Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:18

Navalniy tarafdorlari Putinning tug‘ilgan kunida namoyishga chiqdi (VIDEO)


7 oktabr kuni Rossiya bo‘ylab muxolifatchi Aleksey Navalniy himoyasiga namoyish o‘tkazildi. Xabarlarga ko‘ra, ma’muriy hibsda qolayotgan Navalniy tarafdorlari Rossiyaning 80 ta shahrida hukumat ruxsat bermagan norozilik aksiyasida qatnashgan. Namoyishlarda ishtirok etgan 270 dan oshiq shaxsni politsiya qo‘lga oldi.

Prezident Vladimir Putin 65 yoshga to‘lgan kuni o‘tkazilgan namoyishlar mamlakat muxolifati joriy yilda o‘tkazgan uchinchi yirik aktsiyadir.

Ammo bu safargi namoyishlar o‘zgacha bo‘ldi: politsiya poytaxtda odamlarni qo‘lga olmaslikka harakat qildi, namoyish ishtirokchilari soni odatdagidan oz bo‘ldi, ikki shaharda odamlar e’tiborini chalg‘itish uchun Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari namoyishlari o‘tkazildi.

Moskva

Moskvada bir necha yuz odam Aleksandr Pushkin haykali qoshida to‘planib, Kreml tomon “Putin o‘g‘ri” shiori ostida yurish qildi. Namoyish ishtirokchilari, shunigdek, “Tug‘ilgan kuningiz bilan! Navalniyga ozodlik! Putinsiz Rossiya uchun! Adolatli saylovlar uchun! [Navalniy saylov kampaniyasi yetakchisi Leonid] Volkovga ozodlik!” deya hayqirishdi.

Ammo Moskva politsiyasi namoyishchilarni qo‘lga olmaslikka harakat qildi. Rossiya muxolifati yetakchilarining aksari qo‘lga olingani va namoyishlar kech rejalashtirilgani uchun ishtirokchilar soni ham oz bo‘ldi.

Navalьniy yetakchiligida mart va iyun oylarida o‘tkazilgan namoyishlarda minglab odam qatnashgan, yuzlab ishtirokchi qo‘lga olingan edi.

Sankt-Peterburg

Sankt-Peterburgdagi namoyishda esa taxminan 1,5 ming odam qatnashdi. Shahar politsiyasi kamida 66 shaxsni qo‘lga oldi.

Xabarlarga ko‘ra, bir necha namoyishchini politsiya kaltaklagan.

Yekaterinburg

Yekaterinburg shahridagi namoyishda bir necha yuz odam ishtirok etdi, kamida 14 namoyishchi qo‘lga olindi.

Shaharda bir guruh talaba Ispaniyaning Kataloniya mintaqasi mustaqilligini qo‘llab namoyish o‘tkazdi.

Muxolifatchilarning aytishicha, bu namoyishdan maqsad odamlar e’tiborini aksil-putin namoyishlardan o‘zlariga qaratish bo‘lgan.

Kransodar

​Kransodardagi namoyishda bir necha yuz odam qatnashdi.

Namoyish ishtirokchilariga ko‘ra, shahar politsiyasi kamida 20 odamni qo‘lga olgan.

Shuningdek, rasmiylar namoyish bo‘lib o‘tgan maydon chiroqlarini o‘chirib qo‘ygani xabar qilindi.

Yaroslavlda esa kamida 54 namoyishchi qo‘lga olingan. Bu haqda “OVD-Info” sayti bildirdi. Bundan tashqari, politsiya Navalniy kampaniyasining shahardagi ofisini to‘rt soat tintuv qilgan.

Navalniyning o‘zi esa 29 sentabr kuni Nijniy Novgorod shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘inga yo‘l olgan paytida Moskva politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan edi.

6 oktabr kuni Navalniy o‘ziga berilgan 20 kunlik qamoq jazosi ustidan qilgan arzi rad etilganidan keyin, sud ishtirokchilariga qarata: "Rossiyada huquqshunos bo‘lmang. Bu behuda kasb. Istagan huquqshunosingizdan so‘rashingiz mumkin", dedi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Navalniy odamlarni ruxsat berilmagan mitinglarda qatnashishga chorlagani uchun qo‘lga olinganini bildirgan.

Navalniy 2018 yili o‘tkaziladigan Rossiya prezidenti sayloviga o‘z nomzodini qo‘yish istagini bildirgan. Ammo Rossiya rasmiylari u moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani uchun, siyosiy jarayonlardan chetlatilganini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG