Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 13:51

Kataloniyaliklarning 90 foizi taqiqlangan referendumda mustaqillik uchun ovoz berdi

  • Озодлик

Referendum o‘tkazilgan kun oqshomi. Barselona, 1-oktabr, 2017 yil.

Kataloniya muxtor viloyati rasmiylari Ispaniya tarkibidan ajralib chiqish uchun ruxsat etilmagan referendumda qatnashganlarning 90 foizi mustaqillik uchun ovoz bergani haqida xabar tarqatdi. Ushbu natija viloyat rahbarining bir tomonlama mustaqillik e’lon qilishiga imkon beradi.

Kataloniya hukumati raisi Karles Puijmont 1 oktabr kungi zo‘rovonliklar ostida o‘tgan referendumning dastlabki natijalarini e’lon qilishdan oldin televidenie orqali murojaat qildi hamda “ushbu umid va haqsizlikka to‘la kunda Kataloniya xalqi respublika shaklidagi mustaqil davlatga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritdi”, deb aytdi.

– Mening hukumatim yaqin kunlarda bugungi ovoz berish natijalarini xalqimizning suvereniteti asosi bo‘lgan Kataloniya parlamentiga yuboradi. Parlament referendum to‘g‘risidagi qonunga asosan ish olib boradi, – deya qo‘shimcha qildi u.

Referendum oldidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 7,5 million aholining faqat 40 foizigina mustaqillikni qo‘llab-quvvatlayotgani, lekin ko‘pchilik referendim o‘tkazilishini yoqlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Xordi Trull, Kataloniya muxtor viloyati ma’muriyati voizi:

“Hisoblash natijalariga ko‘ra, 2,020,144 kishi “ha” deb ovoz berdi, bu Kataloniya mustaqilligini yoqlab ovoz berganlarning 90 foizidir. 176,566 kishi yoki jami ovoz beruvchilarning 7,8 foizi “Yo‘q” deb ovoz berdi”.

Referundum o‘tkazilishiga qarshi bo‘lgan kishilarning aksariyati ovoz bermaslikni ma’qul ko‘rishi kutilayotgan edi. Bu esa “ha” deb ovoz beruvchilar ko‘pchilikni tashkil qilishiga sabab bo‘ldi.

Referendum va politsiyaning unga yo‘l bermaslik borasidagi xatti-harakatlari Kataloniya va Ispaniyaning qolgan qismidagi vaziyatni ham keskinlashtirdi.

Ispaniya konstitutsion sudi referendumni taqiqladi va uni 1978 yili qabul qilingan konstitutsiyaga zid, degan qaror chiqardi. Ispaniyada ushbu konstitutsiya asosida diktator general Fransisko Franko o‘limidan so‘ng demokratiya tiklangan edi.

Kataloniya hokimiyat idoralariga ko‘ra, referendum o‘tkazilayotgan paytda 884 nafar kishiga “tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etildi”, chunki politsiya jamoat binolaridan saylov uchastkasi sifatida foydalanishning oldini olish uchun reydlar o‘tkazdi.

Politsiya xodimlaridan ham 33 kishi jarohat olgani xabar qilindi.

Ma’lumotlarda aytilishcha, politsiya saylov uchastkalariga yorib kirdi hamda Barselona markazida to‘qnashuv sodir bo‘lgach, rezina o‘qlar otdi.

“Ozodlik” radiosining Belarusdagi muxbiri Aleksey Znatkevichning bildirishicha, Barselona shahrining Raval tumanida qariyalar uyida aholi bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. U yerda hech qanaqa saylov uchastkasi yo‘q edi.

Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy, “biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qildik”, deb aytdi.

Margaritis Sxinas, Yevropa Ittifoqi kommissiyasi prezidenti Jan-Klod Yunkerning matbuot kotibi:

“Ispaniya konstitutsiyasiga ko‘ra, kecha Kataloniyada o‘tkazilgan referendum noqonuniydir. Prezident Yunker Yevropa Komissiyasi nomidan bir necha bor takrorlaganiday, bu – Ispaniyaning ichki ishi va u Ispaniya konstitutsiyasi asosida hal etilishi kerak”.

Ovoz berib bo‘lingan va tartibsizliklar ro‘y bergandan so‘ng mustaqillikni yoqlovchi tashkilotlar va kasaba uyushmalari viloyatda 3 oktabr kuni yalpi ish tashlash da’vati bilan chiqdi.

“Barselona” futbol komandasi “Las-Palmas” klubini tomoshabinlarsiz o‘tkazilgan o‘yinda yutdi. Klub prezidenti politsiyaning saylovchilarga nisbatan zo‘rovonlik ishlatganiga norozilik belgisi sifatida o‘yin yopiq eshik ortida o‘tkazilishini e’lon qildi.

Referendumni ochiqdan-ochiq qo‘llab quvvatlagan “Barselona” komandasi o‘yinni qoldirmoqchi ham bo‘ldi, ammo Ispaniya futbol ligasi bu talabni rad etdi.

XS
SM
MD
LG