Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:35

Amnesty International: Bobomurod Abdullaevning hayoti xavf ostida


 Abdullaev
Abdullaev

Amnesty International tashkiloti O‘zbekistonda hibsda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevning hayoti xavf ostida ekanini ta’kidlab, jamoatchilikni uning himoyasi uchun aktsiyaga chaqirdi. Tashkilot bayonotida O‘zbekiston "so‘z erkinligi va tinch namoyishlar o‘tkazish huquqi o‘ta keskin cheklangan mamlakat" deya ta’riflangan.

2017 yilning 27 sentabrida Toshkentda qo‘lga olingan 44 yoshli mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 159-moddasining 4-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) ayblanmoqda. ​

Amnesty International tashkiloti 7 oktabr kungi bayonotida: "O‘shandan buyon u qiynoqlar bo‘yicha eng dahshatli sanalgan tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Uning ayovsiz qiynoqlarga va boshqa tahqirlovchi muomalaga duchor bo‘lish xavfi juda yuqori", deb qayd etdi.

Tashkilot xulosasiga ko‘ra, "O‘zbekistonda so‘z erkinligi va tinch namoyishlar o‘tkazish huquqi o‘ta keskin cheklangan".

Bayonotda tashkilotning tadqiqotlari natijasida O‘zbekistondagi tergov hibsxonalari, jazoni o‘tash muassasalarida qiynoqlar qo‘llanishi aniqlangani aytiladi va shu asosda mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev himoyasi uchun faollar aksiyaga choralanadi.

Tashkilot aksiyaga qo‘shilishni istovchilardan "faqat jurnalistlik faoliyati va hukumatni tanqid qilgani uchun ushlab turilgan jurnalist"ning ozodligini so‘rab, bir necha tilda murojaatnoma yozish va uni 2017 yilning 17 noyabriga qadar O‘zbekiston MXX raisi, Bosh prokurori, Inson huquqlari milliy markazi rahbariga jo‘natishga chaqirmoqda.

Ayni paytda hibsda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev, dastlabki tergov xulosasiga asoslangan holda, 1 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan 10 kun MXX hibsxonasida saqlashga hukm qilindi. Bu muddat ichida unga qarshi jinoiy ish ochish haqida qaror chiqarilgan.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Ozodlikka taqdim etgan sud qarorida yozilishicha, "Abdullaev “O‘zbekiston Xalq harakati” funksioneri sifatida shu harakat rahbari Muhammad Solihning ko‘rsatmasi bilan 2011 yildan buyon Usmon Haqnazarov taxallusi bilan Internetda mavjud konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan".

Dastlabki tergov materiallarida qayd etilishicha¸ O‘zbekiston davlat rahbarlari xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan shaxslar - "Ravshanbek Salaev va Shavkatjon Olloërovlar Abdullaevning asosiy manbalari bo‘lgan" va ular yordamida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy ahvolini o‘rgangan holda Muhammad Solih ko‘rsatmasi bilan O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishni ko‘zda tutuvchi “Jatva”, ya’ni “O‘rim” deb nomlangan dasturni ishlab chiqqan.

Mahkama qarorida keltirilgan dastlabki tergov davomida to‘plangan materiallar¸ rasmiy hujjatda yozilishicha¸ "Jatva" ishtirokchilari keng ommani jalb etgan holda O‘zbekistonning to‘rtta yirik shahri - Toshkent, Farg‘ona, Navoiy va Urganchda qo‘zg‘olon uyushtirishni rejalagan.

3 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida "O‘zbekiston Xalq harakati" rahbari Muhammad Solih Bobomurod Abdullaev Usmon Haqnazarov tahallusi ostida maqolalar e’lon qilib kelgan jurnalist ekanini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG