Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 15:28

Jurnalist Solijon Abdurahmonov ozod etildi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Suratda chap tomonda Solijon Abdurahmonov, o‘ng tomonda "Ezgulik" faoli Abdurahmon Tashanov

O‘zbekistonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov 9 yilu 4 oylik qamoq ortidan 4 oktabr kuni Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etildi. Bu haqda Ezgulik inson huquqlari tashkiloti Ozodlikka ma’lum qildi. 67 yoshli jurnalist 2008 yilda giyohvand moddalari iste’mol qilish aybi bilan 10 yilga qamalgan edi.

Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritib kelgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri bo‘lgan.

U dastlab Ozodlik radiosida, so‘ngra Uznews.net mustaqil internet nashri muxbiri bo‘lib ishlagan.

Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istondagi oddiy insonlar hayoti hamda Orol dengizi qurishining insoniy ta’siri haqidagi maqolalari bilan tanilgan.

Jurnalist 4 oktabr kuni Qarshidagi Shayxali qamog‘idan ozod bo‘lgach Ozodlik bilan suhbatda qamoqdan chiqishi uchun kurashgan barcha faollarga minnatdorchilik bildirishini aytdi.

Solijon Abdurahmonov ishlagan Uznews.net mustaqil nashri bosh muharriri bo‘lgan, hozirda Centre1 nashri bosh muharriri Galima Buxorboeva jurnalistning ozod etilishini olqishladi.

- Solijon Karimovning qattol rejimi qurboni bo‘ldi. Uning ozod bo‘lishi O‘zbekistonda Karimov o‘limi ortidan ro‘y bergan hokimiyat almashinuvi sabab ro‘y berdi, bunga men to‘liq aminman, - dedi Buxorboeva.

Solijon Abdurahmonov qamoqda 9 yilu 4 oy o‘tirdi.

U 2008 yil 7 iyunida mashinasidan giyohvand moddalari topilgan deya, narkotik moddalar iste’mol qilish aybi bilan hibsga olingan edi.

Solijon Abdurahmonov shu kungacha ayblovlarni rad qilib keldi va militsiyaning o‘zi giyohvand moddalarni mashinasiga tashlaganiga ishonishini bildirgan.

Tibbiy analizlar Abdurahmonov hech qanday narkotik iste’mol qilmaganini isbotlagach, ayblov "narkotik moddalar savdosi"ga o‘zgartirilgan va u 10 yilga qamalgan edi.

Solijon Abdurahmonov ozod etilishidan bir kun avval jizzaxlik huquq faoli A’zam Farmonov "Jasliq" qamog‘idan ozod bo‘lgan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi inson huquqlari faoli Farmonov va boshqa mahbuslarning ozod etilishini olqishladi.

"Bu yangilik Muhammad Bekjonov, Murod Jo‘raev, Erkin Musaev, Jamshid Karimov va boshqa uzoq muddat qamoqda ushlangan vijdon tutqunlari ozodlikka chiqarilgani ortidan ma’lum bo‘ldi. Biz bunday ijobiy qadamlarni ma’qullaymiz, ular kelgusida boshqa mahbuslarning ozod etilishi va fuqarolik jamiyatiga ochiqroq yondashuv uchun ishora ekaniga umid bildiramiz. Ko‘plab xalqaro inson huquqlari guruhlari A’zam Farmonovning 2006 yili shubhali ayblovlar bilan uzoq muddat ozodlikdan mahrum etilganiga alohida ahamiyat berib keldi. 2013 yili BMT Qiynoqlarga qarshi komissiyasi ham Farmonovni ozod etishga chaqirgan edi. Qo‘shma Shtatlar Prezident Mirziyoevning, Birlashgan Millatlar Tashkilotida ta’kidlagani kabi, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlashga sodiq ekanini e’tirof etadi. Biz bundan keyin ham keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy va inson huquqlari borasidagi islohotlarda izchil barqarorlik va taraqqiyot bo‘lishiga umid qilamiz", - deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

XS
SM
MD
LG