Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 10:55

2013 yili oliygohlarda o‘qitish tugatilgan siyosatshunoslik fanini qayta o‘quv dasturga kiritish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.¸ Ozodlik suhbalashgan rasmiylarga ko‘ra¸ hukumat hozircha bir qarorga kelmagan. Ayni paytda mutaxassislar¸ siyosatshunoslikning qaytarilishi¸ ayniqsa¸ davlat boshqaruv siyosatini isloh qilish urinishi davrida dolzarb ekanini ta’kidlamoqda.

O‘zbekistondagi ayrim Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda siyosatshunoslik fanining “reabilitatsiya” bo‘lgani va joriy o‘quv yilidan bu fanni o‘qitish qayta boshlanishi haqida norasmiy xabarlar tarqadi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylari¸ bu xabarlarni na tasdiqlash va na inkor etish vaziyatida ekanini bildirdi.

“Bu fanni oliy o‘quv yurtlarining tegishli yo‘nalishlariga qaytarish bo‘yicha taklif bor. Bu aniq. Bu taklif yuzasidan tegishli qaror chiqarish Vazirlar Mahkamasida qolgan. Bilishimcha¸ Diplomatiya¸ Jahon tillari kabi universitetlarda siyosatshunoslik fanidan darslarni qaytarish haqida gap bo‘layapti. Lekin masala hali siyosatshunoslik yo‘nalishini qayta ochib¸ unga talaba qabul qilishgacha borib yetmadi”¸ dedi Oliy ta’lim vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mutasaddilaridan biri.

Vazirlikning o‘quv darsliklari rejasini tuzish uchun mas’ul boshqarmasi rasmiysi esa¸ 2017-2018 yillar uchun o‘quv rejasining allaqachon tasdiqlangani va unga endi o‘zgartish kiritilmasligini ta’kidladi.

“Bu yilgi o‘quv dasturiga siyosatshunoslik degan fan kiritilmagan. Bu yil kiritilmaydi ham. Kelasi yilgi o‘quv rejasiga kiritishga oid hozircha qo‘limizda hech qanday rasmiy ko‘rsatma ham yo‘q”¸ dedi oliy o‘quv yurtlari dasturlarini tasdiqlovchi boshqarmaning Ozodlik bog‘langan mulozimi.

Ayni paytda¸ Uzmetronom internet gazetasi o‘z manbalariga tayanib turib¸ prezident Mirziyoevning siyosatshunoslik fanini reabilitatsiya qilgani va o‘quv dasturlariga qaytarish haqida qaror qabul qilgani haqida yozdi.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida bunday qaror borligini tasdiqlovchi biror rasmiy hujjat yo‘q.

Taniqli siyosatshunos olim¸ hozirda Toshkentdagi “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi rahbari Farhod Tolipov joriy yil boshida prezident virtual qabulxonasiga O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik fanini o‘qitishni qayta tiklash taklifi bilan murojaat qilgan mutaxassislardan biri.

2 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Farhod Tolipov¸ o‘zi uzoq yillar ishlagan Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosatshunoslik fanining bu yilgi o‘quv dasturiga kiritilmaganini aytdi.

Ayni paytda suhbatdosh¸ o‘zining prezident qabulxonasiga yozgan taklifi tegishli tarzda o‘rganib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

- Men yil boshida virtual qabulxonaga murojaat qilib¸o‘z takliflarimni kiritgan edim. Xususan¸ 2013 yili universitetlardagi politologiya fakultetlari yopilib¸ bu fanni o‘qitish tugatilgan edi. Ko‘rsatilgan sabablar¸ berilgan tushuntirishlar biz mutaxassislarni qanoatlantirmagan edi. Bunaqa bo‘lishi kerak emas¸ deb jahon tajribalarigayam murojaat qilib¸ shaxsan o‘zimdan takliflarimni kiritib¸ politologiyani qaytarsak maqsadga muvofiq bo‘lardi¸ deb yozgan edim. O‘shandan keyin¸ bu murojaatim ko‘rilib¸ Fanlar akademiyasiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. O‘z navbatida Fanlar akademiyasi bu taklifni Diplomatiya universitetiga maslahat uchun yuborgan¸ Diplomatiya universiteti ijobiy javob bergan. Bu fan ular uchun asosiy fanlardan bo‘lgani bois¸ ular bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan¸ deydi Farhod Tolipov.

Suhbat davomida bu mutaxassis¸ O‘zbekistonda siyosiy islohotlar urinishi kuzatilayotgan hozirgi davrda siyosatshunoslik fanini o‘qitishning qayta tiklanishi o‘ta dolzarb ekanini alohida ta’kidlaydi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi qarori bilan¸ 2013-2014 o‘quv yilida mamlakat oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik bo‘yicha mutaxassis yetkazib berish to‘xtatilgan edi. Mutaxassisligi "siyosatshunos" deb yozilgan so‘nggi diplomlar 2013 yilgi bitiruvchilarga berildi.

Yiliga o‘nlab siyosatshunoslik sohasi mutaxassisini yetkazib berib kelgan Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Sharqshunoslik instituti hamda Milliy universitetda siyosatshunoslik kafedralari yopilib, 2013-2014 yilgi o‘quv yilidan talabalarga siyosatshunoslik o‘rniga jahon siyosati fani o‘qitila boshlandi.

XS
SM
MD
LG