Линклар

Poezdda paxta tergani jo‘natilgan hasharchilar kira qilib uylariga qaytmoqda

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Andijondan poezdda jo‘natilgan hasharchilar o‘zlari kira qilib qaytishga majbur bo‘lyapti

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning buyrug‘i bilan Toshkent, Sirdaryo viloyatlariga poezdda jo‘natilgan minglab hasharchilar, paxtani terib bo‘lgach, o‘z yonlaridan xarajat qilib uyga qaytishga majbur bo‘lyapti. Viloyat hokimligi mahalla raislariga o‘zlari jo‘natgan hasharchilarni o‘zlari pul topib qaytarib olib kelish topshirig‘ini bergan. Mahalla raislari esa, uyma-uy yurib, hasharchilarni olib kelish uchun “ko‘ngildan chiqarib” pul berishni so‘rayapti.

“Eshagi loydan o‘tgan hokim hasharchilarni unutdi”

Andijon viloyat hokimligi bundan ikki hafta avval Toshkent va Sirdaryo viloyatiga paxta terimiga poezdda jo‘natilgan hasharchilarni qaytarib olib kelishni mahalla raislari zimmasiga yukladi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan Andijon shahridagi mahalla raislaridan birining aytishicha, hokimlik “paxtani terib bo‘lgandan so‘ng, yana o‘zimiz sizlarni poezdda tekin olib kelamiz”, degan va’dasini bajarmagan:

“O‘zbeklarda “ishim bitdi, eshagim loydan o‘tdi”, degan maqol bor. Bizlarga hasharchi topib ber, deyishgandi. Topib berdik, o‘zimizning yonimizdan pul to‘lab ularni poezdga solib paxtaga jo‘natdik. Endi, esa ularni olib kelish ham bizning bo‘ynimizga qo‘yilibdi. Boshqa nima ham qilardik, faollarimizni mahallaga chiqardik, odamlarimiz ko‘nglidan chiqarib pul beryapti. Mashinasi borlarga iltimos qilib, gaz va benzin pulini berib, o‘sha bechoralarni olib keling, deb jo‘natyapmiz”, deydi mahalla raisi.

“O‘n besh kun katorga sharoitida paxta terdik”

Toshkent viloyatining Pskent tumanida paxta tergan andijonlik hasharchilardan birining aytishicha, ular hech qachon bunday og‘ir sharoitda paxta termagan:

“Poezddan tushganimizdan so‘ng Pskent tumaniga olib kelishdi. Birinchi ko‘rganimiz fermerning solingan qovog‘i bo‘ldi. “Senlarga ko‘zim uchib turgani yo‘q, edi. Nega keldilaring, menga ortiqcha tashvish bo‘ldi”, dedi. Yotar joyimizdan 5-6 kilometr yo‘l bosib, piyoda paxta maydoniga borib kelardik. Oziq-ovqatning ham mazasi yo‘q. Shuncha kun tergan paxtamizning pulini ham berishmadi, shtabdagilarning o‘zlari hal qivordi, shekilli. O‘n besh kunda qorayib, kir bosib, charchab, kasal bo‘lib uyimizga kirib keldik. Yaxshiyam mahalladan mashina kelib olib ketdi, bo‘lmasa poezd kutib yotaverar ekanmiz”, deydi hasharchilardan biri.

“Yo‘lda pasporting yo‘q deb, ancha sarson qilishdi”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir andijonlik hasharchi Angren shahridan chiqishdagi militsiya postida ularni uch soat ushlab qolishganini aytdi:

Paxtadan qutulganimizga shukr qilib, 31 oktabr kuni taksi kira qilib mashinada qaytayotgandik. Angrendan chiqish postida militsiya xodimlari pasport so‘radi. Bizni poezdga chiqarishganda hech kim pasportingni ol deb aytmagan. To‘rtalamiz ham pasportsiz edik. Mashinadan tushirib olib, rosa savol-so‘roq qilishdi. “Axir biz prezidentni topshirig‘i bilan paxtaga yuborilgan hasharchilarmiz, mana ust-boshimizga, qorayib ketgan qo‘llarimizga qarang”, desak ham unamasdan rosa qiynadi. Zo‘rg‘a uch soatdan keyin qo‘yib yuborishdi”, dedi hasharchi.

“Odamlar hali ham poezdni kutyapti”

Baliqchi tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, hasharga ketgan mahalladoshlar ularni olib ketish uchun transport yuborishni so‘ragan:

“Baliqchi tumanida mahalla raislariga paxtaga odam yig‘ib berish topshirilgandi. Terimchilarni poezdda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga yuborishdi. Menga paxta terishga ketganlar qo‘ng‘irok qilishdi. Uyga qaytish muammo bo‘layotgan ekan. Ba’zilar o‘z hisobidan mashina yollab qaytishiyapti. Ko‘plari raxbarlar va’da qilgan poezdni kutib yotishibdi ekan”, dedi mahalla faoli.

Ozodlik hasharchilarning qaytishi nega o‘z holiga tashlab qo‘yilganiga munosabat olish maqsadida Andijon viloyati hokimligi bilan bog‘landi.

O‘zini tanishtirmagan mulozim, bu haqdagi tafsilotlar va savolimizni eshitib bo‘lgandan so‘ng, indamay aloqani uzib qo‘ydi.

Andijon viloyatidan o‘qituvchi va shifokorlar doxil o‘n mingdan ziyod odam maxsus poezdlarda o‘tgan oyning 7 oktabridan boshlab Toshkent viloyatining To‘ytepa, Bo‘ka, Chinoz tumanlariga paxta terimiga safarbar etilgan edi. Terimchilar so‘nggi besh kun davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining poezdlarida Toshkent viloyatiga tashilgan.

Bundan avval Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridan ham o‘n minglab hasharchilar poezdlarda paxta terimiga safarbar etilgan edi.

XS
SM
MD
LG