Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:35

Qirg‘izistondagi saylovda Jeenbekov peshqadamlik qilmoqda


So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.
So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.

Qirg‘izistonda 15 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida amaldagi prezident A.Atambaevning safdoshi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov qariyb 55 foiz ovoz bilan oldinda borayapti.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kungi saylovda ovoz berishga ega vatandoshlarning 1 million 690 ming nafari qatnashgan. Bu respublika bo‘ylab saylov davomati qariyb 56 foizni tashkil etganini anglatadi.

Kim oldinda, kim ortda?

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasidan nomzod So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov peshqadamlik qilayapti. Unga ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 917 ming nafardan ko‘prog‘i ovoz bergan.

O‘murbek Babanov.
O‘murbek Babanov.

Jeenbekovning asosiy raqibi o‘laroq ko‘rilgan O‘murbek Babanov 564 mingdan ko‘proq (qariyb 34 foiz) ovoz qozonib, ikkinchi o‘rinni egallagan.

“Butun Qirg‘izstan” partiyasi lideri Adaxan Madumarov 108 ming saylovchi (6 foizdan ko‘proq) ovozini yig‘ib, uchinchi o‘ringa chiqdi.

To‘rtinchi o‘rinda saylovchilarning taqriban 3 foizining ovozini qozonganTemir Sariev bormoqda. Qolgan 7 nomzod saylovchilarning 1 foiz ovozini ham qozona olmagan.

Qirg‘izistondagi saylovda jami 11 nomzod (Ernis Zarliqov, To‘qtayim Umetalieva, Temir Sariev, Ulukbek Qo‘chqo‘rov, Taalatbek Masadiqov, O‘murbek Babanov, Arstanbek Abdildaev, Azimbek Beknazarov, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, Adaxan Madumarov va Arslanbek Maliev) ishtirok etdi. Saylovning birinchi bosqichida g‘alaba qozonishi uchun nomzod ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 50 foizdan ko‘proq ovozini yig‘ishi lozim.

Eng ko‘p ovoz - tug‘ilgan yurtlardan

Amaldagi prezident Almazbek Atambaevning safdoshi, saylov peshqadami So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov eng ko‘p ovozni o‘zi tug‘ilgan O‘sh viloyatida oldi.

Ikkinchi o‘rinda borayotgan O‘murbek Babanov esa o‘zi tug‘ilgan Talas viloyatida 85 foiz saylovchi dastagiga ega bo‘ldi.

Agar saylov natijalarida sezilarli o‘zgarish bo‘lmasa, yangi prezidentning inauguratsiyasi, mavjud qonunchilikka muvofiq, shu yil 4 dekabrigacha bo‘lib o‘tishi kerak.

Amaldagi davlat rahbari Almazbek Atambaevning prezidentlik muddati shu yil 1 dekabrida tugaydi.

Saylovning rasmiy natijalari bir hafta ichida e’lon qilinadi

Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Baxtiyor Qodirov ma’lum qilgan.

“Taxminan 5-7 kun ichida saylovning rasmiy natijalarini aytamiz”, dedi Qodirov.

Qirg‘iziston MSK 16 oktabr tushgacha saylov uchastkalarining 99 foizidan ma’lumotlar kelib tushganini, xorijdagi 37 ta hamda mamlakat ichidagi 3 ta saylov uchastkasidan avtomatik hisob qutilari cheklariga oid ma’lumot hali kelmaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG