Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 08:29

OzodDayjest: Mirziyoev va’da qilgan Sergelidagi 66 uy nega o‘z vaqtida bitmadi?


Yangi uylar qurish bahonasida Toshkentning Sergelisida ko‘plab turar-joy buzib tashlangandi.

Toshkent bosh me’mori Sergelida yangi uylar bitishi nega kechikayotganiga izoh berdi. Buxoroda soliq mansabdori 4000 dollar pora bilan ushlandi. Qarshi aeroportidan yashirin quvur orqali 346 million so‘mlik yonilg‘i o‘marilgani aniqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Sergelidagi yangi uylar nega o‘z vaqtida bitkazilmadi?

O‘zbekiston Prezidenti qarori asosida Toshkentning Sergeli tumanida qurilayotgan 500 ta ko‘p qavatli uyning 66 tasi 1 sentabr – Mustaqillik kuni arafasi 2,5 mingdan ortiq oilaga topshirilishi kerak edi. Biroq qurilish ishlari belgilangan muddatda yakunlanmadi (“Oila davrasida”, 5 oktabr). “Bizga daxldor bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, qurilish o‘z vaqtida tugallanmadi. Aniqrog‘i, Sergeli tumanining yer osti suv sathi yuqoriligi qurilishni murakkablashtirdi. Bundan tashqari, lift o‘rnatish ham ancha vaqt talab etadigan jarayon. Boz ustiga, uni o‘rnatadigan mutaxassis kam. Muddat kechiktirilishiga ta’sir o‘tkazgan asosiy omillar shu” degan Toshkent shahri bosh arxitektori Asomiddin Tojiev. Hokimiyat vakiliga ko‘ra, qurilish ishlari yil oxirigacha to‘liq yakunlanib, xonadonlar o‘z egalariga topshiriladi.

Buxoroda poraxo‘r soliq mansabdori 5 yilga qamaldi

Buxoro viloyatining shu nomli tumani davlat soliq idorasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan mansabdor 4000 dollar pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 5 oktabr). Soliq mansabdorining ismi oshkor etilmagan, ammo u yuridik shaxslarga soliq solish bo‘limini boshqargani va yoshi 60 dan o‘tgan, quda-andali odam ekani ma’lum qilingan. Hududdagi “Chorbakr trans servis” firmasida tekshiruv o‘tkazgach, soliq idorasi vakili tashkilot rahbariga tekshiruv natijalari yaxshi emasligi, agar 5000 dollar pora bersa ish silliq ko‘chishini aytgan. Shu tariqa soliq idorasi bo‘lim boshlig‘i o‘z xizmat xonasida talab etilgan pulning to‘rt mingini olayotganda ushlangan. Sud hukmiga ko‘ra, soliq idorasi mansabdori 5 yil ozodlikdan mahrum etilgan.

Qarshi aeroportidan yillar davomida yonilg‘i o‘marilgani fosh qilindi

Qarshi aeroporti omboridan yillar davomida B-92 markali aviabenzin o‘g‘irlangani fosh etildi, deb xabar beradi Qarshi shahri prokurori Otabek Qo‘ldoshev “Huquq” gazetasi orqali. Aeroport ombori mudiri B.Qodirov va yetakchi mutaxasssis O.Ravshanov jinoiy reja tuzib, yonilg‘i rezervuariga yashirin quvur o‘rnatishgan va u orqali haftasiga 600-800 litrdan yonilg‘i o‘g‘irlagan. Qayd etilishicha, to‘rt yil davomida aeroport omboridan 346,2 million so‘mlik aviabenzin o‘marilgan. Aybdorlarga tegishli jazo tayinlangani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG