Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:21

Moskvada muhojir o‘zbek millatdoshini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlanmoqda


Moskvadagi qurilishdan birida 2017 yilning 26 sentabrida topilgan jasad 33 yoshli qirg‘izistonlik Farrux Nasipovning jasadi ekani ma’lum bo‘ldi. Tergovchilar Nasipovni bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlab, shu qurilishda ishlagan 35 yoshli xorazmlik O. I.ni qo‘lga oldi.

30 sentabr kuni marhumning jasadi o‘z yurtiga – Jalolobod viloyat, Olabuqa tumaniga jo‘natildi.

Farrux Nasipovning jasadi Moskvaning janubi-g‘arbidagi Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi markazi hududida borayotgan qurilishda shu yilning 26 sentabri, kechki 9larda topildi.

Nasipovni bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlanib shu qurilishda u bilan birga ishlagan 35 yoshli xorazmlik O. I. ismli shaxs Domodedovo shahrida qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonlik Otajon I. qotillikda gumonlanmoqda
O‘zbekistonlik Otajon I. qotillikda gumonlanmoqda

Ozodlik o‘ldirilgan Farruxning amakisi Akmalxon bilan uchrashdi. Akmalxonning aytishicha, Farrux va O. o‘rtasida janjal qarz ustida chiqqan:

- Jiyanim 33 ming rubl qarz olgan ekan. Ular birga bo‘lgan ekanu, yarim soat ichida u bola yo‘q bo‘lib qolibdi. Jiyanimga prorabi telefon qilib, tusha olmabdi. Keyin qarasa axlat konteyner orqasida o‘ligi yotgan ekan – sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirilgan ekan. Bu bola esa : “Men metroga ketdim, 11 ming pulimni olib”, debdi. Videokameraga tergovchilar qarasa, u bola qo‘lida sirtmoq bilan tushib qolgan ekan. O‘zi Xorazmda sobiq melisa bo‘lgan, hozir shu yerda oilasi bilan ekan. Ikkalasi qurilishda birga ishlashgan ekan, dedi Akmalxon.

Suhbatdosh qotillikda ayblanayotgan O. Farruxning cho‘ntagidan 11 ming rubl va qo‘l telefonini olib ketganlikda ham gumonlanayotganini bildirdi.

Ushbu jinoyat yuzasidan Moskva shahar Tergov qo‘mitasining Gagarin tumanlararo bo‘limi surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Jinoyat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105- moddasi 1- qismi, ya’ni “Qotillik” asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.

Jasad sud-tibbiy ekspertiza uchun dastlab Tsaritsino tuman morgiga jo‘natildi.

Akmalxon jiyani Farrux Nasipovning ikki voyaga yetmagan o‘g‘li va xotini boquvchisiz qolganini ham aytdi.

30 sentabr kuni Farrux Nasipov jasadi Domodedovo aeroportidan jo‘natildi
30 sentabr kuni Farrux Nasipov jasadi Domodedovo aeroportidan jo‘natildi

30 sentabr kuni Farruxning tobuti yaqinlari hamrohligida Moskvadan o‘z yurti - Jalolobodning Olabuqa tumaniga jo‘natildi. Muhojirni jo‘natishga Qirg‘iziston elchixonasi vakillari ko‘maklashdi.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyadan asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonga yiliga 7 mingdan ziyod muhojir jasadi solingan tobut - “Gruz-200” jo‘natiladi.

Mahalliy dafn etish byurosida ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan Lyubov Rezenova - Farruxning jasadini Qirg‘izistonga jo‘natishda ko‘maklashgan shaxslardan biri.

Lyubov Vladimirovna ushbu davlat rahbarlarini Rossiyada ishlayotgan migrantlar masalalariga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi:

- Bu yerda bir tiyinga ishlab, o‘lib ketayotgan farzandlaringizni ne ahvolga soldingiz?! Och-nahor, sovuqda 12 soatlab ishlayapti ular! Mana Farruxning ham ikkita bolasi yetim qoldi. Odamlarga bunday munosabatda bo‘lish mumkinmi?! Musulmon ayollar pol yuvayapti, hojatxonalarni tozalayapti – bunaqasini qaerda ko‘rgansiz?! Faqat yoshlaringiz o‘lib ketayapti – ota-onalar kelib ularni ko‘mgani olib ketyapti. Mana shu morgdan har kuni tobutlar ketayapti Markaziy Osiyoga. Nima qilib qo‘yganingizni bir ko‘ring – och qizlar axlatxona tozalab yuribdi! Bu qanaqa hukumatlar ekanki, musulmon ayollar farzandlarini Bolalar uyiga tashlab ketmoqda? Shu narsalarni hukumatlaringizga yetkazing. Sharmandalikku bu! dedi Lyubov Rezenova.

XS
SM
MD
LG