Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:19

Marhum prezidentning qayinjiyani Akbarali Abdullaev Ukrainadan g‘oyib bo‘ldi (VIDEO)


Ekstraditsion tekshiruv paytida Akbarali Abdullaevni ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash masalasi Kiev sudida bir necha bor ko‘rib chiqildi.
Ekstraditsion tekshiruv paytida Akbarali Abdullaevni ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash masalasi Kiev sudida bir necha bor ko‘rib chiqildi.

Ukraina qochqin maqomi bergan Akbarali Abdullaev¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bu mamlakatni tark etgan. Ukraina Migratsiya xizmati Abdullaevga qochqin maqomini joriy yilning 14 iyunida bergan edi.

O‘zbekiston tomonidan og‘ir moliyaviy jinoyatlar¸ xususan¸ davlatga qariyb 1 milliard dollar ziyon yetkazganlikda ayblanib¸ Ukrainadan ekstraditsiyasi so‘ralgan Abdullaevning hozirda qaysi mamlakatda ekani ma’lum emas.

Ukrainada yo‘q...

Ukrainadagi KyivPost gazetasi muxbiri Bermet Talant - Akbarali Abdullaev Kiev aeroportida hibsga olingandan to unga qochqin maqomi berilgunga qadar bo‘lgan voqealar rivojini yoritgan jurnalistlardan biri.

“Himoyasi bilan Ukraina va xorijdagi eng qimmat va kuchli advokatlar shug‘ullangan Abdullaevni¸ Ukrainada qochqin maqomini olgandan so‘ng topishga urindim¸ ammo bunga muvaffaq bo‘la olmadim”¸ deydi Bermet 12 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda:

- Buning sababi oddiy¸ menimcha u Ukrainani allaqachon tark etgan. Uni bu mamlakatda ushlaydigan narsa yo‘q. Qochqin maqomi unga harakatlanish imkonini beradi. Qolaversa¸ unda bir qator davlatlar¸ xususan¸ Dominikan respublikasi pasporti borligini bilamiz¸ deydi Ukrainadagi jurnalist.

Bu suhbatdosh¸ Kievga xususiy samolyotda uchib kelgan paytida qo‘lga olingan Abdullaevning yana xususiy samolyotda Ukrainani tark etgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

- Kiev aeroporti mutasaddilari xususiy samolyotlar marshrutiga oid ma’lumot berishdan bosh tortdi¸ deydi Bermet Talant.

(Uchqichlar to‘xtash joyidan ular parvozlariga qadar kuzatish imkonini beruvchi flightradar orqali tekshirish uchun¸ samolyot registratsiya raqamini bilish kerak. Hozircha Abdullaev foydalanadigan uchqich raqami ma’lum emas – tahr.)

Ukraina Bosh prokuraturasining yakuniy qarori ochiqlanmadi

Abdullaev bo‘yicha ekstraditsion tekshiruv o‘tkazgan Kiev shahar prokuraturasi matbuot kotibi Nadejda Maksimets¸ qochqin maqomi uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish jarayonini vaqtincha to‘xtatgani¸ biroq bu tekshiruv materiallari Ukraina Bosh prokuraturasiga yuborilganini bildirdi:

- Abdullaev bo‘yicha ekstraditsion tekshiruvga oid materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan va bu masalasida oxirgi qarorni Bosh prokuratura chiqarishi kerak edi. Qanday qaror chiqqanini¸ kelasi hafta maxsus o‘rganib¸ aniq aytaman. Agar Bosh prokuratura unga berilgan qochqinlik maqomini tan olib¸ ekstraditsiya qilmaslik haqida qaror chiqargan bo‘lsa¸ Abdullaev Ukrainani tark etishga haqli. Lekin bunday qarorni men hozircha ko‘rmadim¸ deydi Maksimets.

“Qochishga joyim yo‘q!”

Migratsiya xizmati bergan maqomni asossiz deb topishga vakolatli bo‘lgan Ukraina Bosh prokuraturasi Akbarali Abdullaevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish-qilmaslik masalasida uzil-kesil qaror bermagan bo‘lsa¸ Abdullaev Ukrainada qochib ketgan¸ deb ko‘rilishi mumkin.

Zotan¸ uni hibsda saqlash haqida sudga takror va takror so‘rov yuborgan Kiev shahar prokuraturasi¸ Abdullaevning ozodlikka chiqishi bilan Ukrainadan qochib ketish ehtimoli kuchliligini ta’kidlagan edi.

