Линклар

Surxondaryoda "Zulayho Tillochi"ni homilador ayol chavaqladi

  • Озодлик

Qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan homilador ayol pulini olish uchun jinoyatga qo‘l urganini aytgan.

Surxondaryoning Qiziriq tumanida xalq orasida “Zulayho Tillochi” deb nom chiqargan 36 yoshli tadbirkor Zulayho Xudoymurodova chavaqlab, o‘ldirib ketildi. Qotillikda gumonlanib, tillochi ayolning doimiy mijozi bo‘lgan homilador ayol qo‘lga olindi. Qornida to‘rt oylik xomilasi bor MB ismli ayol“Zulayho Tillochi”ni tilla taqinchoqlari va pullarini o‘g‘irlash maqsadida jinoyatga qo‘l urgani gumon qilinmoqda. Mazkur holat yuzasidan Qiziriq tumani prokuraturasi O‘zbekiston jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

27 sentabr kuni kechqurun Zulayho Xudoymurodovaning chavaqlangan murdasi uning uyidan topildi.

Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, xonadondan unga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlar va pullari saqlangan temir quti buzilib, ichidagi narsalar o‘g‘irlanganligi tergov davomida aniqlangan.

- Qotillikda gumonlanib 34 yoshli homilador ayol qo‘lga olindi. U bu ishni zargarni boyliklarini o‘g‘irlash uchun qilganiga iqror bo‘ldi. Hozir ish sudga oshirilgan, - dedi Surxondaryo huquq-tartibot tizimida ishlovchi mulozim.

Zulayho Xudoymurodovani yaxshi biladiganlar uning zargarlik bilan birga sudxo‘rlik bilan ham shug‘ullanganini aytishadi.

Qiziriqliklardan birining Ozodlikka aytishicha, “Zulayho Tillochi” foizga pul olib, odamlar pulini yillar davomida qaytarmay kelgan.

- Oxiri foizga bergan pulini qaytarib ololmagan ayol uni o‘ldirdi. 2400 AQSh dollari miqdorida qarz bergan. Hudoymurodova unga oyiga 60 dollar foiz berishiga ishontirgan. Lekin, pulini ololmagach qotillikka qo‘l urgan, - dedi ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan qiziriqliklardan biri.

Qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan homilador ayolga sud qanday hukm chiqarishi noma’lum.

- Agar sud uni ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqaradigan bo‘lsa u xomilador ekani va yana kichik yoshdagi uch farzandi borligi sabab jazoni ochiqda o‘tashi mumkin, - dedi Surxondaryo huquq-tartibot tizimida ishlovchi mulozim.

O‘zbekistonda odamlardan foizga pul olib pul berish bilan shug‘ullanadiganlar juda ko‘p.

Pul oldi-berdisi yuridik hujjatlarsiz amalga oshirilishi oqibatida tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi va ba’zi xollarda bunday kelishmovchilik fojeali yakun topadi.

Bundan bir yil muqaddam O‘zbekistondagi barcha davlat telekanallari xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridan minglab odamning foizga pul bergani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish qilgan edi.

Shundan keyin 160 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Toshkent viloyatining bu ikki tumani¸ xususan¸ aholisining aksariyati moliyaviy piramida qurboniga aylangan Yangiyo‘l tumani ommaviy axborot vositalari diqqat-markaziga tushdi.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimlar butun respublika bo‘ylab “Ahmadboy tajribasi” yoyilmasligini ta’minlash uchun tadbirlar davom etayotganligini ta’kidlashdi va aholini bunday piramidachilar aldoviga tushib qolmaslikka chaqirib kelishadi.

XS
SM
MD
LG