Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:14

Buxorolik muhojir ayolning Qozog‘istonda yo‘qolgan bolasi o‘lik topildi


Qozog‘istonning Atirau viloyatiga ishlagani borgan buxorolik 40 yashar Umida Hamroevaning 2 sentabrda yo‘qolib qolgan yolg‘iz o‘g‘li - 15 yashar Asilbek Hamroev o‘lik holda topildi. Atirau shahar militsiyasi bolaning jasadi 4 oktabr kuni topilgani va surishtiruv davom etayotganini bildirdi. Hozircha bolaning kimsasiz cho‘lda adashib qolib, suvsizlikdan o‘lgani taxmin qilinmoqda.

Bu ayolga ish bergan Atirau viloyati, Jilioy tumanidagi mahalliy fermerning ukasi Aslan Jolaev qariyb bir oy g‘oyib bo‘lgan bolaning jasadi cho‘lda topilgani, Umida Hamroeva o‘g‘lining jasadini olib, O‘zbekistonga ketganini aytdi.

- Bizga qo‘shni fermadagi cho‘ponning iti topib olibdi. O‘sha hududa bir buloq bor, shu buloqdan 4 kilometr narida adashib qolibdi, chamamda. Bolaning jasadini ekspertiza qilishdi. Bizga aytishlaricha, jasaddan tajovuz alomatlari topilmagan. Nazarimda, suvsizlikdan o‘lib qolgan shekilli-da. Onasiga qo‘limizdan kelguncha yordam puli, yo‘l pulini qilib berdik, bolasini O‘zbekistonga olib ketdi, - deydi Aslan Jolaev.

Centr1.com saytining yozishicha, 15 yashar o‘smirning g‘oyib bo‘lganidan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi va Bosh prokuraturasi uning topilishida amaliy yordam so‘rab, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan.

Hozircha, bu borada O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi yoki Qozog‘iston davlat idoralaridan biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Atirau militsiyasi Asilbek Hamroevning jasadi topilganini tasdiqladi, ammo savollarni ochiq qoldirdi.

Buxorolik Umida Hamroeva Ozodlik bilan suhbatda avgust oyi boshida o‘g‘lini Atiraudagi ish beruvchining oilasida qoldirib, O‘zbekistonga ketgan va qaytganida, bolasining g‘oyib bo‘lganini aytishganini da’vo qilgan edi.

O‘g‘lining nobud bo‘lgani haqidagi ma’shum xabar ortidan Ozodlik ayol bilan yana bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Aslan Jolaevning aytishicha, Umida Hamroeva O‘zbekistonga qaytganidan buyon aloqaga chiqmagan.

Ayni paytda, Aslan 15 yashar bolaning qanday g‘oyib bo‘lgani haqidagi qo‘shimcha savollarga ham javob berdi. Uning aytishicha, onasi O‘zbekistonda singlim rak bo‘ldi, deb shoshilinch ketgan va bolasini tilxat yozib, ularga qoldirib ketgan.

Onasi ketgach, Asilbek Jolaevlar fermasidagi cho‘ponlarga ko‘maklashib yurgan va bir kuni ularni aldab, fermadan qochib ketgan.

- Kattalar ketma, onang kelsin, deb qaytarishgan. Shunda u aldab ketib qolgan. "Cho‘ponga suv olib borib beraman", degan va suvni olib borgan. Rustam, degan cho‘ponimiz bor. U ham aytgan: "Qaerga ketayapsan, dala-ku, aylanamiz cho‘l", deganda Asilbek men yo‘lni bilaman, Qulsari shahariga (Jilioy tumani markazi - tahr.) boraman, deb ketib qolgan. O‘zi u juda chaqqon bola edi. Biz uning daragi O‘zbekistondan chiqsa kerak, deb ham yurgan edik, afsus, ishlar bunaqa bo‘lib ketdi, - dedi Aslan Jolaev.

Uning aytishicha, ayni paytda, tergovchilar fermaga rahbar bo‘lgan akasi, Asilbek bilan suhbatlashgan, ishlagan cho‘ponlar va voqeaga aloqador kishilar bilan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Shu tariqa, yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgan buxorolik Umida Hamroeva aslida O‘zbekistonda oilaviy ahvoli og‘ir, uysiz-joysiz bo‘lgani uchun Qozog‘istonga ishlagani borganini aytgan edi.

Umida avgust oyida esa singlisining saraton kasaliga chalinganini eshitgach, bolasini tashlab ketishga majbur bo‘lganini iddao qilgan:

- O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq qilib, singlimning saraton kasaliga chalinganini aytishdi. Ketishga majbur bo‘ldim, lekin o‘g‘limni olib ketgani pulim yo‘q edi. Buning ustiga uni olib borsam, maktabda o‘qishi kerak, deb chegaradan qaytib chiqishiga ruxsat berishmasdi. Xozyaindan (u ishlab turgan oila boshlig‘i - tahr) qoldirsam maylimi, deb so‘radim. "O‘zimning bolamday qarab turaman, qo‘y boqib yuradi yonimda", dedi. Qoldirib ketgandim. O‘zbekistonda 1 oy qolib ketdim, portalga uy so‘rab, yozgan edim, javobini kutdim. Keyin Qozog‘istonga qaytsam: "Bolang 2 sentabrda chiqib ketib qoldi. Qaerga ketganini bilmaymiz", deyishdi, - deya zor-zor yig‘lagan edi ayol.

U 15 yashar o‘g‘li Asilbekni yolg‘iz o‘zi katta qilgani, 2012 yildan buyon yordam so‘rab, davlat idoralariga qilgan murojaatlari esa natijasiz qolganini aytgan.

XS
SM
MD
LG