Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 02:17

Samarqandda abort qilingan 4 homilaning 2 tasi insest mahsuli bo‘lgan

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Samarqandagi tibbiyot birlashmasi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida “noqonuniy abort qilganlikda” hamda "abort qilingan homilalarni mufel pechida yoqishga uringanlikda" ayblanayotgan 2 vrach ishini ko‘rish jarayonida “insest” iddaosi yuzaga chiqdi.

Sud jarayonini kuzatayotgan mahalliy bloggerning Ozodlikka aytishicha¸ Samarqand shahrining Qoshg‘ariy ko‘chasida joylashgan 2- tug‘ruqxona majmuasining mufel pechida chala yongan 4 homilaning 2 tasi insest natijasi bo‘lgan.

- Joriy yilning 16 martida tug‘ruqxona mufel pechida gaz kam kelgani uchun yonmay qolgan 4 homiladan 2 tasi bo‘yicha guvohlar sudda ko‘rsatma berdi. Guvohlardan biriga ko‘ra¸ Samarqanddagi universitetlardan birining 24 yashar talabasi 17 yashar singlisini zo‘rlagan¸ deydi blogger. Uning guvohlarga tayanib aytishicha, “akasidan homilador bo‘lgan qiz abort qildirish uchun Samarqanddagi hususiy klinikaga murojaat qilgan". (Klinika nomi va manziliga oid ma’lumot Ozodlikda mavjud)

Akasi zo‘rlagan singil homilasi mufel pechida yonmay qoldi

Samarqand viloyat prokuraturasining ismi sir qolishini istagan tergovchisining aytishicha¸ mazkur klinika “abort qilishga ruxsati bo‘lmagan holda, akasidan bo‘yida bo‘lgan ayolning homilasini tushirgan va Samarqand shahar 2- tug‘ruqxona majmuasining tibbiy qoldiqlar yoqiladigan pechida iznsiz yoqishga uringan".

Tergovchiga ko‘ra¸ shu kunlarda 2- tug‘ruqxonanaing 1 vrachi va yana 1 hususiy klinika vrachi (ismlari Ozodlikda mavjud) ustidan sud jarayoni ketmoqda:

"O‘zbekistonda abort qilish faqat davlatga oid kasalxonalarda amalga oshiriladi¸ xususiy klinikalarning bunga haqi yo‘q", dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan prokuratura tergovchisi.

Uning yana aytishicha, “bolasini oldirgan ayollardan ikkitasi insest qurboni bo‘lgan. Ulardan biri akasidan, yana biri esa tog‘asidan homilador bo‘lgan. Sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib bolasini oldirishgan. Abort qilingan homilalar pechkada yonmay qolgani bois, ko‘p narsa o‘rtaga chiqdi", dedi tergovchi

“Qiz akasi tomonidan ikki marta zo‘rlangan va homilador bo‘lib qolgan. Lekin otasidan qo‘rqib buni hech kimga aytmay yurgan”¸ dedi yana tergovchi.

Samarqand shahar 2- tug‘ruqxona majmuasi bosh vrachi Ilhom Hazratqulovning Ozodlikka aytishicha¸ homila va tana qoldiqlarini majmua hududidagi mufel pechida yoqishga urinish yuzasidan uning o‘zi huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.

- Majmuada krematoriy yo‘q. Shprits¸ marli¸ ishlatilgan bint kabi tibbiy qoldiqlarni yoqish uchun mufel pechi bor. Noqonuniy abort bilan shug‘ullangan vrachlar bu pechdan iznsiz foydalanishgan. O‘sha kechasi gaz kam kelgani bois homilalar yonmay qolgan. 4 ta chala yongan homila topildi. Shuni aytishim mumkinki, qonunsiz abort bizning klinikada emas, xususiy klinikada qilingan.Lekin bizning klinikadan bitta vrach bu ishga aralashgan. Homilalardan 2 tasi insest natijasida tug‘ilgan degan gap endi chiqdi¸ dedi Hazratqulov.

Unga ko‘ra¸ shu kunlarda mufel pechi nazoratga olingan va pechning atrofi temir panjara bilan o‘ralgan.

- Qoidaga ko‘ra¸ tana qoldiqlari yoqilishi mumkin emas, ular faqat ko‘milishi lozim,- dedi Xazratqulov.

Samarqand viloyat perinatal markazi bo‘lim boshlig‘i¸ viloyat kengashi deputati Gulnora Jo‘raevaning Ozodlikka aytishicha¸ xususiy klinikalarda qonunga zid tarzda abort qilish va yomon ijtimoiy muhit mahsuli - insest (yaqin qarindoshlar orasida jinsiy aloqa) masalasi nazoratga olingan:

- Aslida, singilning akasidan homilador bo‘lishiga vrachlarning aloqasi yo‘q. Ular oqibat bilan yuzlashgan xolos. Insest yomon ijtimoiy muhit mahsulidir. Bu tarbiya va ma’naviyat tanqisligi hosilasidir. Vrachlar insest ekanligi uchun emas, balki tibbiy zarurat bois abort qilishadi. Masalan, insest oqibatida bolaning majruhligi aniqlansa¸ dedi suhbatdosh.

Akasi yo otasidan tug‘ayotgan qizlar ko‘paymoqdami?

Akasi yo otasidan tug‘ayotganlar mavzusi O‘zbekiston rasmiy matbuotida deyarli yoritilmaydi. Hozir Yoshlar Ittifoqi raisi lavoimida faoliyat ko‘rsatayotgan Qaxramon Quronboev “akasi yo otasidan tug‘ayotgan qizlar ko‘paymoqda”, deb aytgan yagona mulozim sifatida ko‘riladi.

2015 yil Respublika Ma’naviyat-targ‘ibot markazi rahbari sifatida gapirgan Qahramon Quronboev ”ota mehri va qahridan bexabar¸ ma’naviyatdan mahrum avlod orasida insest ko‘paygani”dan havotir bildirgan edi:

- 2013 yilgi ma’lumotni aytaman. 13 yoshli 200 dan oshiq qizimiz tug‘ib qo‘ydi. 13 yoshida 200 tadan oshiq o‘zbekistonlik qiz tug‘di! Mana yaqinda eshitgan bo‘lsanglar¸ Xorazmda 12 yashar qiz o‘zining akasidan tug‘di. Toshkent shahrida o‘tgan yili bo‘lgan voqea – Yunusobodda ikkita 13 yashar qizimiz o‘zining otasidan tug‘di. Mana endi savol tug‘iladi – ma’naviyat kerakmi yo kerak emasmi? degan edi Qahramon Quronboev.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida “noqonuniy abort qilganlikda” hamda "abort qilingan homilalarni mufel pechida yoqishga uringanlikda" ayblanayotgan 2 vrach ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Sudning navbatdagi majlisi o‘tgan hafta oxirida - juma kuni bo‘lib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG