Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:34

OzodDayjest: Xorazmda mushtumzo‘r kelin 80 yoshli qaynonasini do‘pposlab o‘ldirdi


Bog‘otlik kelin keksa qaynonasini kaltaklab o‘ldirdi. O‘zbek jamoatchiligi orasida lotin va kirill yozuvlari borasida bahs davom etmoqda. Madaniyat vaziri “O‘zbekistonda raqs san’ati jar yoqasida kelib qolgan”idan bahs etdi.

_____________________________________________________________

Xorazmlik keksa qaynona mushtumzo‘r kelinining qiynoqlaridan vafot etdi

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida yashovchi Anbarjon Madrimova qaynonasi – 80 yoshli Shukurjon Normetovani kaltaklab o‘ldirdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi Erpo‘lat Berdiev “Darakchi” nashriga ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, 2001 yilda Normetovlar xonadoniga kelin bo‘lib tushgan A.Madrimova yillar davomida qaynotasi va qaynonasini haqoratlab kelgan. Bu orada qaynotasi vafot etgan. Eri chet elga ketgach esa u yolg‘izlanib qolgan keksa qaynonasini och qoldirib, do‘pposlab kelgan. Shukurjon Normetova o‘g‘li va nevaralarini yaxshi ko‘rgani boisgina bu azoblarga chidagan. Mushtipar ayol muttasil qiynoqlarga dosh berolmagan. Joriy yil 26 iyun kuni A. Madrimova qaynonasini yana kaltaklab, tepkilagan. Oqibatda keksa ayol vafot etgan. Xabar berilishicha, qotillikda ayblangan A. Madrimovaga 6 yil 8 oy muddatda tegishli tartibda jazo tayinlangan.

O‘zbek jamoatchiligi: Ikki yozuvlilik qachongacha davom etadi?

O‘zbek jamoatchiligi orasida lotin va kirill grafikasi borasida munozaralar davom etmoqda (“Jamiyat”, 29 sentabr). Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi Qudrat Tursunga ko‘ra, ayni paytda kirill alifbosiga qaytish katta xato bo‘ladi. Chunki 24 yil davomida lotin alibfosida savodi chiqqan butun boshli avlod tarbiyalandi. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi Charos Suvonovaga ko‘ra, o‘tgan asrda lotin yozuvi joriy etilganda hatto keksalar choyxona va mahalla guzarlariga chiqib yangi alifboni o‘rgangan, hozir ham xalq uchun lotin alifbosini o‘rganish muammo bo‘lmaydi. “Ayni kunda jamiyatimiz lotin alifbosini chala yarim bilib, asosan kirill alifbosidan foydalanadigan katta avlod, ikki alifboni barobar qo‘llaydigan o‘rta avlod hamda lotin alifbosidan foydalanadigan yosh avlod kabi uch toifaga ajralib qolgan. Menimcha, lotin alifbosiga butkul o‘tish payti allaqachon kelgan. Axir qachongacha ikki kemada barobar suzamiz va bu bilan oxir-oqibat nimaga erishamiz?” degan Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi Qutlibeka Bekturdieva.

Madaniyat vaziri: O‘zbek raqs san’ati jar yoqasida

O‘zbekistonda raqs san’ati jar yoqasida kelib qolgan, deb hisoblaydi mamlakat madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev (“Darakchi”, 5 oktabr). Raqs san’atining nufuzi tushib ketgan, hududlarga xos uslublar qorishib, raqsning milliy xususiyatlari yo‘qolib bormoqda. Keyingi yillarda tashkil etilgan qanchadan-qancha ansambllar yo‘q bo‘lib ketdi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar esa qog‘ozda qolmoqda. “Oxirgi o‘n yillikda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini ko‘plab raqqosalar tamomladi. Ammo bugungi kunning Qizlarxon Do‘stmuhammedova, Malika Ahmedova, Ma’mura Ergashevasi, umuman yakkaxon raqqosalari yo‘q. Raqqosalarni kim o‘qityapti va ular qaerga g‘oyib bo‘lishyapti?” degan Madaniyat vaziri. Ta’kidlanishicha, ayni paytda milliy raqsni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim.

XS
SM
MD
LG