Линклар

AQShning yana bir yetakchi gazetasi Mirziyoevning islohotlariga razm soldi


AQSh. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT minbarida. 2017, 19 sentabr.

AQSh poytaxtida 1877 yildan buyon chop etiladigan, nafaqat Vashington, balki butun mamlakat bo‘ylab nufuzli sanaladigan The Washington Post gazetasi 30 oktabr e’lon qilgan maqolalaridan birini “O‘zbekiston prezidenti ehtiyotkorlik bilan liberalizatsiya tomon qadam tashlamoqda” degan sarlavha ostida bosdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning liberalizatsiya tomon “anchayin” harakat boshlagani aytilgan maqolada prezidentning 16 siyosiy mahbusni ozod qilgani, so‘z erkinligiga qo‘yilgan cheklovlarni qisman bekor qilgani, fuqarolarni Milliy xavfsizlik xizmatining qora ro‘yxatidan chiqargani, hukumat rasmiylarining fuqarolar oldidagi javobgarligini oshirgani olqishlanadi.

The Washington Post muharrirlari, shuningdek, Human Rights Watch tashkiloti O‘zbekistondagi isnon huquqlari ahvoli haqida o‘tgan oyda e’lon qilgan hisobot xulosalarini tilga olgan.

Maholada Mirziyoevning asl niyati qanday ekanligi muhimligi ta’kidlanadi: prezident chindan erkin jamiyat yaratishga bel bog‘laganmi, yoki shunchaki xorijiy investorlar oldida O‘zbekiston obro‘sini yaxshilamoqchimi?

Maqola mualliflariga ko‘ra, agar prezidentning asl maqsadi Rossiya va Xitoydagi kabi hokimiyatni mahkam egallashgina bo‘lsa, mamlakatda ayni damda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

The Washington Post O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarga qiziqish bildira boshlagan AQShdagi yolg‘iz nashr emas.

The New York Times gazetasi 25 oktabr kuni e’lon qilgan maqola sarlavhasidan ham optimizm ufurib turganini his qilish mumkin edi. “Yaqinlargacha yopiq va repressiv bo‘lgan O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda!” degan sarlavha bilan bosilgan maqola to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Ayni paytda G‘arb matbuotida O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarni tanqidiy nazar bilan tahlil qilishga urinilgan maqolalar ham chiqmoqda.

18 oktabr kuni Britaniyada ingliz tilida chiqadigan The Guardian nashri ham ingliz¸ ham o‘zbek tilida chop etgan maqola "Men qutida yashashni istamayman: Odamlar Toshkent obod bo‘lishi uchun o‘z uyidan ko‘chirilmoqda" deb nomlandi.

Guardian Cities loyihasi doirasida hozirlangan bu maqola O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyul kuni qabul qilgan «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan Tashkent City - Toshkent Siti loyihasining unga ajratilgan hududda yashab kelgan oddiy odamlar hayotiga ta’siriga bag‘ishlangan.

Maqolaning o‘zbek tilidagi to‘liq matnini Ozodlik Guardian Cities tahririyati ruxsati bilan chop etgan ediki, uni mana bu yerda o‘qishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG