Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2019, Тошкент вақти: 23:00

Andijon hokimining mashinasi avariyaga uchradi, ikki kishi jarohatlandi


Andijonda shahar hokimining Chevrolet Captiva xizmat mashinasi ishtirokida 8 oktabr kuni ro‘y bergan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida ikki kishi jarohatlandi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, shahar hokimi Dilshod Rahmatullaevniki, deb aytilayotgan davlat raqami “60204AAA” bo‘lgan qora rangli Chevrolet Captiva avtomobili Andijonning "Ko‘k gumbaz" masjidi yonidagi yo‘lda qarama-qarshi tomondan kelayotan Chevrolet Cobalt mashinasi bilan to‘qnashgan.

Avariya oqibatda Cobalt mashinasi ichida bo‘lgan ikki ayol og‘ir jarohatlandi va ular Andijon Shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizildi.

Ularning ahvoli haqida ma'lumot yo‘q. Cobalt mashinasining egasi Ozodlikka gapirishni istamadi.

Guvohlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan paytda Chevrolet Captivada Andijon shahar hokimi Dilshod Rahmatullaev bo‘lgan, mashinani uning haydovchisi boshqargan.

Hokim va uning haydovchisiga shikast yetmagan.

Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi hozirda mazkur avtohalokat yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Ayrim iddaolarga ko‘ra, Andijon hokimining Chevrolet Captiva mashinasi qizil chiroqda o‘tgani yo‘l-transporti hodisasi ro‘y berishiga sabab bo‘lgan.

Hokimning mashinasi qizil chiroqda o‘tganmi?

Andijonlik taksi haydovchisi Ozodlik bilan suhbatda hokimning mashinasi qizil chiroqda o‘tganidan keyin avariyaga uchraganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.

- O‘zim ko‘rdim, qora Captiva qizil chiroqdan o‘tib, u tarafdan kelayotgan Cobalt mashinasini urib yubordi. Shu atrofda kelayotgan Spark mashinasiga ham urilib, uni ham pachaq qildi. Cobaltning ichida ayollar bor ekan, ularni Tez yordam olib ketdi. Keyin bilsak, Captiva hokimning mashinasi ekan. Militsiya kelib bir zumda ishni "yumaloq-yostiq" qildi. Hokim narigi mashinani tuzatttirib beraman, deb rozi qilgan ko‘rinadi, hamma birpasda tarqaldi, - dedi ismi sir qolishini istagan andijonliklardan biri.

Hokimning mashinasi ustaxonada, o‘zi Nexia minib yuribdi

Andijon shahar hokimligi garajida ishlovchi xodimning Ozodlikka aytishicha, 8 oktabr kungi halokatdan so‘ng mashina garajga olib kelinmagan.

- Avariya bo‘libdi, deb eshitdik, lekin nima bo‘lganini bizga aytishmadi. O‘zlari ustaxonaga olib borishgan. Aslida, u mashina hokimiyat balansidagi mashina. 2017 yilda olingan yangi chiqqan Chevrolet Captiva edi. Avariyada qanaqa shikastlangan va qaysi ustxonaga olib ketishgan, biz bilmaymiz. Hozir hokim Nexia Ravon mashinasida yuribdilar, - dedi Andijon shahar hokimiyati garaji xodimi.

Andijon hokimining mashinasi avariyaga uchrashiga nima sabab bo‘lgan? Haqiqatan ham shahar hokimi mashinasini boshqargan haydovchi qizil chiroqda o‘tganmi?

Shu savollar bilan Ozodlik Andijon shahar IIBsi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limiga bog‘landi.

Lekin, telefon go‘shagini ko‘targan mulozim bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

Andijon hokimi Dilshod Rahmatullaevning o‘zi bilan esa bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

O‘zbekistonda militsiya, xavfsizlik xizmatlari oddiy xodimlaridan tortib amaldorlari hamda hokimlar va ularning hayovchilari tomonidan yo‘l-transport hodisasi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, ammo ko‘p xollarda ular jazodan qutilib qolganliklari haqida Ozodlik xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG