Линклар

Muhammad Solih jurnalist Bobomurod Abdullaev "Usmon Haqnazarov" ekanini ochiqladi (VIDEO)

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

O‘tgan hafta Toshkentda xufyona tarzda hibsga olingan 44 yoshli mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston jinoyat kodeksining 159-moddasi, ya’ni mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanmoqda. 3 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih Bobomurod Abdullaev Usmon Haqnazarov tahallusi ostida maqolalar e’lon qilib kelgan jurnalist ekani va aynan shuning uchun u qamoqqa olinganini aytdi.

2017 yilning 27 sentabrida Toshkentda qo‘lga olingan 44 yoshli mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston jinoyat kodeksining 159-moddasi bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) ayblanmoqda.

Toshkentdagi Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning Ozodlikka ma’lum qilishicha, 1 oktabr, yakshanba kuni Abdullaev ustidan yopiq mahkama bo‘lib o‘tgan. Mahkamada jurnalistga ayblov e’lon qilingan va uni hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bobomurod Abdullaev Milliy Xavfsizlik XizmatiningToshkentdagi "Gvardeyskiy" yerto‘lasida hibsda ushlab turilibdi.

Dastlab Abdullaev Yunusobod tumanida yuz bergan o‘g‘irlik jinoyatida gumon qilinuvchi sifatida ko‘rilayotgani aytilgandi.

Sur’at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, jurnalist O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-modda bo‘yicha ayblanayotganini aniqlaganlar.

- Hokimiyatni bosib olish va O‘zbekiston Konstitutsiya tuzumini ag‘darish uchun fitna uyushtirishda ablanmoqda va buning uchun 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Lekin, Bobomurodga nima uchun bunday ayblov qo‘yilayotgani noma’lum, - dedi Sur’at Ikromov.

Ayni paytda, 3 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih Bobomurod Abdullaev Usmon Haqnazarov tahallusi ostida maqolalar e’lon qilib kelgan jurnalist ekanini ma’lum qildi.

Muhammad Solih Istanbulda matbuot anjumanida.
Muhammad Solih Istanbulda matbuot anjumanida.

- Uning maqolalari O‘zbekiston xalq harakati saytida e’lon qilindi. O‘sha kamsuqum sport jurnalisti Bobomurod Abdulla siyosatshunos Usmon Haqnazarovning aynan o‘zidir. So‘nggi 14 yil davomida u Usmon Haqnazarov tahallusi bilan maqolalar berib keldi va biz ularni saytimizda chop etib keldik, - dedi Muhammad Solih.

Usmon Haqnazarov taxallusi ostida keng jamoatchilik nazaridan panada qolib ketadigan O‘zbekiston oliy rahbariyatidagi voqea-hodisalar yoritilgan maqolalar 2003 yildan buyon e’lon qilinib kelgan.

Haqnazarov imzosi bilan Internetda e’lon qilingan turkum maqolalar katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Muhammad Solih Istanbuldagi matbuot anjumanida O‘zbekiston hukumatini Bobomurod Abdullaevni ozod etishga chaqirdi.

Qarorgohi Parijda joylashgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi ham Abdullaev bo‘yicha bayonot berdi.

“Biz O‘zbekiston hukumatini zudlikda jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod etishga, uning hech qanday to‘siqlarsiz o‘z fikrini irod qilish huquqini hurmat qilishga, ochiq sudlovni ta’minlashga va uning oldiga advokati hamda yaqinlarining kirishiga ruxsat berishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Ayni paytda o‘ttizdan ortiq tashkilot imzosi bilan Bobomurod Abdullaev himoyasiga petitsiya imzolandi.

"Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Toshkentda matbuot erkinligi masalasini muhokama etishga taraddud ko‘rayotgan bir paytda mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev hibsga olindi", - deyiladi 28 ta xalqaro tashkilot imzo chekkan petitsiyada.

Bir gurux o‘zbekistonlik faollar esa ijtimoiy tarmoqlarda "Men ham Usmon Haqnazarovman" aktsiyasini o‘tkazmoqda.

44 yoshli Bobomurod Abdullaev O‘zbekistonda futbol jurnalisti sifatida tanilgan.

U 2000 yil boshida "Ozod ovoz" mustaqil veb saytiga asos solgan. Britaniyaning urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR)ning Toshkentda muxbiri bo‘lib ishlagan.

XS
SM
MD
LG