Линклар

“Yujmash” Pxenyan o‘zidan raketa texnologiyalarini sotib olganini rad etdi


"Yujmash" vakillari Shimoliy Koreya ulardan raketa texnologiyasini sotib olgani haqidagi mish-mishlarni "kulgili" ekanini aytmoqdalar.

The New York Times gazetasi joriy yilning 14 avgust kuni Shimoliy Koreya ballistik raketalarni ishlab chiqarish uchun texnologiyalarni Ukrainaning “Yujmash” zavodidan sotib olgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berganidan beri zavod xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘ziga tortib keladi.

Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida o‘tkazilgan raketa bo‘yicha tadqiqotlarga hamda AQSh maxsus xizmatlari ekspertlariga tayangan holda yozilgan The New York Times maqolasida Shimoliy Koreya “RD-250” raketa dvigatellarini qora bozorda “Yujmash”dan sotib olgan bo‘lishi mumkinligi aytildi. Zavod bu dvigatellarni 2001 yilgacha ishlab chiqargan.

Ozodlik radiosi oy boshida “Yujnoe” dizayn byurosi hamda “Yujmash” zavodining 16 nafar vakili va xodimi bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi Shimoliy Koreya ulardan raketa texnologiyasini sotib olgani haqidagi mish-mishlarni yolg‘on, deb biladi.

“Yujmash” direktori o‘rinbosari Volodimir Tkachenko:

- Bu bo‘lmagan gap! - dedi va mish-mishlarni “kulgili” deya baholadi.

“Yujmash” direktori o‘rinbosari Volodimir Tkachenko (ch).
“Yujmash” direktori o‘rinbosari Volodimir Tkachenko (ch).

“Yujmash” 1944 yili avtomobil zavodi o‘laroq ochilgan. 1951 yilda Sovet Ittifoqining maxfiy raketa zavodiga aylantirilgan. 1954 yili zavod qoshida “Yujnoe” dizayn byurosiga asos solingan. Shirkatlarga minglab sovet fizigi, injeneri hamda dizayneri jalb qilingan.

Zavodda Sovet Ittifoqining qit’alararo ballistik raketa hamda fazo dasturlari uchun raketalar ishlab chiqarilgan. Zavod ishlab chiqargan taniqli raketalar orasida NATO “Shayton” deb ataydigan “SS-18” raketasi, “Siklon-2” va “Siklon-3” fazo raketalari bor. Shu va boshqa 1960-yillarda ishlab chiqarilgan raketalarda “RD-250” dvigatelidan foydalanilgan.

Ammo Sovuq urush o‘z yakuniga yetib, Sovet Ittifoqi parchalanib ketanidan keyin zavod mahsulotlariga bo‘lgan talab keskin pasaygan.

“Yujmash” rasmiylariga ko‘ra, Sovet Ittifoqi parchalanishi oldidan 40 ming ishchiga ega bo‘lgan zavodda hozir 7 ming odam ishlaydi. “Yujnoe” ishchilari soni esa 1980-yillar oxirida 10 ming bo‘lgan. Hozirda zavodning 5 412 xodimi bor.

"Yujmash" zavodiga har kimni ham kiritavermaydilar.
"Yujmash" zavodiga har kimni ham kiritavermaydilar.

2014 yili Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarni dastaklay boshlaganidan keyin, ikki zavodning Moskva bilan bo‘lgan hamkorligi tugadi. Joriy yil yanvarida zavod direktori Serhiy Voit zavod tushumi 2014 yildan oldingi tushumdan 75 foizga ozayganini ta’kidlagan edi.

Avgust oyida esa The New York Times gazetasi ekspertlarga tayangan holda, Shimoliy Koreya ballistik raketalarni ishlab chiqarish uchun texnologiyalarni “Yujmash” zavodidan sotib olgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar qildi.

Buning ortidan Ukraina rasmiylari mamlakat Shimoliy Koreyaga raketa dvigatellari va boshqa texnologiyalarni sotmagani ta’kidladi. Ozodlikka intervyu bergan “Yujmash” va “Yujnoe” xodimlari ham Shimoliy Koreya ulardan raketa texnologiyasini sotib olganini rad etishdi.

Ozodlik suhbatlashgan mustaqil mutaxassislar ham Shimoliy Koreya “RD-250” raketalari dizayneni qo‘lga kiritib, uni o‘zgartirgani haqidagi xabarlarga ishonmasliklarini ta’kidlashdi.

Bu orada zavod rasmiylari o‘z mahsulotlariga bo‘lgan talab o‘sib borayotgani ta’kidladilar. Ular keyingi yilda o‘z raketalariga bo‘lgan talab 1,5-3 foizga o‘sishini kutmoqdalar.

XS
SM
MD
LG