Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2019, Тошкент вақти: 01:20

OzodDayjest: Namanganda kollej fohishaxonaga aylantirildi - tamagir nozirlar jinoyatdan ko‘z yumdi


Illyustrativ surat.

Namanganda kollejning fohishaxonaga aylantirilishiga ko‘z yumgan va tamagirlik qilgan militsiya nozirlari jazolandi. “O‘zsanoatqurilishbank” raisi rahbar otasi va prokuror akasi yordamida o‘ziga qarshi da’voda yutib chiqdi. Matbuot agentligi vakili hayosizlikni targ‘ib qilayotgan radiokanallarni tanqid qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Namanganda kollej fohishaxonaga aylantirildi – militsiya nozirlari pora evaziga jinoyatni yashirdi

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi Koroskon iqtisodiyoti kollejidan fohishaxona sifatida foydalanilgan, ammo militsiya nozirlari pora evaziga mazkur jinoyatni yopdi-yopdi qilishga uringan (“Postda”, 7 oktabr). Uch nafar yigit kollej qorovuli bilan kelishib, ikki yengiltak qizni ta’lim maskaniga olib kelgan. Hudud militsiya noziri Shuhrat Ismatullaev boshchiligidagi guruh ularni sharmandali holatda qo‘lga olgan. Ammo militsiya katta inspektori Ikrom Jo‘raev va inspektor Shuhrat Ismatullaev huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda jinoiy ish ochish va yuqori rahbariyatga ma’lum qilish o‘rniga, ikki yengiltak qizni qo‘yib yuborgan, uch yigitga esa pora evaziga ishni yopishni taklif qilgan. Yigitlardan biri 100 dollar evaziga jinoiy ish ochilishidan qutulib qolgan. Ikkisidan esa 500 ming so‘mdan pul talab qilingan, ammo ular buncha puli yo‘qligini aytgan. Militsiya inspektorlari holi-joniga qo‘ymay telefon qilavergach, ikki yigit tamagirlik holati haqida huquq idoralariga xabar bergan va ular qo‘lga olingan. Militsiya nozirlari tamagirligi bois jazoga tortilgani xabar qilingan. Ta’lim maskanini fohishaxonaga aylantirgan yigit-qizlarga qanday jazo tayinlangani ochiqlanmagan.

“O‘zsanoatqurilishbank”dan noqonuniy bo‘shatilgan xodim huquqi himoya qilinmadi – prokuror bank raisining akasi bo‘lib chiqdi

“O‘zsanoatqurilishbank”idan 2017 yil fevral oyida noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan Davronbek Rajapovning da’volari qanoatlantirilmayapti (“Jamiyat”, 6 oktabr). D.Rajapov bank rahbariyati ustidan dastlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyaga arz qiladi, ammo mehnatkashlarning huquqini himoya qilishi kerak bo‘lgan tashkilot vatandoshning qonuniy manfaatlari oyoqosti bo‘lishiga sharoit yaratib beradi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, Respublika kasaba uyushmalari rahbari Q.M.Rafiqov “O‘zsanoatqurilishbank” raisi A.Q.Mirsoatovning otasi ekan. Shundan keyin D.Rajapov fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qiladi. Sud jarayonida prokuratura vakili da’voni rad etadi. D.Rajapov bunga Yunusobod tumani prokurori X.Q.Mirsoatov “O‘zsanoatqurilishbank” raisining akasi ekani sabab bo‘ldi, deb hisoblaydi. Shu tariqa vatandosh buzilgan huquqini tiklash uchun samarasiz kurashib kelmoqda.

Matbuot agentligi: Radiokanallar hayosizlikni targ‘ib qiluvchi qo‘shiqlar bergani aniqlandi

Farg‘ona vodiysida faoliyat olib boruvchi “Diydor FM”, Toshkent shahridagi “O‘zbegim taronasi”, “Oriyat FM” radiokanallari hayosizlikni tashviq qiluvchi, yoshlar odob-axloqiga salbiy ta’sir etuvchi qo‘shiqlarni efirga uzatgani aniqlandi (“Hurriyat”, 11 oktabr). Bu haqda O‘zbekison Matbuot va axborot agentligi Ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh muharriri Jasur Husanov ma’lum qiladi. Qayd etilishicha, “Poytaxt” radiokanali ham “Zdorovaya jizn” eshittirishida “Razvod s mujem dlya jenshchini poleznee, chem brak” qabilida oilaviy qadriyatlarga zid axborot bergan. “Keyingi vaqtlarda Agentlikka fuqarolardan yangi tashkil qilingan ayrim xususiy telekanallarda yoshlarning odob-axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, milliylikdan yiroq, mafkura va mentalitetimizga mos kelmaydigan, hatto oila davrasida ko‘rishga mo‘ljallanmagan ko‘rsatuv va kliplar efirga berilayotgani haqida kuyunchaklik bilan yozilgan murojaatlar ko‘paygan”, deydi agentlik vakili Jasur Husanov.

XS
SM
MD
LG