Линклар

Rossiya rasmiylari yana Toshkentdagi sobiq aviatsiya zavodiga "og‘iz soldi"


Toshkentning Chkalov nomidagi sobiq aviasozlik zavodi, 2010 yil

O‘zbekiston prezidenti Sh. Mirziyoev va Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari D. Rogozin o‘rtasidagi muzokaralarda mudofaa sanoatini tiklashda Rossiyaning O‘zbekistonga maslahatchilik qilishiga kelishildi. Shuningdek, Dmitriy Rogozin Toshkentdagi sobiq TAPOiCh aviatsiya zavodini MS-21 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatadigan bazaga aylantirish ehtimolini tilga olgani xabar qilindi.

Rossiya Harbiy-sanoat komissiyasi O‘zbekistonda mudofaa sanoatini tiklashda maslahatchilik yordamini beradigan bo‘ldi.

Podrobno.uz agentligining xabar qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, Bosh vaziri Abulla Aripov bilan Rossiya Federatsiyasi hukumat raisi o‘rinbosari Dmitriy Rogozin o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda shunday kelishuvga erishilgan.

Dmitriy Rogozin Rossiya "qurolsozlik sanoati rahbari" - Rossiya Federatsiyasi Harbiy sanoat komissiyasi kollegiyasi raisi hamdir.

Agentlik Rossiya vitse-premyeridan keltirgan iqtibosda: "Harbiy sanoat komissiyasi harbiy maqsadda ishlab chiqarilgan mahsulot narxini belgilash tizimini tuzish, qurollanishni rivojlantirishga oid uzoq muddatli dasturni shakllantirish va sanoatni ishga tushirish kabi masalalarda O‘zbekiston hukumatiga yordam beradi", deyiladi.

Shuningdek, bu uchrashuvlar chog‘ida Toshkentdagi sobiq TAPOiCh - Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi, 2012 yildan esa "Toshkent mexanika zavodi"ni MS-21 rusumidagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatadigan mintaqaviy markazga aylantirish masalasi tilga olingani xabar qilinmoqda.

Podrobno.uz agentligining xabar qilishicha, Rossiya hukumati mulozimi Rogozin zavodni borib ko‘rgan va "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati MS-21 samolyotlaridan foydalangan taqdirda bu zavodda butun mintaqaga texnik xizmat ko‘rsatadigan ehtiyot qismlar bazasini ochish mumkinligi haqida gapirgan.

MS-21 - "Magistralniy samolyot XXI veka» (21 asrning magistral samolyoti) - Rossiyaning Irkutsk aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan va shu yilning 28 mayida ilk parvozni amalga oshirgan yangi yo‘lovchi tashuvchi samolyotdir. Ishlab chiqaruvchilar uning Boeing-737 MAX i Airbus A320neo samolyotlariga raqib bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu samolyot bortida 160taga qadar yo‘lovchi tashishi mumkin.

2010 yilning 30 sentabrida O‘zbekiston hukumati o‘zi 76,6 foiz aksiyasiga egalik qiladigan Toshkent aviatsiya birlashmasini bankrot, deb e’lon qilgan edi.

2012 yildan esa u "Toshkent mexanika zavodi" deya qayta nomlanib, 2015 yildan "O‘zbekiston Temir yo‘llari" davlat aksiyadorlik shirkati tasarrufiga o‘tkazilgan.

Rossiya tomoni 2000 yillar boshidan beri Toshkent aviatsiya zavodini Rossiyaning Birlashgan aviasozlik korporatsiyasiga qo‘shish taklifini ilgari surib keladi, ammo marhum prezident Islom Karimov davrida O‘zbekiston tomoni bu taklif qabul qilmay kelayotgan edi.

27 oktabr kuni amaliy safar bilan Toshkentga borgan Rossiya rasmiysi bu masalasini yana bir bor ko‘tarib, yangi prezident Mirziyoev hukumatiga taklif qildi. Ammo, rasmiy matbuotda O‘zbekiston tomonining bu taklifga nisbatan munosabati haqida hozircha biror ma’lumot berilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG