Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:35

OzodDayjest: Rossiyadan qaytgan muhojir xotinini yo‘ldan urgan do‘stini o‘ldirdi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Namanganda noqonuniy kirakashlik qilgan damaschilar ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etildi. Rossiyada ishlab kelgan erkak xotiniga ko‘z olaytirgan do‘stini o‘ldirdi. Xonanda Davron G‘oyipov Qur’on yodlash armon bo‘lib qolganini aytdi.

_____________________________________________________________

“Vijdonsiz” kirakash “Damas”chilarni qat’iy nazorat qilish taklif etildi

Namangan viloyatining shahar va tumanlarida minglab “Damas” haydovchilari noqonuniy kirakashlik bilan shug‘ullanmoqda (“XXI asr”, 12 oktabr). Qayd etilishicha, ularning aksari litsenziyasiz yo‘lovchi tashimoqda, ular orasida haydovchilik guvohnomasi olmaganlar ham bor. Haydovchilarning malakasizligi bois avtohalokatlar ko‘paymoqda. “Ularda, kechirasiz-u, tegishli hujjatlarni qo‘ying, odamiylik, vijdon-diyonat degan tuyg‘uning o‘zi yo‘q”, deb yozadi gazeta. Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda, gavjum shahar-qishloqlarning har birida 100 tadan 300 tagacha “Damas” haydovchisi kirakashlik qilmoqda. Gazetaga ko‘ra, “Damas”chi va qo‘lbola kirakashlarni tartibga solish, xususan, yo‘l harakati xavfsizligi va soliq idoralari jabhani qat’iy nazoratga olishi kerak.

Farg‘onalik erkak xotinini yo‘ldan urgan do‘stini o‘ldirdi

Farg‘ona viloyati tumanlaridan birida yashovchi erkak rafiqasini yo‘ldan urib xiyonatga boshlagan do‘stini o‘ldirdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Muhsinjon Isaqov ma’lum qiladi (“Huquq”, 12 oktabr). Ismi oshkor etilmagan erkak Rossiyada ishlab, oilasiga pul yuborgan. Turmush o‘rtog‘i, farzandlari bilan esa telefonda gaplashib turgan. Bu orada xotinining telefonni tez-tez o‘chirib qo‘yishi ko‘nglida shubha uyg‘otgan. Shu tariqa u Rossiyadan Farg‘onaga qaytib kelib, ayolini kuzata boshlagan va u do‘sti bilan don olishib yurganini aniqlagan. Xiyonatga chiday olmagan erkak do‘stini xilvatga olib borib, temir qoziq bilan urib o‘ldirgan. Aybiga iqror bo‘lgan oila boshlig‘i uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Davron G‘oyipov: Qur’on yodlash menga armon bo‘lib qoldi

O‘zbekistondagi afsonaviy “Original” guruhi asoschisi, mashhur xonanda Davron G‘oyipov saraton xastaligiga chalinib, uni enggan (“Darakchi”, 12 oktabr). Endilikda ma’lum bo‘lishicha, xonanda 2006 yilda buyragida saraton o‘simtasi borligidan xabar topgan, so‘ng davolanish uchun uyini sotgan va Ukrainada davolanib, xastalikni enggan. Ayni paytda sog‘lig‘idan shikoyati yo‘qligini bildirgan xonanda ikki armoni borligini aytgan. “Biri – sakkiz yoshimda kitob o‘qishni boshlaganimda biror odam qo‘limga Qur’on tutqazmagani. Qur’onni o‘qib, yod olishim aniq edi, balki shunda hayotim ham boshqacha bo‘larmidi... Ikkinchisi, “Original”da dunyo miqyosiga chiqish uchun hamma imkoniyat bor edi, biroq taqdir emas ekan. Bu orzularim orzuligicha qolib ketdi”, degan Davron G‘oyipov.

XS
SM
MD
LG