Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:38

Pichoqlangan "Exo Moskvi" jurnalisti komadan chiqdi


"Exo Moskvi" radiostansiyasining pichoqlangan xodimi Moskva shifoxonasida operatsiya qilinganini bildirdi.

Mustaqil radiostansiyaning boshlovchisi hamda bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lgan asli toshkentlik Tatyana Felgengauer 23 oktabr kuni sun’iy koma holatiga tushirilgan edi.

O‘sha kuni noma’lum shaxs stantsiya binosiga bostirib kirib, jurnalist bo‘yniga pichoq bilan hujum qilgan.

"Exo Moskvi" bosh muharriri Aleksey Venediktov 23 oktabr kuni kech:

- Qaerga borayotganini yaxshi bilgan [hujumchi] xonaga kirib, Tatyana bo‘yniga pichoq sanchdi. Biz bilganimiz shu. Yara chuqur, juda ko‘p qon ketdi. Ammo Tatyana tez yordam mashinasiga o‘zi yurib bordi, - dedi.

24 oktabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujumchi va Kreml rasmiylari o‘rtasida aloqa yo‘qligini ta’kidladi.

Peskov hujumni “aqldan ozgan odam” amalga oshirganini aytdi.

- Aqldan ozgan odam ishini aqldan ozgan odam qiladi. Buni biror narsaga bog‘lashga urinishda mantiq yo‘q va bunday qilish xato, - dedi kotib.

24 oktabr kuni “Exo Moskvi” hujumchi binoga qanday kirgani aks etgan videotasvirni e’lon qildi.

Xavfsizlik kamerasi yozib olgan videoda hujumchi bino soqchisi ko‘ziga gaz sepib, bino ichkarisiga oshiqqanini ko‘rish mumkin.

Rossiya Tergov qo‘mitasi hujumni 48 yoshdagi Rossiya va Isroil fuqarosi Boris Grits amalga oshirganini bildirdi.

23 oktabr kuni qo‘lga olingan Grits tergovchilarga Felgengauer bilan besh yildan beri "telepatik aloqada" bo‘lganini aytgan.

24 oktabr kuni Grits ilk sud eshitishida qatnashdi. Sud uni kamida 23 dekabrgacha mahkamada ushlab turishni buyurdi.

Gumonlanuvchi psixiatrik tekshiruvdan o‘tkazilishi kutilmoqda.

Rossiya hukumati boshqaruvidagi OAV "Exo Moskvi" va boshqa mustaqil nashrlarni sistematik tarzda qoralab keladi.

Oktabr boshida "Rossiya-24" telekanali "Exo Moskvi" 2018 yilga belgilangan prezidentlik saylovi oldidan "jamiyatni beqarorlashtirish" uchun mablag‘ sarflayotganini iddao qildi.

"Exo Moskvi"ning yana bir boshlovchisi Yuliya Latinina sentabr oyida mashinasi yoqib yuborilganidan keyin Rossiyani tark etgandi.

Joriy yilning avgust oyida Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Latininaga noma’lum shaxs bir chelak axlat bilan hujum qilgan edi.

Latinina "Novaya gazeta"da chop etilgan maqolasida Felgengauerga qilingan hujum Rossiya rasmiylarining mustaqil nashrlar haqidagi salbiy retorikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasi ekanligini ta’kidladi.

- Gritsning ruhiy kasal ekanligi partiya chizig‘iga mos tushadi. Felgengauerga qilingan hujum mustaqil jurnalistlar va muxolifatchi siyosatchilargan qilingan va javobsiz qolgan hujumlarning navbatdagisidir, - deb yozdi Latinina.

XS
SM
MD
LG