Линклар

Kievda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik jurnalist Narzullo Oxunjonov 18 oktabr kuni hibsdan ozod qilingan. Bu haqda Ukrainaning “Ommaviy axborot instituti” jamoatchilik tashkiloti jurnalistning advokati Aleksey Fedorov so‘zlariga tayangan holda xabar tarqatdi.

“U allaqachon uyda. Uni bugun tushdan keyin ozod qilishdi, soat 13 larda biz uni olib ketdik”, degan advokat Fedorov mijozining sog‘lig‘i yomonlashganini qo‘shimcha qildi.

Advokat Fedorov mijozi Oxunjonov prokuratura qarori bilan ozod qilinganini bildirgan, ammo qo‘liga hali biror hujjat tegmagani uchun bu borada qo‘shimcha ma’lumot bera olmagan.

Nazrullo Oxunjonov 20 sentabr kuni siyosiy boshpana olish maqsadida Turkiyadan Kievga uchib kelgan paytda qo‘lga olingan.

Ukraina hukumatining bildirishicha, Oxunjonovning hibsga olinishiga uning ismi-sharifi Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatida qayd etilgani sabab bo‘lgan.

Kievdagi Solomensk tuman sudi shu yil 25 sentabr kuni 2013 yildan beri O‘zbekistondan tashqarida yashashga majbur bo‘lib kelayotgan N.Oxunjonovni tergov yakunlanguniga qadar 40 kunlik muddatga hibsda saqlash qarorini chiqargan.

27 sentabr kuni qarorgohi Nьyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi bayonot bilan chiqib, Kiev rasmiylaridan Oxunjonovni ozod qilish, uning Ukrainada qolishiga imkon yaratish va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmaslikni iltimos qilgan.

O‘zbek rejimini tanqid qilib kelgan N.Oxunjonovni zudlik bilan hibsdan ozod qilish chaqirig‘i Freedom House xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining shu yil 11 oktabrida yoyinlangan bayonotida ham aks etgan.

“O‘zbekiston” radiokanali “Yangi jamiyat” studiyasining Siyosiy, huquqiy va ma’rifiy eshittirishlar bo‘limi sobiq mudiri Nazrullo Oxunjonov Ozodlik radiosining OzodNazar eshittirishining doimiy ekspertlaridan biri qatorida bir necha yillardan beri O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarga o‘z nuqtai nazarini bildirib kelar edi.

XS
SM
MD
LG