Линклар

Toshkentlik Nodirbek jahonning ikkinchi eng yosh grossmeysteri bo‘ldi


Nodirbek Abdusattorov 8 yoshida bolalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan edi.(Surat 2012 yilda O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi saytidan olingan).

O‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov jahon shaxmat tarixida eng yosh ikkinchi grossmeyster bo‘ldi. 6 yoshida O‘zbekiston chempioniga aylangan 13 yoshdagi Nodirbek rossiyalik va hindistonlik 24-32 yoshli grossmeysterlar ustidan Sankt -Peterburgda o‘tgan xalqaro shaxmat turnirida g‘alaba qozonib, grossmeyster maqomiga ega bo‘ldi. Jahonning eng yosh birinchi grossmeysteri maqomini shu kungacha rossiyalik 27 yoshli Sergey Koryakin saqlab qolmoqda.

Shess.com nashrining 31 oktabr kuni ma’lum qilishicha, Nodirbek Abdusattorov 29 oktabrda Sankt-Peterburgda yakunlangan Chigorin Memoriali xalqaro shaxmat turnirida hindistonlik 24 yoshli grossmeyster Panayappan Setxuraman va rossiyalik 27 yoshli grossmeyster Yevgeniy Levinni mot qildi. Rossiyalik xalqaro darajadagi grossmeysterlar -32 yoshli Artem Timofeev va Yevgeniy Alekseev bilan durang natija ko‘rsatdi.

Musobaqa natijasida 13 yosh 1 oy 11 kunlik Abdusattorov ehtimoliy 9 ochkodan 6,5 ochko to‘plab jahondagi eng yosh ikkinchi grossmeyster maqomiga ega bo‘ldi.

Jahondagi eng yosh birinchi grossmeyster maqomini bugungi kunda 27 yoshga to‘lgan rossiyalik Sergey Koryakin 12 yosh 7 oyligida qo‘lga kiritgan. Mazkur voqea Ginnes rekordlar kitobida qayd etilgan.

Jahondagi eng yosh grossmeysterlar ro‘yxatida Nodirbek Abdusattorovgacha 2-pog‘onani hozirgi kunda 24 yoshda bo‘lgan hindistonlik Parimarjan Negi egallab turgan edi. U 13 yosh 4 oy 22 kunligida grossmeyter bo‘lgan. Nodirbek uning rekordini yangilagani ortidan Parimarjan Negi ro‘yxatning 3-pog‘onasiga tushib qoldi.

Jahondagi eng yosh grossmeysterlar ro‘yxatiga jami 29 odamning ismi kiritilgan. Nodirbek Abdusattorov bu ro‘yxatdan o‘rin olgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi.

1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev yosh shaxmatchiga MacBook Pro noutbugini sovg‘a qilgan edi.

Ozodlik radiosi birinchi marta Nodirbek Abdusattorov to‘g‘risida 2012 yilning 20 noyabrida xabar bergan edi. O‘shanda 8 yoshda bo‘lgan Nodirbek Sloveniyaning Maribor shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 8 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar orasida jahon chempioni bo‘lgani bildirilgan.

Nodirbek 5 yoshida Toshkent shahar chempionligini qo‘lga kiritgan. 6 yoshida esa O‘zbekiston chempioniga aylandi.

6,5 yoshidan boshlab xalqaro miqiyosdagi musobaqalarda ishtirok etishni boshladi. 2011 yilda Filippinda o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida bronza medalini oldi. Shuningdek, 2011 yilning dekabr oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 7 yoshdagi shaxmatchilar orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Osiyo chempioni degan unvonga sazovar bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG