Линклар

AQSh matbuoti Nyu-York shahrida yuk avtomobilini piyodalar va velosipedchilarning ustiga qasddan haydab, sakkiz odamni o‘ldirgan va 11 odamni jarohatlagani aytilayotgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov shaxsiga oid ayrim ma’lumotlarni e’lon qildi. Jumladan, The New York Times gazetasi Soipov muqaddam AQSh huquq tartibot idoralari nazariga tushgani haqda yozdi. Nashrga ko‘ra, allaqanday tergov doirasida politsiya u haqda ma’lumot to‘plagan. Lekin huquq-tartibot idoralarini nima qiziqtirgani ma’lum emas.

AQSh matbuoti Sayfullo (Habibillaevich) Soipov 1988 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgani, AQShga 2010 yilda borgani va yashash manzili Florida shtatidagi Tampa shahrida bo‘lgani haqida yozdi.

The New York Times nashriga ko‘ra, AQShdagi yetti yillik hayoti davomida Soipov Amerikaning turli shtatlarida yashagan.

Avvaliga u Florida shtatida yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlagan.

Keyinchalik, 2011 yilda Soipov Sayf Motors Inc. va 2013 yilda Bright Auto LLC deb nomlangan shirkatlarni ochib o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan.

AQShdagi mustaqil Conflict Intelligence Team vakili Ruslan Leviev Facebook sahifasida Soipovning Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi o‘zbeklar bilan aloqasi kuchli bo‘lgani haqda yozdi.

"U terrorchiga o‘xshamasdi..."

Soipovning tanishlaridan biri 37 yoshli Qobiljon Matkarov ismli o‘zbekistonlik muhojir The New York Times muxbiriga u "Amerikadagi hayotidan mamnun" ekani va juda o‘zini "AQShda baxtiyor xis qilgani"ni aytgan.

"U terrorchiga o‘xshamasdi. Hayotidan mamnun edi. Balki uni ichidan bilmagandurman", - deb aytgan Matkarov The New York Times muxbiriga.

Soipov so‘nggi yillarda Nyu Jersi shtatidagi Paterson shahrida yashagan.

U yerda Soipov so‘nggi olti oy davomida Uber shirkati bilan hamkorlikda kirakashlik qilgan. Associated Press xabariga ko‘ra, Soipov bu davri ichida Uber haydovchisi sifatida 1400ta yo‘lovchini manziliga elitgan.

Ikki farzandning otasi

Matbuotda Soipovning AQShdagi oilaviy hayotiga doir ma’lumotlar ham e’lon qilindi.

Reuters xabariga ko‘ra, Soipovning AQShda rafiqasi bor. Nikoh 2013 yil 12 aprelda Ohayo shtatida qayd etilgan.

Soipov rafiqasining ismi Nozima Odilova. U Soipovdan 6 yosh kichkina. Ular nikoh payti Toshkentda tug‘ilganliklarini aytishgan. Er-xotinlarning ikki farzanli ham borligi aytiladi.

Reuters xabariga ko‘ra, AQShda Soipovning kamida ikki marta yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlikda ayblanib, jarimaga tortilganini hisobga olmaganda mahalliy qonunchilik bilan uning muammosi bo‘magan.

Hozirda Soipov yashagan Paterson shahridagi uyni politsiya tintuv qilmoqda.

XS
SM
MD
LG