Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:43

Paxta rejasini bajarishda sustkashlik qilayotgan fermerlar tunni qamoqda o‘tkazdi


Shahrisabzdagi IIB binosi
Shahrisabzdagi IIB binosi

Shahrisabz tuman hokimligi paxta shtabidagi mulozimlar paxta rejasini bajarmay, bozorda bodring sotayotgan fermerlarni 18 oktabr kungi paxta terimiga bag‘ishlangan majlisda tanqid qilishdi. Bu tanqid ortidan bir necha fermer tunni Shahrisabz tuman IIB izolyatorida o‘tkazgan. Ular orasida ayol fermerlar ham bor.

Bu haqda fermerlarning o‘zlari Ozodlikka arz qilishdi. Ulardan birining aytishicha, “paxta rejasini bajarishga 100 kilo yetmagani uchun” fermerlar paxta shtabidan to‘g‘ri militsiyaxonaga olib ketilib, tuni bilan ushlab turilgan. Arzgo‘ylar Ozodlikka vaziyatga oid suratlarni ham yubordi.

Shahrisabz tuman hokimligi paxta shtabi mulozimining aytishicha¸ “Paxta rejasini bajarmasdan bodring¸ pomidor va piyozini sotib yurgan fermerlar tergalgan, ammo ular hibs qilinmagan”

Ismi sir qolishini so‘ragan mulozim ta’kidicha¸ reja bajarmagan fermerlarning mol-mulkini musodara qilish masalasi ko‘rilgan:

- Fermerlarni qamaganimiz yo‘q-ku. Fermerlar bilan kechqurun qattiq gaplashilyapti. Razbor bo‘lyapti. O‘shalarga bajarasan, deyapti. Lekin oborib tiqib qo‘yilgani yo‘q. Lekin tiqib qo‘ysa arziydi bu tanballarni. Bu fermerlar faqat urishilyapti. Og‘ayni planni bajaraman deb shartnoma tuzgansan. Ertaga seni mol-mulking musodara qilinadi deyilyapti tamom¸ deydi mulozim.

Ayni paytda Qashqadaryo viloyat IIB da ishlaydigan mulozim viloyat tumanlaridagi bir nechta fermer “bezorilik qilgani uchun huquqbuzar sifatida chora ko‘rilganini” tasdiqladi. Mulozimga ko‘ra¸ bu fermerlar paxta paytida bozorda poliz maxsulotlarini sotayotganida janjal figuranti bo‘lgani bois, so‘roq qilinib qo‘yib yuborilgan.

Shahrisabz tuman hokimligi paxta shtabida ishlaydigan mulozim bu holatga oydinlik kiritdi:

- Paxta shtabi faollari ularni bozorda ko‘rib tergagani rost. Endi fermer ham shartnoma tuzib qo‘yib, lallayib yurmasligi kerak. Planni bajarishi kerakda. Paxta terishni o‘rniga¸ burchak¸ burchakka ekkan pomidori¸ bodringi va piyozini bozorga obchiqib sotib yuribdi. Bu yoqda paxtasini ham¸ g‘allasini ham bajarmagan. Savol berilsa janjal qiladi. Bo‘zrayib o‘tiradi. Plan davlatniki. Bajarishi kerak.O‘zlari aybdor¸ deydi mulozim.

Ozodlik reja bajarmagani uchun paxta shtabida haqoratlangan qashqadaryolik fermer bilan gaplashdi. Ismi aytilmasligini so‘ragan fermer bu majlislarda insoniy qadr-qimmati kamsitilganini aytadi:

- Paxtani ham, g‘allani ham bajarmading, deb har kuni onamizni haqorat qilishadi. Tirikchilik uchun ekkan sabzi-piyozimizni yuzimizga solishaveradi. Men ana shu yig‘ilishlarning beshtasida qatnashdim. Viloyat hokimi g‘alla va paxta rejasini bajarmagan fermerlarni juda ham yomon uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, rejani nega bajarmading deb onasidan so‘kdi. Bu borishda qashqadaryolik fermerlarnimg onalari hokimdan xomilador bo‘lsa ham hayron bo‘lmayman, deydi alamli istehzo bilan fermer.

Fermerlar uchun qamchi va popukqand

Shahrisabz tuman hokimligi paxta shtabi mulozimining aytishicha¸ tanqid va tergash - rejani bajarmagan fermerlarning qismati. Rejani bajarganlarni hurmatini joyiga qo‘yib turibmiz, deydi suhbatdosh:

- Masalan, 115-120 foiz qilib plan bajarganlarga katta podarkalar berilyapti. Televizorlar berdik. Odamlarning o‘rtasiga chiqarib maqtalyapti. Ularga yog‘ berilyapti¸ shakar berilyapti. Undan tashqari hokim o‘zini podarkasini berib turibdi¸ prokuror¸ ichki ishlar ham padarka berdi rejani bajarganlarga. Hammasi podarka berib yuribdiku. Terganlarga "rahmat sizlarga", deb. Joyiga borib. Shuni ko‘rib turib ham rejani bajarmaganlarga qandaqa chora ko‘rsak ham oz¸ deydi mulozim.

Paxta rejasini bajarmagnimiz uchun “tunni qamoqda o‘tkazdik” deb Ozodlikka arz qilgan fermer bor-yo‘g‘i 100 kilo paxta yetmagani uchun “militsiya qo‘liga topshirvorish” adolatsizlikdir deydi.

Paxta shtabi mulozimi bu iddaoni rad qildi:

- Yuz kilo emas. E yuz kiloga kim ham gapirardi?! Tonnalab yo‘q paxta. Tonnalab. Mana qo‘limda qog‘oz turibdi. Bir hillari 30 foiz bajargan. Odamlar 90¸ 100 ¸ 115 foiz qilib bajarib turganda bular basharasini bez qilib rejani bajarmay o‘tiribdi. Endi bularni urishsangiz¸ so‘ksangiz peshonamdan otdi deb arz qilib boradi. Shunaqa odamlar bu tanballar¸ deydi mulozim.

Mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ viloyat prokurori talabi bilan reja ko‘rsatkichlari bajarilishini tizimli tashkil etishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaligi rahbarlari ma’muriy javobgarlikka tortilgan¸ boshqa mas’ul shaxslar bu borada qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik xususida rasman ogohlantirilgan.

XS
SM
MD
LG