Линклар

O‘zbek xavfsizlik xizmatlari Nyu-York hujumchisining ota-onasini so‘roq qilmoqda

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Sayfullo Soipovning ota-onasi yashaydigan ko‘cha. Toshkentning Uchtepa tumani

O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari Nyu-York shahrida yuk avtomobilini piyodalar va velosipedchilarning ustiga qasddan haydab, 8 odamni o‘ldirgan va 11 odamni jarohatlagani aytilayotgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovning Toshkentda yashaydigan ota-onasini so‘roq qilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev AQSh prezidenti Donalmd Trampga hamdardlik maktubida hujumni tergov qilishda "barcha kuch va vositalar" bilan ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.​

Ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimi 1 noyabr kuni Soipovning ota-onasi va 17 yashar singlisi so‘roq qilinayotganini bildirdi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan ma’lumotga ko‘ra, Soipovning ota-onasi va singlisi Toshkentning Uchtepa tumanida yashaydi.

Qo‘shnilari Ozodlik bilan suhbatda Soipovning oilasi dindan yiroq ekani va savdogarlik bilan tirikchilik qilishlarini aytdi.

Ozodlikning aniqlashicha, 29 yoshli Sayfullo Soipov 2010 yilda AQShga ketishidan oldin ota-onasi va uch singlisi bilan Toshkentning Shayxontohur tumani Beltepa mahallasida yashagan.

2011 yilda Soipovlar oilasi Beltepadagi uyni sotib, Toshkentning

Uchtepa tumanidagi mahallalardan biriga ko‘chib o‘tgan.

Qo‘shnilarining aytishicha, Sayfullo Soipovning 52 yoshli otasi Habibullo Soipov va 50 yoshli onasi Muqaddas Soipova savdogarlik bilan tirikchilik qiladi.

Ular Toshkentning Bekto‘pi bozorida kiyim-kechak sotish bilan oila tebratishadi.

- Hamma qatori oila. Uncha diniy emas, besh vaqt namoz o‘qimaydi, lekin iqtiqodiy jihatdan o‘ziga to‘q oila, "Jentra" mashinasi bor, mahallada hamma bilan bordi-keldisi bor, katta qizi Xuvaydo mahallasiga turmushga chiqib ketgan, kichik qizi o‘zlari bilan, u kollejda o‘qiydi, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Soipovlar xonadoni qo‘shnilaridan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Sayfullo Soipovning onasi Muqaddas Soipova 2016 yilning dekabridan 2017 yilning fevraliga qadar AQShda bo‘lib qaytgan.

Qo‘shnilarining aytishicha, Muqaddas Soipova AQShda tug‘ilgan nevarasini ko‘rish uchun borgan.

Ozodlik Habibullo Soipov va Muqaddas Soipova bilan bog‘lana olmadi.

Sayfullo Soipov 31 oktabr kuni Nyu-Yorkning Quyi Manxetten qismida sodir etilgan hujum ijrochisi sifatida gumonlanmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkdagi "terakt" yuzasidan AQSh prezidenti Donald Trampga yo‘llagan nomasida hujumni tergov qilishda "barcha kuch va vositalar" bilan ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG