Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:25

YeXHT O‘zbekistonni qamoqdagi barcha jurnalistlarni ozod qilishga chaqirdi


YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Harlem Dezir
YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Harlem Dezir

«Men hanuz qamoqda qolayotgan Dilmurod Said, Yusuf Ro‘zimurodov, Bobomurod Abdullaev va boshqa barcha jurnalistlarni ozod qilishga chaqiraman. Bu qilish mumkin va zarur bo‘lgan ishdir”.

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Harlem Dezirning bu chaqirig‘i Toshkentda o‘tkazilgan anjuman doirasida yangragani to‘g‘risida xalqaro tashkilot rasmiy sayti xabar qildi.

17-19 oktabr kunlari Toshkentda YeXHT tashkil qilgan "Markaziy Osiyoda oshkora jurnalistika" nomli anjuman bo‘lib o‘tdi.

Bunday tadbir O‘zbekistonda so‘nggi 15 yil ichida ilk bor o‘tkazildi.

YeXHTning Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha 19-Markaziy Osiyo anjumanida xorij davlatlaridan kelgan matbuot sohasi eskpertlari va jurnalistlardan iborat 80 kishi ishtirok etdi.

Anjumanda qatnashgan O‘zbekiston va mintaqalik jurnalistlar Markaziy Osiyoda bugungi jurnalistikaning ahvoli va muammolarini muhokama qildi.

Farg‘ona.ru agentligi bergan xabarga ko‘ra, tadbirda o‘zbekistonlik jurnalist Sergey Naumov va Aleksey Volosevichlar 27 sentabrdan buyon hibsda qolayotgan mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev taqdiriga oid savollar bilan O‘zbekiston rasmiylariga murojaat qilishgan.

Agentlikning yozishicha, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova Bobomurod Abdullaev "qonunni buzgani uchun hibsga olingani, uning ishini sud ko‘rib chiqayotgani, sud qaror qilmaguncha", bu masalada biror izoh bermasligini aytish bilan cheklangan.

2017 yilning 27 sentabrida Toshkentda qo‘lga olingan 44 yoshli mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 159-moddasining 4-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) ayblanmoqda. ​

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Ozodlikka taqdim etgan 1 oktabr kungi sud qarorida yozilishicha, "Abdullaev “O‘zbekiston Xalq harakati” funksioneri sifatida shu harakat rahbari Muhammad Solihning ko‘rsatmasi bilan 2011 yildan buyon Usmon Haqnazarov taxallusi bilan Internetda mavjud konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan".

3 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida "O‘zbekiston Xalq harakati" rahbari Muhammad Solih Bobomurod Abdullaev Usmon Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar e’lon qilib kelgan jurnalist ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘tgan bir yil davomida 14 nafar jurnalist, siyosiy partiyalar faollari va inson huquqi himoyachilari Muhammad Bekjon, A’zamjon Farmonov, Solijon Abdurahmonov, Bobomurod Razzoqov, G‘anixon Mamatxonov, A’zam Turg‘unov, Rustam Usmonov, Samandar Qo‘qonov, Erkin Musaev, Botirbek Eshqo‘ziev, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Davron Tojiev va Muhammadali Qoraboev ozod etildi.

Hyuman Rayts voch inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida yana 12 nafar inson huquqi faoli va jurnalistlar qolmoqda.

YeXHTning matbuotga oid Markaziy Osiyo anjumani har yili o‘tkazib kelinadi. 18-anjuman Avstriya poytaxti Venada o‘tkazilgan.

Toshkent 2002 yilda 4-anjumanga ham mezbonlik qilgan edi. O‘shanda “Matbuot erkinligi va korrupsiya” mavzusi muhokama qilingan.

XS
SM
MD
LG