Линклар

S.Abdurahmonov: O‘zbekistonda jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rib quvondim! (VIDEO)


O‘zbekistonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov 9 yilu 4 oylik qamoq jazosini o‘tab, 4 oktabr kuni Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etildi. 67 yoshli jurnalist 2008 yilda giyohvand moddalari savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, 10 yilga qamalgan edi.

Qamoqdan chiqishi ortidan Ozodlikka bergan intervyusida jurnalist panjara ortida kechgan kunlari, o‘zining qamalishi va ozod etilishi haqidagi fikr-mulohazalarini tilga oldi, uning qamoqdan chiqarilishi uchun kurashgan barcha faollarga minnatdorchilik bildirishini aytdi.

Quyida jurnalist bilan suhbatni tinglang:

Solijon Abdurahmonov qamoqda 9 yilu 4 oy o‘tirdi.

Abdurahmonov dastlab Ozodlik radiosida, so‘ngra Uznews.net mustaqil internet nashri muxbiri bo‘lib ishlagan. Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritib kelgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri edi.

Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istondagi oddiy insonlar hayoti hamda Orol dengizi qurishining insoniy ta’siri haqidagi maqolalari bilan tanilgan.

U 2008 yil 7 iyunida mashinasidan giyohvand moddalari topilgan deya, narkotik moddalar iste’mol qilish aybi bilan hibsga olingan edi.

Solijon Abdurahmonov shu kungacha ayblovlarni rad qilib keldi va militsiyaning o‘zi giyohvand moddalarni mashinasiga tashlaganiga ishonishini bildirgan.

Tibbiy analizlar Abdurahmonov hech qanday narkotik iste’mol qilmaganini isbotlagach, ayblov "narkotik moddalar savdosi"ga o‘zgartirilgan va u 10 yilga qamalgan edi.

Solijon Abdurahmonov ozod etilishidan bir kun avval jizzaxlik huquq faoli A’zam Farmonov "Jasliq" qamog‘idan ozod bo‘ldi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi inson huquqlari faoli Farmonov va boshqa mahbuslarning ozod etilishini olqishladi.

"Bu yangilik Muhammad Bekjonov, Murod Jo‘raev, Erkin Musaev, Jamshid Karimov va boshqa uzoq muddat qamoqda ushlangan vijdon tutqunlari ozodlikka chiqarilgani ortidan ma’lum bo‘ldi. Biz bunday ijobiy qadamlarni ma’qullaymiz, ular kelgusida boshqa mahbuslarning ozod etilishi va fuqarolik jamiyatiga ochiqroq yondashuv uchun ishora ekaniga umid bildiramiz", deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

XS
SM
MD
LG