Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:19

Andijonlik qochqinlarning eng keksasi O‘zbekistonga qaytdi


Andijonlik qochqin Najmiddin Umarov
Andijonlik qochqin Najmiddin Umarov

2005 yil, 13 mayda Andijonda sodir bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng O‘zbekistonni tark etib, o‘n ikki yil AQShda yashagan 76 yashar Najmiddin Umarov hafta boshida vataniga qaytdi. Najmiddin Umarov Andijonga kelganidan so‘ng to‘rt kun mobaynida viloyat ichki ishlar boshqarmasida ushlab turilgani va uyiga qo‘yib yuborilgani xabar paydo bo‘ldi. Lekin, Umarovning yaqinlariga ko‘ra, u aeroportda uch soat ushlab turilganidan so‘ng, qo‘yib yuborilgan.

Ozodlikning Andijondagi mobil muxbirlaridan biri AQShda yashayotgan qochqin Najmiddin Umarovning hafta boshida Andijonga qaytishi tafsilotlarini aytarkan, bunday dedi:

"Men olgan xabarga ko‘ra, Najmiddin Umarov aeroportdan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan, to‘rt kundan so‘ng qo‘yib yuborilgan".

Andijonlik inson huquqi faoli Saidjahon Zaynobiddinovning Umarovning uyiga borib kelgan tanishining gapiga tayanib aytishicha, u ichki ishlar boshqarmasiga olib borilmagan:

- Men Najmiddin akaning uyiga borib kelgan odam bilan gaplashdim. U kishi kelganidan so‘ng aeroportda uch-to‘rt soat ushlab turishgan ekan, xolos. Balkim, keyin chaqirib savol-javob qilishayotgandir, bunisini aytmagan. Sog‘-salomat, uyida ekan, odamlar borib ziyorat qilib kelyapti ekan, deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Ozodlikning Najmiddin Umarovning o‘zini topib gaplashishga qilgan harakati natija bermadi.

Avstraliyada yashayotgan andijonlik qochqinlardan biri, Baxtiyor Turdiev Ozodlik bilan suhbatda hammahallasi Najmiddin Umarovning oilasi bag‘riga qo‘shilganidan xursand ekanligini bildirar ekan, ayni paytda boshqa qochqinlarning O‘zbekistonga qaytishi uchun biroz vaqt borligini aytdi:

- Bugungi kundagi o‘zgarishlar, bu boshlanishi. Bunga yana jinday muhlat kerak, besh yilmi, o‘n yilmi, bilmadim. Lekin tuzum hali o‘zgargani yo‘q. Kimdir xohlayotgandir yaxshi bo‘lishini, lekin bu tuzimning o‘zgarishiga hali ko‘p vaqt kerak, ko‘p odamlar almashishi kerak, qonunlar o‘zgarishi kerak. Shundagina balkim qaytish haqida o‘ylab ko‘rarmiz. Qaytish niyat bor, lekin hozir emas, dedi Baxtiyor Turdiev.

Andijon shahar, Bog‘ishamol mahallasida yashaydigan Najmiddin Umarov 2005 yil 13 may kuni Andijondagi qonli voqealardan so‘ng Qirg‘izistonga qochib o‘tgan va so‘ngra AQShdan boshpana olgan edi.

2010 yilda Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Najmiddin Umarov, oilasidan ajrab bir o‘zi qochqin bo‘lib qolgani, bir o‘g‘li Andijon voqealarini sodir etishda ayblanib qamalgani va kelini uch nabirasi bilan qolganini aytib, imkoni bo‘lsa O‘zbekistonga qaytish niyati borligini bildirgan edi.

Нажмиддин Умаров билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:41 0:00
Бевосита линк

Bundan avval ham andijonlik qochqinlarning O‘zbekistonga qaytish harakatlari bo‘lgan. Xususan, qochqinlardan biri Dilorom Abduqodirova O‘zbekistonga qaytgach, mahkamaga tortilgan va o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Qochqin Dilorom Abduqodirova O‘zbekistonga qaytgach o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi
Qochqin Dilorom Abduqodirova O‘zbekistonga qaytgach o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi

​Shundan so‘ng, andijonlik qochqinlarning O‘zbekistonga qaytish harakatlari to‘xtagan edi.

Islom Karimov vafotidan va Shavkat Mirziyoevning prezidentlikka kelganidan so‘ng, birinchi qochqin O‘zbekistonga qaytdi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 2005 yilning 13 may kuni Andijonning markaziy Bobur maydonida hukumat kuchlari aksariyati qurolsiz bo‘lgan tinch namoyishchilarni o‘qqa tutishi natijasida yuzlab begunoh odam, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Hukumat esa, Andijonda hokimiyatni qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan bosib olishga uringan akromiylar diniy oqimiga mansub 187 kishining halok bo‘lganini aytib keladi.

​Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

13 may kuni o‘z hayotini saqlab qolish uchun yuzlab andijonliklar qo‘shni Qirg‘izistonga qochishga majbur bo‘ldi.

Bir necha oy o‘tib BMT Qochqinlar idorasi ko‘magida qariyb 500 nafar andijonliklar Ruminiyaga o‘tkazildi.

2005 yilning 13 may voqealari tariqdek sochib yuborgan andijonliklar AQSh, Avstraliya, Kanada, Shvetsiya, Germaniya, Chexiya, Shveysariya, Niderlandiya, Belgiya kabi mamlakatlardan boshpana topgan.

XS
SM
MD
LG