14-20 sentabr kuni Belarus va Rossiya g‘arbida bo‘lib o‘tgan harbiy mashqlar NATOga a’zo qo‘shni mamlakatlarda Moskvaning niyatlari yaxshi emasligidan xavotir uyg‘otdi. Chunki Rossiyaning Qrimni bosib olgani va Ukrainaning sharqiy viloyatlaridagi harbiy aralashuvlaridan so‘ng bu davlatning qo‘shni davlatlarga nisbatan har qanday xatti-harakati shubha uyg‘otmoqda.

Moskva bilan Minsk harbiy mashqlarida ikkala mamlakatdan 12,700 nafar harbiy xizmatchi qatnashganini aytmoqda, ammo G‘arb mamlakatlari hukumatlari vakillari qatnashchilar soni 100 ming kishi bo‘lganini taxmin qilmoqda.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko harbiy mashqlarning so‘nggi kuni ularda qatnashgan Rossiya qo‘shinlari Belarusdan chiqib ketishini aytgan edi.

Belarus Mudofaa vazirligi vakiliga ko‘ra, “Zapad – 2017” mashqlarida qatnashgan rus qo‘shinlari ortilgan so‘nggi poezd 28 sentabr kuni mamlakatdan chiqib ketgan.

XS
SM
MD
LG