Линклар

Inson huquqlari himoyachisi A’zam Farmonov ozodlikka chiqarildi (VIDEO)


Jasliqdagi qamoqxonadan ozod qilingan A’zam Farmonovni Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Vasila Inoyatova kutib oldi.

3 oktabr kuni, 10 yildan ortiq hibsda saqlangan, qo‘shib berilgan jazo muddati yana 4 yildan keyin tugashi kutilayotgan inson huquqlari faoli A’zam Farmonov ozodlikka chiqdi.

Farmonovning turmush o‘rtog‘i Ozoda Yoqubova 3 oktabr, kunning ikkinchi yarmida jurnalistlarga A’zam Farmonovning huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov hamrohligida uyiga qaytayotganini aytdi.

Inson huquqlari O‘zbekiston-Germaniya forumi o‘tgan yili suratga olgan filmda Ozoda Yoqubova Jasliqdagi (Qoraqalpog‘iston) qamoqxonada saqlanayotgan mahbus turmush o‘rtog‘i bilan uchrashib kelish mashaqqatlari, A’zam Farmonovning qamoqxonadagi hayoti, uning qiynoqlarqa solingani to‘g‘risida aytib bergan edi.

Huquq himoyachisining ozodlikka chiqarilishini AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi olqishladi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari inson huquqlari faoli A’zam Farmonovning ozod etilishini olqishlaydi. Bu yangilik Muhammad Bekjonov, Murod Jo‘raev, Erkin Musaev, Jamshid Karimov va boshqa uzoq muddat qamoqda ushlangan vijdon tutqunlari ozodlikka chiqarilgani ortidan ma’lum bo‘ldi”, deyiladi A’zam Farmonovning ozod qilinishi munosabati bilan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bayonotida.

Hujjatda AQSh elchixonasi bunday ijobiy qadamlarni ma’qullashi, bu qadamlar kelgusida boshqa mahbuslarning ozod etilishi va fuqarolik jamiyatiga ochiqroq yondashuv uchun ishora ekaniga umid bildirilgan.

Ko‘plab xalqaro inson huquqlari guruhlari A’zam Farmonovning 2006 yili shubhali ayblovlar bilan uzoq muddat ozodlikdan mahrum etilganiga alohida ahamiyat berib keldi.

2013 yili BMT Qiynoqlarga qarshi komissiyasi ham Farmonovni ozod etishga chaqirgan edi.

“Qo‘shma Shtatlar Prezident Mirziyoevning, Birlashgan Millatlar Tashkilotida ta’kidlagani kabi, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlashga sodiq ekanini e’tirof etadi. Biz bundan keyin ham keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy va inson huquqlari borasidagi islohotlarda izchil barqarorlik va taraqqiyot bo‘lishiga umid qilamiz”, deyilgan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bayonotida.

2006 yil 29 apreldan buyon qamoqda saqlanayotgan inson huquqlari faoli A’zam Farmonov Jasliqdagi qamoqxonadan 3 oktabr kuni ozod qilindi.

Huquqbon A’zam Farmonov 11 yil muqaddam tovlamachilikda ayblanib, 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

2016 yilning mayida uning jazo muddatiga qamoqxona ichki tartibini buzganlik aybi bilan 5 yilu 26 kun muddat qo‘shib berilgandi.

XS
SM
MD
LG