Bunday ehtimolni “axmoqlik” deb baholagan Abdullaev esa¸ qochadigan joyi yo‘qligini aytgan edi:

- Hech qaerga qochish niyatim yo‘q¸ qochadigan joyim yo‘q o‘zi. Bu borib turgan axmoqlik. Men shu mamlakatda (Ukrainada) qolib¸ o‘z haq-huquqlarim uchun kurashmoqchiman. Men xato qildim¸ lekin buning javobini berib bo‘ldim (5 yil hibs va qamoqda och-nahor¸ qiynoqlar ostida azob chekkanini eslatadi -tahr.) Moliyaviy zararni qopladim. Hurmatli hakam¸vaziyatga kengroq qarab¸ mening O‘zbekistondagi hokimiyat bilan kurashishimga imkon berishingizni so‘rayman¸ degan edi 20 fevral kungi sud majlisida qilgan bayonotida Abdullaev.

Акбар Абдуллаев: Украинадан қочиш ниятим йўқ!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:41 0:00

Jinoyatlar ro‘yxati uzun

Akbarali Abdullaev 2017 yilning 14 yanvar kuni Kievda Kievning “Julyani” aeroportida O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali berilgan xalqaro qidiruv asosida hibsga olingan edi.

O‘zbekistonni 27 yil idora qilgan Islom Karimovning xotini Tatyana Karimovaning¸ aytilishicha¸ erka jiyani bo‘lgan 34 yashar Akbarali Abdullaev¸ vodiyda “Farg‘ona shahzodasi” deb tanilgan.

2012 yilga qadar Farg‘ona vodiysidagi serdaromad biznes tizimlarini to‘liq nazoratida ushlab kelgani aytiladigan Akbarali Abdullaev biznes imperiyasi tarkibida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi¸ Quvasoy tsement zavodi¸ "Farg‘ona tekstil", "Silver Silk", "Kvars", "Quvasoy tekstil","Quvasoypromstroy" kabi fabrika va shirkatlar¸ o‘nlab savdo majmualari¸ "Osiyo" mehmonxonalar tarmog‘i bo‘lgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Abdullaev 2013 yilning 10 oktabrida og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, shaxsan Islom Karimovning buyrug‘i bilan hibsga olingan va 2014 yil noyabrida dastlab 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, so‘ngra jazo muddati 6 yilu 6 oy etib belgilangan edi. 2016 yil avgust oyi oxirida (Islom Karimov vafoti arafasida) berilgan muddatni o‘tab bo‘ldi¸ degan asosda ozodlikka chiqarilgan Akbarali Abdullaev¸ Karimov o‘limidan ko‘p o‘tmay¸ oktabr oyida yangi pasport bilan O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Mamlakatni tark etishidan bir oy o‘tib-o‘tmay¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Abdullaevni Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha davlat mulkini o‘zlashtirish, chet el valyutasini yashirish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash va jinoiy faoliyatdan olingan yuzlab million dollarni yuvishda ayblab¸ unga qarshi yangi jinoiy ish ochdi.

26 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ana shu ish asosida Abdullaevni o‘z ixtiyoriga topshirishni so‘rab¸ Ukraina Bosh prokuraturasiga rasmiy so‘rovnoma yubordi.Shundan so‘ng Kiev sudi Bosh prokuratura ekstraditsion tekshiruv masalasida uzil-kesil qaror bergunga qadar¸ Abdullaevni bir yilgacha hibsda saqlash haqida hukm chiqardi.

14 iyun kuni Ukraina Migratsiya xizmati¸ o‘tmishda ko‘rilmagan tezlik bilan¸ Abdullaev ishi yuzasidan qaror chiqardi va unga qochqin maqomini berdi. O‘z vatanida hayoti xavf ostida deb ishonilgan xorijliklarga beriladigan bu maqom¸ Abdullaevning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinish ehtimolini deyarli yo‘qqa chiqardi.

Migratsiya xizmati qarori arafasida¸ Akbarali Abdullaevning advokatlari talabi bilan Interpol orqali unga berilgan xalqaro qidiruv ham bekor qilindi.

3 maydan boshlab¸ Akbarali Abdullaev Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatida yo‘q.

XS
SM
MD
LG