Линклар

Paxtani qo‘lda terayotgan O‘zbekiston paxta terish mashinasini Turkmanistonga sotmoqda

  • Сарвар Усмон/Озодлик

O‘zbekistonda bu yil ishlab chiqarilgan 550 ta paxta terish mashinasining 500 tasi Turkmanistonga sotildi. O‘zbekistonning o‘ziga eng kamida 14−15 mingta paxta terish mashinasi kerak. Shu kunda bunday mashinalaridan eng ko‘p foydalanilayotgan hudud Sirdaryo viloyatidir. Ayni paytda qator tumanlarda bitta ham paxta kombayni yo‘q. Toshkent traktor zavodi konstruktorlik byurosi boshlig‘i Ozodlikka bergan suhbatida paxta terish mashinasozligi sohasiga keyingi paytlarda katta e’tibor qaratilayotganini aytdi.

Shu kunda O‘zbekiston dalalarida qancha paxta terish mashinasi bor?

Senatning yalpi majlisida qilgan chiqishi chog‘ida “O‘zagrotexsanoatxolding” rahbari Nodir Otajonov Sirdaryo viloyatida hozirda 500 ta paxta terish mashinasi ishlayotganini, 2018 yildan ushbu hududda paxta terishni mexanizatsiyalashtirish 80 foizga etishini ma’lum qildi.

Shunga o‘xshash ma’lumotni Sirdaryo viloyat hokimligi rasmiy sayti ham kuni kecha e’lon qilgan edi.

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “MX-1,8” rusumli terim mashinalari ish unumini bir necha marta oshirib, mavsumni qisqartirish, hosilning barvaqt terib olinishiga xizmat qilmoqda. Bu yil Sirdaryo viloyati paxtazorlarida 500 ga yaqin ana shunday terim mashinalari to‘la quvvatda ishlatilayotir”, deyilgan saytda.

Lekin “O‘zagrotexsanoatxolding” rahbari mamlakat bo‘ylab qancha paxta terish mashinasi borligi to‘g‘risida gapirgani ma’lum emas.

Surxondaryo viloyat, Sherobod tumanida paxta yetishtiruvchi ikki fermerning Ozodlikka aytishicha, ular tumanda paxta terish mashinasidan keyingi yillarda foydalanilganini eslay olmaydi.

“Bundan 5-6 yil oldin paxta zavodiga 5 ta yangi mashina keltirib qo‘yishganini ko‘rganman, lekin keyin ko‘rinmay qolgan, boshqa joyga olib ketgan bo‘lsalar kerak”, dedi fermerlardan biri.

Buxoro viloyat, G‘ijduvon tumanilik paxtakor fermer ham “paxta terish mashinasi yo‘q bo‘lib ketganiga bir necha yillar bo‘lib ketganini” aytdi.

Xuddi shunday gapni Farg‘ona viloyat, Furqat tumanilik fermer Ochil Begmatovdan ham eshitdik. “Tumanda bitta ham paxta terish mashinasi yo‘q”, dedi bu yil 70 gektar maydonda paxta yetishtirgan fermer.

Hukumat paxta terimini mexanizatsiyalashtirmoqchi

Senatning yalpi majlisida qilgan chiqishi chog‘ida Bosh vazir o‘rinbosari, “O‘zagrotexsanoatxolding” boshqaruvi raisi Nodir Otajonov yil oxiriga qadar qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida 100 mln dollarlik loyihalar amalga oshirilishini, bir qator zavod va korxonalar modernizatsiya qilinishini ma’lum qilgan.

“Kelgusi yildan boshlab paxta terimini mexanizatsiyalashtirish uchun 3000 ta paxta terish mashinasini ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz va bu yo‘nalishdagi ishlar qariyb boshlandi”, - degan Nodir Otajonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan 3000 ta mashinaning 600 tasini eksport qilish, qolgan qismini birinchi navbatda Sirdaryo, Toshkent va Jizzax viloyatlariga yo‘naltirish kutilmoqda. Qashqadaryo viloyatiga esa 100 ga yaqin texnika yuboriladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Amerikaning John Deere va CNH Industrial kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida 2018 yilda 300 ta paxta terish mashinasi ishlab chiqarilishini qayd etdi.

“Mazkur masala yuzasidan barcha texnik yechimlar topilgan, muhandis va mutaxassislarimiz ishni boshlashdi. Butun respublikada paxta terimini mexanizatsiyalashtirish uchun eng kamida 14−15 ming dona paxta terish mashinasi talab qilinadi", degan Nodir Otajonov.

Traktorlar ishlab chiqarish hajmi esa, bu yil 1500 tadan 3000 taga, 2018 yilda 5000, 2019 yilda esa 10 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Noyabrdan Janubiy Koreyaning 8 mln dollarlik grantlarini jalb etgan holda konstruktorlik byurosi ish boshlaydi.

Mashinasoz bilan suhbat

Traktorsozlikning bugungi ahvoli va istiqbollari to‘g‘risida Ozodlik savollariga Toshkent traktor zavodi konstruktorlik byurosi boshlig‘i Isroil Usmonov javob berdi.

Usmonov bilan suhbat Bosh vazir o‘rinbosari, “O‘zagrotexsanoatxolding” boshqaruvi raisi Nodir Otajonovning mana bu gapi paydo qilgan savoldan boshlandi:

"Joriy yilda 550 dona paxta terish mashinasi ishlab chiqarilib, ularning 500 tasi Turkmanistonga eksport qilindi”.

Mashina O‘zbekistonning o‘ziga yetmayotgan bo‘lsa, nega Turkmanistonga sotishadi?

Mirziyoevning 4 yil oldingi va’dasi

Senatning 4 sentabr, chorshanba kungi yalpi majlisida e’lon qilingan rejalarga o‘xshash rejalar bundan 4 yil muqaddam 2013 yilning oktabrida ham e’lon qilingan edi.

O‘shanda, IX Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilish marosimida qilgan chiqishi chog‘ida Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston 2016 yilga borib paxta yig‘im-terimini 80-90 foiz mexanizatsiyalashgan tartibda amalga oshirajagi, 2014 yilda TTZda 3000 ta paxta terish mashinasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgani to‘g‘risida gapirgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 1991 yilga qadar O‘zbekistonda paxta mavsumida 50 mingga yaqin paxta terish mashinasi jami paxtaning 70 foizini yig‘ib olishda ishlatilgan.

Paxta maydonlari qisqartiriladi. Biroz…

Senatning yalpi majlisida qilgan chiqishi chog‘ida Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-amaliy markazi bosh direktori Shuhrat Teshaev 2016 yil hosilidan boshlab 5 yil davomida paxta maydonlarini 185 ming gektarga yoki 14,5 foizga qisqartirish rejalashtirilayotganini, paxtadan ozod qilingan maydonlarda sabzavot ekinlari, jumladan kartoshka, yem-xashak va moyli o‘simliklar ekilajagi, intensiv bog‘lar va uzumzorlar tashkil etilajagini aytgan.

XS
SM
MD
LG